
Foto: ANADOLU AGENCY
24 aprel holatiga ko‘ra Turkiyada koronavirusga chalinganlar soni 100 mingdan oshdi, vafot etganlar soni 2491 nafarni tashkil qilmoqda, 18 mingdan ortiq kishi sog‘aygan.
Mamlakat ushbu ko‘rsatkichlar bilan allaqachon Xitoy va Eronni ortda qoldirgan va endilikda dunyo koronavirus reyting jadvalida kasallanish holatlari soni 100 minglik nuqtadan o‘tgan yettinchi davlatga aylangan. Shu bilan birgalikda, Turkiya ushbu yettilikdagi o‘limlar soni eng kam bo‘lgan davlatdir. Shuningdek, Turkiyadan quyida joylashgan Eron, Xitoy, Braziliya, Belgiya va Niderlandiyada ham o‘limlar soni Turkiyadagidan ko‘proq. Kanada va Shvetsiyada ham 2 mingdan ortiq o‘lim holatlari qayd etilgan.
Epidemiyaning keng miqyosiga qaramay, Turkiya hukumati hozircha universal karantin joriy etganicha yo‘q. Xorij nashrlari bu holatni iqtisodiyotning qulash xavfi mavjudligi bilan izohlamoqda.

Odatda odamlar bilan gavjum bo‘ladigan Istanbul portida chaykalar hukmronlik qilmoqda / GETTY IMAGES
Qayd etib o‘tish joizki, turklar fevral oyi oxirida qo‘shni Eronda epidemiya boshlanishi ortidan pandemiyaning dahshatli haqiqatini his qila boshlashgandi. Tez orada ushbu davlat bilan aloqalar to‘xtatildi. 11 mart kuni Turkiyada koronavirus infeksiyasi aniqlandi, 15 mart kuni mamlakatda virus bilan bog‘liq ilk o‘lim holati qayd etildi.
Sog‘liqni salqash vaziri Faxriddin Xo‘ja dastlabki bayonotlaridan birida «Koronavirus Turkiya tomonidan ko‘rilayotgan choralarni yengib o‘tishga qodir emas»ligi haqida aytgandi. Ammo ko‘p o‘tmay, 23 mart kuni televideniye orqali murojaatida u epidemiya butun mamlakat bo‘ylab tarqalib ketganini tan oldi va kerakli tadbirlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
Hukumat epidemiya tarqalishining oldini olish uchun dastlab 65 yoshdan oshgan odamlarning ko‘chaga chiqishini taqiqladi. Keyinchalik 20 yoshgacha bo‘lgan bolalar va o‘smirlarga ham ushbu taqiq qo‘llandi. 11-12 aprel kunlari komendantlik soati joriy etildi, bu 2000 yilda aholi ro‘yxatga olinganidan buyon joriy etilgan ilk holat bo‘ldi.

Bo‘shab qolgan Anqara / GETTY IMAGES
Ushbu kutilmagan va noodatiy chora mamlakatda tartibsizlik va siyosiy dramani keltirib chiqardi. Odamlar o‘zlarini yoqilg‘i quyish shoxobchalari va oziq-ovqat do‘konlariga urishdi. Uzundan uzun navbatlar paydo bo‘ldi. Ijtimoiy masofa haqida unutildi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Istanbulda karantin e’lon qilingan o‘sha kuni kamida 270 ming kishi o‘z uylaridan tashqariga chiqqan. Bu esa o‘z navbatida hukumatga yo‘nalgan tanqidlarning avj olishiga sabab bo‘ldi.
Shundan so‘ng ichki ishlar vaziri Sulaymon Soylu bildirilgan tanqidlarga javoban ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali iste’fo berganini e’lon qildi. Prezident Erdo‘g‘an mamlakat hayotidagi bir necha og‘ir vaziyatlarda Sulaymon Soyluning munosib xizmat ko‘rsatganini e’tirof etib, uning iste’fosini qabul qilmadi.

O‘nlab shaharlarda karantin joriy etilgan / ANADOLU AGENCY
Ayni paytda Istanbulda ijtimoiy xizmatlar faoliyat olib bormoqda. Shahar ma’murlari va xayriya tashkilotlari kam ta’minlanganlarga yordam berishmoqda. Ammo markaziy va mahalliy hokimiyat o‘rtasidagi raqobat ham ko‘zga tashlanmoqda. Anqara va Istanbul shahar hokimliklarining xabar berishicha, koronavirusga qarshi kurashish uchun mablag‘ yig‘gani sababli ularga Ichki ishlar vazirligi tergov boshlagan va hokimliklarning bankda ochilgan hisob raqamlari yopib qo‘yilgan. Sabab sifatida esa ularning vazirlik bilan kelishmagani aytilmoqda.
Istanbul shahri meri Ikrom Imomo‘g‘lining so‘zlariga ko‘ra, shahar hokimiyati 900 ming lira (taxminan 130 ming dollar) to‘plagan. Ammo mamlakat prezidenti ikkala shahar rahbariyatini davlat ichida davlat tuzishga urinishda ayblagan.
Ta’kidlash joizki, ikki hokim ham muxolifatdagi Jumhuriyat Xalq partiyasining a’zolaridir. Ular ayni paytda prezidentdan olimlar va shifokorlar tavsiyalariga tayanib, o‘z shaharlarida doimiy karantin o‘rnatilishini talab qilishmoqda.
Huquq himoyachilarining ta’kidlashicha, keyingi paytlarda senzura kuchaygan: jurnalistlar tanqidiy maqolalar uchun hibsga olingan va deputatlar ijtimoiy media ustidan nazoratni yangi bosqichga ko‘tarishni istashmoqda.
Turkiya Ichki ishlar vazirligida ijtimoiy tarmoqlarni kuzatuvchi guruhlar mavjudligi aytilmoqda. «So‘nggi bir oy ichida politsiya koronavirus mavzusida 3,5 mingdan ortiq «provokatsion» holatlarni aniqlagan va bular asosida 616ta jinoiy ish ochgan. 229 kishi, jumladan, bir nechta jurnalist hibsga olingan», deydi Istanbul Bilgi universiteti huquq professori Yaman Akdeniz.
Mamlakatda 23-26 aprel kunlari o‘ttizta shahar va Zonguldakni qamrab oluvchi kommendantlik soatlari joriy etilishi e’lon qilingan.
KoronavirusTurkiyaIstanbulEpidemiya TarqalishiIjtimoiy MasofaHukumat Chora-tadbirlari O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar