
Portugaliyada 9 yoshli braziliyalik bola maktabdagi shafqatsiz bezorilik qurboniga aylandi. Euronews xabariga ko‘ra, sinfdoshlari uni hojatxonada qamab, ikkita barmoq uchini uzib tashlagan. Bolaning onasi Niviya Estevam aytishicha, o‘g‘li ko‘p qon yo‘qotgan holda eshik ostidan emaklab chiqishga majbur bo‘lgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu hodisadan oldin ham o‘g‘li tepish, bo‘g‘ish va sochidan tortish kabi zo‘ravonliklarga duch kelgan. Jarohatdan keyin u Portodagi San-Juau shifoxonasida uch soatlik operatsiyadan o‘tgan va hozirda kuchli og‘riq qoldiruvchi hamda antibiotiklar qabul qilmoqda. Bolada og‘ir ruhiy zarba ham kuzatilmoqda — har kecha o‘sha vaziyatni eslab yig‘lab chiqadi.
Ishni olib borayotgan advokatlar hujumda ksenofobiya omillari bo‘lgan-bo‘lmaganini ham tekshirmoqda. Ular maktabni bolani himoya qila olmaganlikda ham, hodisa joyini mutaxassislar kelishidan oldin tozalashda ham ayblamoqda.
Psixologlar ta’kidlashicha, Portugaliya maktablarida zo‘ravonlik soni oxirgi yillarda keskin oshgan: 2020–2021 o‘quv yilidagi 4 620 ta holat, 2024–2025-yillarda 7 804 taga yetgan. Bu esa muammo jiddiy ko‘lamga chiqqanini ko‘rsatadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.