
Foto: Reuters
AQSHda koronavirusdan vafot etganlar soni 50 mingdan oshib ketdi, mamlakatda virusdan zararlanish holatlari soni 900 mingdan oshgan. Qo‘shma Shtatlar dunyoda eng ko‘p qurbon bergan davlat, ammo bu davlat aholisi ham (330 million kishi) Yevropada koronavirusdan eng ko‘p jabrlangan Italiya va Ispaniya aholisidan sezilarli darajada ko‘pdir.
Bugun Donald Tramp koronavirusni nur va dezinfeksiya vositalari bilan davolashni taklif qilib, amerikalik shifokorlar g‘azabini qo‘zitdi. Dunyodagi musulmonlar Ramazon oyini karantin sharoitida boshlashdi, Shvetsiyadagi olimlar esa o‘lim holatlari o‘sa boshlagach, mamlakatning bosh epidemiologi iste’fosini talab qilishmoqda.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoda Covid-19’dan zararlanish holatlari soni 2,8 milliondan oshdi, 196 mingga yaqin kishi vafot etdi, 778,3 mingdan ortiq kishi tuzaldi. BBC koronavirus pandemiyasi to‘g‘risidagi so‘nggi yangiliklarni keltiradi.
AQSHdagi tibbiyotchilar Donald Trampning koronavirus infeksiyasini davolash bo‘yicha maslahatlarini xavfli deb atashmoqda. Oq uydagi har kungi brifing vaqtida AQSH prezidenti Covid-19 bilan kasallangan bemorlarga dezinfeksiyalash vositalari bilan ukollar qilish, shuningdek, bemorlarni issiq kunlarda quyosh nuri orqali davolash imkoniyatlarini ko‘rib chiqishni taklif qilgan. Trampning so‘zlariga ko‘ra, tadqiqotlar, oddiy xlor 5 daqiqa ichida virusni yo‘q qilishi mumkinligini ko‘rsatgan.
Shundan so‘ng ko‘plab shifokorlar ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari va OAV orqali amerikaliklarni Trampga quloq solmaslikka chaqirib, uning quyosh va dezinfeksiyalash vositalari bilan davolanish haqidagi takliflari mantiqqa to‘g‘ri kelmasligi, quyosh nurida davolanishga urinish kuyish, teri saratoni yoki boshqa salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligi haqida ogohlantirishdi. Bu tanqidlarga javoban Oq uy vakili jurnalistlar Trampning so‘zlarini kontekstdan yulib olib xabar tayyorlashganini aytib, davlat rahbari o‘z chiqishlarida hamisha shifokorlarning tavsiyalariga amal qilishga chaqirib kelayotganini ta’kidladi.
Bu vaqtda AQSH prezidentligi uchun demokratlar partiyasi nomzodi Jo Bayden Donald Tramp pandemiyadan foydalanib, noyabr oyidagi prezidentlik saylovlarini qoldirishga urinishi mumkinligi haqida gapirdi.
Rossiyada so‘nggi bir kunda yana 5 849 kishida koronavirusdan zararlanish holati tasdiqlandi, bu esa bir kun avvalgidan qariyb mingtaga ko‘pdir. Epidemiya Rossiyaning o‘nlab regionlarini qamragan, eng og‘ir vaziyat Moskvada kuzatilmoqda.
Ayni vaqtda Rossiyada umumiy zararlanish holatlari soni 68 622taga yetgan, bemorlarning 615 nafari vafot etgan.
Britaniyada ommaviy test qilish kechikmoqda
Britaniyada juma kuni hukumat yangi saytni ishga tushirdi, u orqali muhim sohalar ishchilari va ularning oila a’zolari koronavirusga test uchun murojaat qilishi mumkin. Ayni vaqtda mamlakatda eng muhim sohalar tarkibiga Milliy sog‘liqni saqlash tizimi (NHS) va barcha shoshilinch xizmatlar kiradi, bu sohalarda ishlovchilarning umumiy soni 10 mln atrofida.

Britaniyada kunlik test o‘tkazish hajmini 100 mingtaga chiqarish maqsad qilingan GETTY IMAGES
Buyuk Britaniya hukumati aprel oyi oxirigacha kunlik testlar sonini 100 mingtaga chiqarishni mo‘ljallagan. Lekin ayni vaqtda bu ehtimoldan yiroq ko‘rinmoqda, har kuni 20 mingga yaqin kishi test qilinmoqda. Ammo shu kunlarda Boris Jonson o‘rniga hukumatni boshqarib turgan Tashqi ishlar vaziri Dominik Raab hukumat bu maqsadga erishish uchun bor kuchini yo‘naltirishini ma’lum qildi.
Juma kungi ma’lumotlarga ko‘ra, Britaniyada Covid-19dan zararlanish holatlari soni 144,6 mingdan oshgan, 19559 kishi vafot etgan.
Yevropada yana nimalar bo‘lmoqda?
Irlandiya hukumati mamlakatda koronavirus qurbonlarining 50 foizidan ortig‘i - qariyalar uylarida yashovchilar bo‘lgani munosabati bilan tashvishga tushmoqda . Epidemiya boshlanganidan buyon Irlandiyada Covid-19 tashxisi qo‘yilgan 1014 kishi vafot etdi va ularning yarmidan ko‘p qismi maxsus muassasalar qaramog‘ida bo‘lishgan. Hukumat bu muassasalarda izolyatsiya va gigiyena choralariga nechog‘liq amal qilinganini tekshirmoqchi.
YEI davlatlari yetakchilari koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash uchun umumiy jamg‘armasi 1 trillion yevrodan iborat bo‘ladigan fond tuzishga kelishishdi. Shundan 540 mlrd yevro 1 iyun kunidan eng ko‘p jabr ko‘rganlar (ishini yo‘qotganlar, inqirozga uchragan bizneslar va boshqalar) uchun taqsimlanishi boshlanadi, qolgan qismi esa keyinroq YEIning virus tufayli og‘ir ahvolda qolgan a’zolari uchun sarflanishi rejalashtirilgan. Yevropa Ittifoqi rahbarlari 6 may kuni navbatdagi sammitda ushbu reja tafsilotlarini muhokama qilishadi.
Shvetsiyaning bosh epidemiologi Anders Tegnell mamlakatda qat’iy karantin choralari joriy etmaslikka qaror qilgan hukumat yonini olib chiqdi. So‘nggi vaqtlarda hukumatning bu qarori keskin tanqidlarga uchramoqda, Shvetsiya Skandinaviyada koronavirusdan zararlanish va o‘lim ko‘rsatkichlari bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich qayd etmoqda. Mamlakatda shu vaqtgacha 17 567 kishida Covid-19 aniqlangan, 2 152 bemor vafot etgan. Taqqoslash uchun - Norvegiyada 7444 holat va 199 o‘lim, Daniyada - 8210 holat va 402 o‘lim, Finlyandiyada - 4395 holat va 177 o‘lim qayd etilgan.

Yevropada pandemiya avjiga chiqqanida Shvetsiya aholisi kafelar va xiyobonlarda o‘tirardi GETTY IMAGES
Ammo Tegnell shvedlarning statistikasini qo‘rqinchli deb bilmayapti va karantin e’lon qilmaslikdan maqsad sog‘liqni saqlash tizimiga keragidan ortiq yuk tushirmaslik bo‘lganini aytmoqda. Bundan tashqari, uning fikricha, «poda immuniteti» hosil qilish orqali, mamlakat Covid-19 epidemiyasining ehtimoliy ikkinchi to‘lqiniga yaxshi tayyor bo‘ladi. Shvetsiyadagi yetakchi mutaxassislar Tegnellning iste’fosini talab qilishmoqda.
Chexiyada bugundan mamlakat bo‘ylab erkin harakatlanishga qo‘yilgan taqiq bekor qilindi. Chexlar 24 aprel kunidan uydan istagan vaqti chiqishi mumkin bo‘ladi. Hatto jamoat joylarida o‘n kishigacha bo‘lgan guruhlar to‘planishiga to‘sqinlik qilinmaydi (bundan avval faqat 2 kishi to‘planishi mumkin bo‘lgan). Shu bilan birgalikda, jamoat joylarida tibbiy niqobda yurish va ijtimoiy masofa tartibiga rioya etish hamon majburiy bo‘lib qolmoqda.
Hukumat o‘z fuqarolariga 24 apreldan chet elga chiqishga (arzirli sabab bilan), shu jumladan boshqa mamlakatlarga dam olish uchun borishga ruxsat berdi. Shuningdek, Chexiyadagi ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan xorijlik talabalarga, xizmat safari bilan keluvchi tadbirkorlarga mamlakatga kirishga ruxsat beriladi.
Chexiya va chet el fuqarolari mamlakatga kirayotganda koronavirusga test salbiy chiqqanini ko‘rsatuvchi tahlilni taqdim etishi yoki 14 kun karantinda o‘tirishi kerak. Bunda taqdim etilayotgan test topshirilganiga 4 kundan oshmagan bo‘lishi lozim.
Mamlakatda 16 mart kuni qat’iy karantin joriy etilgandi.
Karantindagi Ramazon

Juma kuni butun dunyodagi musulmonlar uchun muqaddas Ramazon oyi boshlandi. Hozirda deyarli butun arab dunyosida va boshqa musulmon davlatlarda karantin e’lon qilingan yoki ommaviy yig‘ilishlarga qat’iy cheklovlar o‘rnatilgan. Bu davlatlar hukumatlari aholidan ibodatni uyda qilishni so‘ramoqda. Ammo ayrim davlatlar, xususan, Misr, Suriya va BAA cheklovlarni yumshatishga qaror qilgan - bu davlatlarda do‘konlar ochilgan, odamlar ko‘chada istagancha vaqt o‘tkazishi mumkin.
Avvalroq Pokistondagi ulamolar o‘z tashabbuslari bilan masjidlarni jamoaviy ibodat uchun ochishlari, bunda barcha sanitar qoidalarga rioya etishlari haqida ma’lum qilishgandi.
Indoneziyada ham ko‘plab masjidlar ochilgan, faqatgina ayrim cheklovlar amal qiladi. Masjidlarga keluvchilarning aksari yuziga tibbiy niqob taqqan.
Jahondagi vaziyat
Mart oyi o‘rtalaridan buyon birinchi marta Janubiy Koreyada koronavirusdan kunlik o‘lim holati qayd etilmadi. So‘nggi 24 soatda mamlakatda jami 6ta yangi zararlanish holati qayd etildi. Epidemiya boshlanganidan buyon mamlakatda jami zararlanish holatlari soni 10 708taga yetgan, 240 bemor vafot etgan.
Filippin prezidenti Rodrigo Duterte Luson arixipelagida va mamlakatdagi yirik shaharlarda karantin yana ikki haftaga uzaytirilishini ma’lum qildi. Avvalroq joriy etilgan karantin muddati bugun tugashi kerak edi.
Venesueladagi bir necha shtatlarda karantinga qarshi namoyishlar boshlandi. Yuzlab kishilar ko‘chalarga chiqqan, odamlar oziq-ovqat va benzin tanqisligidan norozilik bildirishmoqda. Bolivar shtatida olomon supermarketga bostirib kirgan, politsiya bilan to‘qnashuv davomida bir kishi halok bo‘lib, yana bir necha kishi jarohatlangan.

Ko‘plab venesuelaliklar oziq-ovqat va dori-darmon izlab qo‘shni davlatlarga yo‘l olmoqda AFP
Juma kuni Tojikiston poytaxti Dushanbeda pnevmoniyadan 4 kishi vafot etdi. Bu ma’lumotni bemorlar yotqizilgan shifoxona bosh shifokori tasdiqladi. Marhumlarning barchasi - 60 yoshdan katta erkaklar bo‘lgan. Bosh shifokorning so‘zlariga ko‘ra, ular koronavirus uchun test topshirishgan, ammo natijalar salbiy chiqqandi. Tojikistondagi mediasidagi manba ma’lum qilishicha, ayni vaqtda ushbu shifoxonada pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan 100ga yaqin bemor bor, ulardan uch nafari og‘ir ahvolda.
Tojikiston hukumati mamlakat hududida koronavirus qayd etilmaganini ta’kidlashda davom etmoqda, nafas olish yo‘llarida muammolar paydo bo‘lgan bemorlar soni ortishi esa noqulay ob-havo bilan izohlanmoqda.
AQSHKoronavirusDonald TrampBritaniyaYevropaRamazonShvetsiyaChexiya O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar