13:25 / 06.05.2020
2 589

Koronavirusdan o‘layotgan bemorning to‘yini tashkillashtirgan hamshira hikoyasi

Koronavirusdan o‘layotgan bemorning to‘yini tashkillashtirgan hamshira hikoyasi
Sofi Brayant Maylz
Foto: Hi-Tech.Mail.ru

20 aprel kuni yosh hamshira Sofi Brayant Maylz Angliyaning G‘arbiy Yorkshir grafligidagi Bredford shahri kasalxonasidagi ilk tungi navbatchiligiga keldi, deb yozadi Hi-Tech.Mail.ru'ga tayanib Daryo nashri.

Hamkasbidan ishni qabul qilib olayotganida u bo‘limda sog‘lig‘ida muammolari bo‘lgan, buning ustiga koronavirus yuqtirganligi taxmin qilinayotgan yigit borligidan xabar topdi. Unga bemorning ahvoli og‘irligi, uning yashab qolishi dargumon ekanligini aytishdi.

Sofi bemorning yonida maxsus himoya kiyimi, niqob, qo‘lqop, shaffof ko‘zoynak taqqan ayolni ko‘rdi. Ma’lum bo‘lishicha u bemorning qallig‘i ekan. Ularning tanishganiga 15 yil bo‘lgan, qiz farzandli bo‘lishgan, biroq to‘y qilishni doim kechiktirib kelishayotgan edi. Ba’zan pul, ba’zan vaqt yo‘qligi to‘yning surilishiga sabab bo‘lgan.

Bu qalblarni larzaga soladigan vaziyat edi. Shu sababli Sofi kasalxona ruhoniysi Jo Filderni chaqirib, juftlikning to‘yini o‘tkazish haqida so‘radi.

Ruhoniy to‘yning tantanali qismini o‘tkazib berishi mumkinligini, biroq bu nikoh qonuniy kuchga ega bo‘lmasligini aytdi. Shuningdek, juftlik bir-biriga o‘lim ularni ayirmagunicha birga bo‘lishlari haqida qasam ichishi, bir so‘z bilan aytganda, cherkovda o‘tadigan nikoh qanday bo‘lsa, shifoxonada shunday sharoit yaratib berishi mumkinligini aytgan.

Jo juftlikka qog‘ozdan nikoh uzuklari yasab berdi, shuningdek, FaceTime orqali ularning qiziga qo‘ng‘iroq qilib, ota-onasining to‘yida ishtirok etishga chaqirdi.

Bu o‘ta ta’sirli marosim bo‘ldi. Jo nikohlanayotganlarning ismi tushirilgan hamda duo so‘zlari yozilgan taklifnoma tayyorlatdi. Hamma qatori kelin ham himoya kiyimida bo‘lishi kerakligini yaxshi tushunardi. Kuyovning yuzida esa niqob bor edi. Bularga qaramay, juftlik nikohlanayotganidan juda xursand edi.

«Keyin biz kichik fotosessiya o‘tkazdik, chunki juftlik shuni xohlayotgan edi. Biz to‘yni iloji boricha haqiqiy qilishga urindik. Hatto tort ham bor edi. Ayol erining bir necha soatlik umri qolganini bilardi. Ular so‘nggi marta nimanidir birga qilayotganini his etardi. Bu ularning birgalikdagi so‘nggi xotirasi edi. Biz hammamiz yig‘lardik», — deydi Sofi.

Foto: Hi-Tech.Mail.ru

Ruhoniy hikoyasi
Tibbiy ko‘rsatmalar bo‘yicha, u tunda vafot etishi kerak edi. Shuning uchun men nikohning imkon qadar cherkovdagi marosimdan farq qilmasligiga intildim.

Bemor bor kuchi bilan gapirishga harakat qilardi, ba’zan bu nafas olishdagi muammolar tufayli juda qiyin kechardi. Uning rafiqasi ham juda harakat qildi, biroq ko‘z yoshlarini tiya olmasdi. Bizni onlayn kuzatayotgan oilaning boshqa a’zolari bir yig‘lab, bir kulardi.

Jarayon himoya kostyumlarida o‘tkazildi. Bemor hayotidagi eng muhim so‘zlarni aytib, jon berdi. Uning rafiqasi ham so‘nggi daqiqalarda erining yonida bo‘lishi haqida qasam ichish imkoni berilganidan mamnun bo‘ldi.

«Insonlar har qanday damda ham o‘zini munosib his etishi uchun barcha imkoniyatni yaratishni istaydi. Men ikki insonga bir-biriga bo‘lgan muhabbatini mustahkamlashga ko‘maklashganimdan mamnunman», — deydi Jo.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Koronavirusdan o‘layotgan bemorning to‘yini tashkillashtirgan hamshira hikoyasi