15:54 / 16.05.2020
2 879

JSST koronavirusning bolalar uchun xavfli oqibatidan ogohlantirdi

JSST koronavirusning bolalar uchun xavfli oqibatidan ogohlantirdi
Dunyoning turli burchagidagi shifokorlar SARS-CoV-2 virusi tarqalishi oqibatida hali to‘liq o‘rganilmagan Kavasaki sindromiga chalinayotgan bolalar sonining o‘sishi kuzatilayotganidan xabar berishdi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) rahbari Tedros Adanom Gebreyesus barcha mamlakatlardagi shifokorlardan koronavirus yuqtirib olgan bolalarda Kavasaki sindromi (multisistemali yallig‘lanish sindromi) alomatlari paydo bo‘layotganiga alohida e’tibor qaratishni so‘radi.

«So‘nggi paytlarda Yevropa va Shimoliy Amerikadan kelayotgan xabarlarda intensiv terapiya bo‘limlariga multisistemali yallig‘lanish holatiga tushib qolgan, Kavasaki sindromiga va zaxarli shok sindromiga o‘xshash alomatlarga ega bolalar yotqizilayotgani aytilmoqda», — dedi Gebreyesus.

Dastlabki ma’lumotlarga qaraganda, bu sindromning rivojlanishi aynan koronavirus bilan zararlanish oqibatida yuzaga kelgan bo‘lishi mumkin.

«Bu klinik sindromni zudlik bilan sinchiklab o‘rganish, uning kelib chiqish sabablarini tushunish va davolanish yo‘llariga ta’rif berish lozim... Butun dunyo shifokorlarini bolalardagi bu xavfli sindromdan ogoh bo‘lishga, hukumat vakillari va JSST bilan hamkorlik qilishga chaqiraman», dedi JSST rahbari.

Gebreyesusning so‘zlariga ko‘ra, JSST bu sindromning dastlabki ta’riflarini va u aniqlangan holatlarda to‘ldiriladigan hisobot shaklini ishlab chiqdi.

Kavasaki sindromiga birinchi marta 1967 yilda yaponiyalik pediatr Tomisaku Kavasaki tomonidan ta’rif berilgan. Odatda u 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarni zararlaydi. Bu sindrom oqibatida bemorda qon tomirlari yallig‘lanishi (vaskulit) va bezgak boshlanadi. Ba’zan anevrizma, tromb va bolaning o‘limiga olib keladi. Hozircha bu kasallikni davolashning samarali usullari yo‘q. Bunda shifokorlar asosan simptomlarga qarshi davolash usulidan foydalanishmoqda.

Koronavirus bilan kasallangan bolalarda Kavasaki sindromiga o‘xshash alomatlar paydo bo‘layotgani haqidagi xabarlar dastlab aprel oyining oxiri, may oyining boshida paydo bo‘ldi. Xususan, 27 aprel kuni Buyuk Britaniya sog‘liqni saqlash vaziri Mett Henkok, 5 may kuni Nyu-York ma’muriyati bu haqda xabar berishdi.

13 may kuni The Lancet tibbiyot nashri Italiyaning koronavirus o‘chog‘iga aylangan Bergamo viloyatida Kavasaki sindromi bilan xastalangan bemorlar soni keskin oshgani haqida yozdi.

«SARS-CoV-2 epidemiyasi Kavasaki kasalligi og‘ir shakllarining tarqalishiga olib keldi. Epidemiya avj olgan boshqa mamlakatlarda ham uning xuruj qilishi kutilmoqda», — deyiladi tadqiqot xulosalarida.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » JSST koronavirusning bolalar uchun xavfli oqibatidan ogohlantirdi