
Agar barcha arablar g‘oyib bo‘lishsa nima bo‘lar edi? Erta bilan dunyo uyg‘onsa-yu, arablar yo‘q bo‘lib qolsa? Maqolaning muallifi, livanlik olim Akram Atalla afsus bilan, dunyoda hech narsa o‘zgarmasligini taxmin qilmoqda. Oxir-oqibat, boshqa millatlar arablarning bir-birini o‘ldirishdan boshqa ishi yo‘q, deb o‘ylashadi. Nahotki ulardan dunyoga biron bir foyda bo‘lmasa?! Quyida mazkur maqolani ixtiyoringizga havola etamiz. Arablar duch kelgan muammolarning ayrimlari afsuski, bizda ham uchrab turadi.
To‘satdan barcha arablar yo‘q bo‘lib qolsami? Agar dunyo to‘satdan uyg‘onib, biz yo‘qligimizni bilsa nima bo‘ladi? Insoniyat bu holatda nimanidir yo‘qotishidan xavotirga tushishi mumkin emas: Internet, yo‘ldoshlar va avtomobil zavodlari xuddi avvalgidek ishlayveradi, fond birjasi qulamaydi, dunyoda hech kim dori-darmonlarni, tibbiy jihozlarni, operatsion xonalarni va hatto qurol-aslahalarni yo‘qotmaydi. Biz dunyoga hech qanday foyda keltirmaymiz. Dunyo bizdan bir-birimizni qanday o‘ldirishimiz haqidagi suhbatlar va yangiliklardan tashqari hech narsa olmaydi.
Fransuz ayol balkonda paydo bo‘lib, qo‘shniga barcha arablar g‘oyib bo‘lganini aytadi va u bunga javoban: "Siz kechayu kunduz bir-biringizni o‘ldiradiganlar to‘g‘risida gapiryapsizmi?" – deydi.
Ehtimol kimdir mening so‘zlarimni mubolag‘a deb bilar. O‘sha odam bo‘layotgan voqealarni qora rangga bo‘yab ko‘rsatayotganimni ham aytar... Biroq Vatanidan tashqaridagi biron bir poytaxtda Liviyadan Iroqqa Misr, Suriya va Yaman orqali oqib kelayotgan qonli daryoni tomosha qilayotganda, ular orasidagi xalqlarning ikki qismga bo‘lingani: biri qattiq ochlikdan, ikkinchisi qorni to‘qligidan azob chekayotgani hamda ularning ikkalasi ham qolgan insoniyat hisobiga yashayotganligini ko‘rish mumkin.
Agar biz yo‘q bo‘lib ketsak, yapon va yevropalik hayotida hech narsa o‘zgarmaydi. Xuddi shu narsani odatiy hayot tarzini davom ettiradigan malayziyaliklar, turklar yoki amerikaliklar haqida ham aytish mumkin. Biz ilmiy, sanoat, boshqa moddiy va nomoddiy ishlab chiqarishda qatnashmaymiz, kashfiyotlar qilmaymiz. Biz faqatgina insoniyatning qolgan qismi ishlab chiqargan tovarlardan, uniyam zararli va noto‘g‘ri tarzda foydalanamiz. Biz o‘z egalariga milliardlab daromad keltiradigan qurol ishlab chiqaradigan zavodlarni chindan ham sog‘inamiz, chunki biz ularning ko‘pgina mahsulotlarini iste’molchisimiz. Biz har kuni qotillik va qirg‘in uchun qurol ishlatganimiz sababli, yirik bitimlar tuzishni to‘xtatmaymiz.
Ular dunyodagi hamma narsani ishlab chiqaradilar, biz esa dunyodagi hamma narsani iste’mol qilamiz. Biz ularga qayta-qayta talqin qilinadigan va adovatu nafratni qo‘zg‘atadigan so‘zlar berishimiz mumkin. Har bir arabning boshqa arablar bilan muammosi bor va ular o‘rtasidagi nizolar azaldan to‘xtamagan: davlatlar bir-biridan nafratlanishadi, qabilalar bir-biriga qarshi fitna uyushtirishadi, son-sanoqsiz qurolli guruhlar bir-biri bilan jang qilishadi. Qurol egasi bo‘lgan har kim albatta jang maydoniga boradi. Arab ummati ichidagi yagona muvaffaqiyatli odamlar bu Isroil bilan jang qilayotgan falastinliklar edi, ammo ular oxir-oqibat umumiy kayfiyatga berilib, bir-birlari bilan kurashishni boshladilar.
Biz barcha sohalar bo‘yicha ro‘yxatning oxirida turibmiz: bizda davolanish uchun dunyoning turli burchaklaridan kelgan kasalxonalar yo‘q, Shanxay reytingiga muvofiq 400 ta eng yaxshi oliy o‘quv yurtlari qatoriga kiradigan universitetlar yo‘q, bizda haqiqiy institutlar, na ishonchli parlamentlar, na biz hurmat qiladigan qonunlar. Hammasi soxta va bizda maqtanish uchun umuman hech narsa yo‘q.
Uning rejimi ag‘darilishidan bir necha yil oldin Muborak bir nechta yordamchilari va soqchilari bilan Germaniya kasalxonasiga davolanish uchun borgan. Kasalxonadagi g‘ayritabiiy tartibsizliklar shu bo‘limda davolanayotgan mahalliy fuqaroning e’tiborini tortdi. U xonadoshidan bemorning kimligini so‘radi. U: "Bu arab lideri” deb javob berdi. Nemis yana so‘radi: "U necha yildan buyon hokimiyat tepasida?" Unga aytishdi: "O‘ttiz yil". Nemis: “U holda bu poraxo‘r diktator. Nega diktator? Chunki u mamlakatni o‘ttiz yil boshqaribdi. Poraxo‘r deganim – ixtiyorida shuncha imkoniyat va vakolatlarga bo‘lgani holda, o‘zining davolanishiga ishonadigan bittagina kasalxona qurmagan".
So‘nggi yillarda mintaqadagi beqarorlik hamma narsada mo‘rtligimizni ko‘rsatdi. Bir puflash bilan mamlakatlarimiz qulab tushdi va biz qurgan hamma narsa shunchaki tashqi ko‘rinish, hatto zaif zarbalarga ham dosh berolmaydigan karikatura ekanligini ko‘rdik. Eng yomoni, biz o‘zimizning imkoniyatlarimizning haqiqiy ko‘lamini ko‘rib, madaniyatimizga xos bo‘lgan nafrat va zo‘ravonlikni kashf qilganimizdir.
Ajablanarlisi shundaki, biz etnik-konfessional zaminda buzg‘unchilik va nafrat kabi eng yomon holatlarni, zolimlarga qarshi kurashda, jonlantirmoqdamiz. Biz qotillik instinktimizni qondirish uchun fatvolar, sun’iy yo‘ldosh kanallari va pullardan foydalanib, ajoyib ritorik qobiliyatlarni namoyish etamiz.
Mamlakatlarimiz tarixidagi katta mag‘lubiyatlarga qaramay, biz hammadan ko‘proq g‘alabalar haqida gapirishni yaxshi ko‘ramiz. Biz ularni faqat ritorika tufayli kuchga aylantiramiz! Biz soxtalashtirish, haqiqat va o‘tmishdagi o‘zgarishlarning ustalarimiz, go‘zal kelajak orzulariga botib, haqiqatdan mutlaqo uzoqmiz. Biz kelajagimiz uchun hech narsa qilmay, faqat orzu-xayol va gap-so‘z biln mashg‘ul bo‘lib qolganmiz.
Biz dunyodagi eng parchalanib ketgan millat bo‘lsak ham, birlik haqida ko‘p gapiramiz. Boshqa barcha davlatlar demokratiya haqida gaplashayotgan bir paytda, biz eng shafqatsiz zolimlar zulmi ostida yashaymiz. Hamma odamlar bag‘rikenglik, sevgi va tinchlik haqida gapirishsa-da, biz undan nafratlanamiz. Biz asosan inson huquqlari, shu jumladan bolalar, ayollar haqida gapiramiz, garchi bizning mamlakatlarda odamning qadri hasharotchalik bo‘lmasa ham. Har safar biz ishongan ushbu qadriyatlar tizimi birinchi to‘qnashuv yuzaga kelganda, yangi hokimiyat yoki boshqa siyosiy kuchlar kelishi bilan tarqatib yuborishga tayyor shiorlar to‘plamidan boshqa narsa emasligini anglaymiz.
Mintaqa siyosiy, axloqiy va ijtimoiy yalang‘ochligimizni namoyish etish va bizni hayotga qaytarish uchun ushbu og‘ir ta’sirlardan qutulishi kerak edi. Biz o‘nlab yillar davomida, ehtimol asrlar davomida e’tiborsiz qoldirib kelgan arab dunyosidagi haqiqiy vaziyatni ko‘rishimiz kerak. Bizning xayolparastlarimiz "arab orzusi"ni amalga oshirish va arab birligiga erishish umidida edilar, ammo buning o‘rniga islomdan oldingi johiliyat davriga qaytishdi.
Yoqub Umar tarjimasi
Manba: Azon.uz
ArablarArab UmmetiArab LideriIslomiy TarixNafrat va Zo‘ravonlikInson Huquqlari O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar