10:45 / 12.02.2021
1 347

Lukashenko vakolatlarini bo‘lishishga tayyor, ammo hamma narsani nazorat qilishni xohlamoqda

Lukashenko vakolatlarini bo‘lishishga tayyor, ammo hamma narsani nazorat qilishni xohlamoqda
Foto: Sergei Sheleg/BelTA Pool Photo via AP
11 fevral kuni Minskda Butunbelarus yig‘ini - hokimiyat va jamoatchilikning 2700 nafar vakili ishtirokidagi ikki kunlik s’ezd ish boshladi. Birinchi kunning asosiy natijasi - Aleksandr Lukashenko 2021 yil boshida Belarusda vakolatlarni hukumat va parlament foydasiga qayta taqsimlash bilan bog‘liq mamlakatning yangi konstitutsiyasi loyihasiga ovoz berish o‘tkazilishini va’da qildi.

U bu gapni uch soat-u qirq daqiqa davom etgan nutqining oxirida aytdi. Biroq ushbu nutqdan kelib chiqadiki, Lukashenko avvalgidek hamma narsani: tashqi siyosatdan tortib to Minskdagi chang‘i yo‘lining holatiga qadar nazorat qilishni xohlaydi, deb yozadi BBC.

Butunbelarus yig‘ini har besh yilda o‘tkaziladi, Lukashenko uni "veche" deb ataydi.

Unga o‘tgan yilning kuzidan boshlab tayyorgarlik ko‘rildi va prezidentning so‘zlariga ko‘ra, aynan yig‘in Belarus Respublikasining yangi Konstitutsiyasini yozishga tayyorgarlikni boshlashi kerak edi. Shunisi ham borki, barcha narsani Lukashenkoning o‘zi bajardi.

Sahna tepasiga "Birlik, taraqqiyot, mustaqillik" shiori ilingan zalga 2700 nafarga yaqin delegat - hokimiyat, sanoat korxonalari, kasaba uyushmalari, fan, madaniyat va sport vakillari to‘plandi. Ko‘pi bilan, har ellik kishidan biri tibbiy niqobda edi. Yig‘inda saylov natijalariga qarshi ommaviy namoyishlar tashkilotchilaridan hech kim yo‘q edi.

S’ezd darhol prezidiumni sayladi va keyingi to‘rt soat Aleksandr Lukashenkoning nutqi bilan o‘tdi.

Foto: Maxim Guchek/BelTA Pool Photo via AP
Unda barcha mumkin bo‘lgan mavzular qamrab olindi: lift ishlab chiqarish va oblast markazlari atrofini aylanib o‘tuvchi yo‘llar qurilishidan tortib tashqi siyosatgacha. U sodir bo‘layotgan voqealarni "davlatimiz hayotidagi burilish davri" deb atadi.

"Belarus tashqaridan qattiq hujumga duch keldi, - dedi Aleksandr Lukashenko. - Ular [G‘arb davlatlari] ilk bor o‘z uslublarini vayron bo‘lgan va yiqilgan mamlakat misolida emas, balki monolit respublikada qo‘llashga qaror qilishdi".

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2020 yil avgustda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlaridan keyin boshlangan voqealar hatto "rangli inqilob" emas, balki isyon va blis-krig edi.

U o‘zidan hokimiyatni tortib olishga uringanlarning dasturini ma’lum qildi: dasturdan sanoatni xususiylashtirish (Rossiya biznesining ishtirok etish imkoniyatisiz), Rossiya telekanallarini taqiqlash, belarus tilini asosiy deb belgilash, qishloq xo‘jaligi yerlarini sotish kabi Rossiya bilan tuzilgan ittifoq davlatidan kollektiv xavfsizlik shartnomasiga qadar barcha shartnomalardan chiqish o‘rin olgandi.

Ushbu rejalarning barchasida faqat bitta kamchilik bor edi: prezidentlikka sobiq nomzod Svetlana Tixanovskaya atrofida birlashgan muxolifat hech qachon bunday bayonot bermagan.

Ba’zida Lukashenko o‘z so‘zlariga qarshi chiqdi. Goh muxolifat telegram-kanallarini kamroq ko‘rishga chaqirgan bo‘lsa, goh delegatlardan "yosh avlod aypadlaridagi voqealardan xabardor bo‘lib turishni" so‘radi.

U Belarus Rossiyasiz yashay olmasligini aytdi, so‘ngra esa Rossiya bozor stavkasidan yuqori foizda kreditlar berayotganidan shikoyat qildi.

Lukashenko butun nutqi davomida hamma narsani boshqarishni xohlayotganini anglatdi: yangi ishlab chiqarishlarning ochilishi, talabalarning kayfiyatidan tortib (talabalar bilan shaxsan uchrashgan va uning so‘zlariga ko‘ra, shundan so‘ng norozilik kayfiyati pasaygan) va hatto ba’zan norvegiyaliklar ham chang‘i uchishga keladigan, minskliklar esa chetida spirtli ichimliklar ichib o‘tirishni ma’qul ko‘radigan Minskdagi chang‘i trassasigacha.

Eng asosiy gap faqat nutq oxirida yangradi. Lukashenko 2021 yilda Belarus Respublikasining yangi Konstitutsiyasi loyihasini muhokama qilishga va 2022 yil boshida uni umumxalq ovoziga qo‘yishga tayyor.

Ammo shartlar ham aytildi. Lukashenko hukumat va parlamentga ko‘proq vakolatlar berishni va’da qildi (hozircha qanday vakolatlar ekanligi noaniq) va ketidan darhol mas’uliyat mos ravishda oshishi haqida ogohlantirdi.

Nihoyat, shundan so‘ng u iste’foga chiqishi Konstitutsiya qabul qilinganidan keyinmi yoki qachondir yuz berishiga aniqlik kiritmagan holda shartlarini aytdi. U mamlakatda hech qanday tartibsizlik bo‘lmasligi kerakligini hamda hokimiyat tepasiga muxolifat keladigan bo‘lsa, "tarafdorlarining boshidan bir tola ham sochi to‘kilmasligi"ni talab qildi.

Svetlana Tixanovskaya yig‘indan bir kun oldin "belaruslar g‘alabasining ochiq strategiya"sini e’lon qilgandi. Unda Aleksandr Lukashenko o‘zining "shaxsiy inqirozini butun mamlakatning inqirozi"ga aylantirgani aytilgan. Endi hech bir tomon –hokimiyat ham, muxolifat ham yakuniy g‘alabaga erishish uchun resurslarga ega emas. Demak, amaldagi prezidentni muzokaralarga ko‘ndirish darkor.

Bundan tashqari, Tixanovskaya bahorda ommaviy norozilik namoyishlari qaytadan boshlanishini va’da qilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Lukashenko vakolatlarini bo‘lishishga tayyor, ammo hamma narsani nazorat qilishni xohlamoqda