Britaniyalik sayyohlar Jess Rou va Miriam Peyn tarixda ilk bor Tinch okeanini eshkak eshib to‘liq kesib o‘tishga muvaffaq bo‘ldi. Ular Peruning Lima shahridan Avstraliyaning Kerns shahrigacha bo‘lgan ulkan masofani — taxminan 8 ming mil (12 875 kilometr)ni 149 kun ichida bosib o‘tdi.
Bu jismoniy va ruhiy sinovlarga to‘la sayohat nafaqat jahon rekordi bilan tarixga kirdi, balki xayrli maqsadga ham xizmat qildi — ayollar “The Outward Bound Trust” xayriya tashkiloti foydasiga 50 ming funt sterlingdan ziyod mablag‘ yig‘ishga erishdi.
Rou va Peyn joriy yilning 5-may kuni uzoq safarni boshlab, 17-oktyabr kuni manzilga yetdi. Ular sayohat davomida ko‘plab qiyinchiliklarga duch keldi — tuzdan hosil bo‘lgan jarohatlar, suv nasosi buzilishi, elektr ta’minoti uzilishi va quyosh panellarining ishlamay qolishi. Bir payt Peyn shimining matosidan filtr yasab, suvni tozalash tizimini qayta ishlatishga muvaffaq bo‘lgan.
Sayyohlar har ikki soatda navbat bilan eshkak eshgan va kecha-yu kun uzluksiz harakatda bo‘lishgan. Ular kuniga taxminan 5000 kaloriya sarflagan, ovqat sifatida esa quritilgan taomlar, tvorog va makaron bilan cheklangan. Hatto kemada turp va karam yetishtirishga ham urinishgan.
Eng xavfli lahza safarning sakkizinchi kunida sodir bo‘lgan — qayiq ruldan ajralib, Lima sohilidan 350 mil uzoqda to‘lqinlar ichida boshqaruvsiz qolgan. Ularning baxtiga dengizchi Aleks Xyuz ko‘rgan va qayiqni ta’mirlashda yordam bergan.