Indoneziya poytaxti Jakartada hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatni cheklash va quturish kasalligining tarqalishini oldini olish maqsadida it hamda mushuk go‘shti savdosini taqiqlovchi yangi qonun ishlab chiqilmoqda. Bu haqda mahalliy OAVlar xabar berdi.
Jakarta gubernatori Pramono Anung bu qarorni haftaning boshida rasman e’lon qildi. Uning ma’lum qilishicha, har oy shaharda 9 mingdan ortiq it go‘shti uchun so‘yiladi va bu nafaqat axloqiy, balki sanitar xavfni ham keltirib chiqaradi. “Jakartada it go‘shti inson iste’moli uchun mo‘ljallanmagan”, — degan gubernator jurnalistlar bilan suhbatda.
Qonun loyihasi bir oy ichida tayyor bo‘lishi kutilmoqda. Tashabbus Dog Meat Free Indonesia (DMFI) koalitsiyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Taqiq qabul qilingach, it va mushuk go‘shti savdosi rasman man etiladi.
Bu qaror Jakartani quturishdan saqlab qolish va hayvonlarga nisbatan insonparvar munosabatni targ‘ib qilish yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholanmoqda. Ma’lumki, poytaxt hozirda mamlakatda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan rasman “quturishsiz hudud” sifatida e’tirof etilgan kamsonli mintaqalardan biri hisoblanadi.
So‘yishdagi shafqatsizlik muammosi
Indoneziyada it va mushuklar chorva hayvoni sifatida tan olinmagani sababli, ularning go‘shtini sotish yoki so‘yish bo‘yicha aniq qonun mavjud emas. Bu esa ayrim hududlarda ularning go‘shtini oziq-ovqat sifatida ishlatish amaliyotini davom ettirib kelmoqda. Ayrim aholilar buni an’ana yoki arzon oqsil manbai deb hisoblaydi.
Biroq huquq himoyachilari bu holatni qattiq qoralamoqda. Ular itlar tor qafaslarda saqlanishi, qattiq kaltaklanishi va ko‘p hollarda so‘yilishdan oldin azoblanishi haqida ma’lum qilmoqda. Har oy minglab itlar G‘arbiy Yava va Bali orollaridan Jakartaga yashirin yo‘llar orqali olib kelinadi.
Sog‘liq uchun xavfli oqibatlar
Veterinar mutaxassislar ogohlantirishicha, quturish virusi odamlarga ko‘proq hayvonni so‘yish vaqtida yuqishi mumkin. Virus kasal hayvonning so‘lagi orqali tishlash, tirnash orqali tarqaladi.
Quturishning dastlabki belgilari isitma, bosh og‘rig‘i, mushak og‘rig‘i va uyqusizlik bilan kechadi. Keyinchalik suvdan (gidrofobiya) va yorug‘likdan (fotofobiya) qo‘rqish holatlari kuzatiladi va kasallik, agar vaqtida davo qilinmasa, o‘limga olib kelishi mumkin.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, yangi taqiq nafaqat hayvonlarga nisbatan shafqatsizlikka barham beradi, balki inson sog‘lig‘ini himoya qilishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!