Ispaniyaning Valensiya shahrida juda g‘ayrioddiy holat aniqlandi — bir kvartiradan erkakning 15 yil davomida yotgan jasadi topildi. Bu haqda Levante-EMV nashri xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, marhumning qo‘shnilari uni ko‘p yillardan beri ko‘rmagan. Ayrimlar uni qariyalar uyiga joylashtirishgan, deb o‘ylagan bo‘lsa, boshqalar qarindoshlari olib ketgan, deb taxmin qilishgan.
Antonio F. ismli bu shaxsning jasadi tasodifan topilgan — kuchli yomg‘irlar tufayli terrasa orqali suv kvartiralarga kirib borgan va bu holat qo‘shnilarning xavotirini keltirgan. Ular politsiyaga murojaat qilgach, o‘t o‘chiruvchilar uyga kirib, yotoqxonada kiyimli holda yotgan skeletni topishgan.
Tergovchilarning dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, Antonio F. tabiiy sabablar tufayli vafot etgan. U 1939 yilda tug‘ilgan bo‘lib, sobiq turmush o‘rtog‘i va farzandlari bilan aloqada bo‘lmagan.
Ma’lum bo‘lishicha, marhum kommunal to‘lovlar bo‘yicha 11 ming yevro qarz to‘plagan. Sud qaroridan so‘ng uning bank hisoblari muzlatilgan, ammo nafaqa orqali qarzlar qisman qoplanib kelingan va u rasman nafaqa “olishda” davom etgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!