
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Amerika Qo‘shma Shtatlariga qilgan so‘nggi tashrifida Donald Tramp bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv haqida fikr bildirdi. Bu haqda u NBC News telekanaliga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Zelenskiyning aytishicha, muzokaralar asosan Ukraina mudofaa imkoniyatlarini kuchaytirish va uzoq masofaga uchuvchi qurollar masalasiga qaratilgan. Prezident Ukraina AQShdan Tomahawk turidagi qanotli raketalarni so‘raganini ochiq bildirdi. Biroq, bu masala bo‘yicha hozircha aniq qaror qabul qilinmagan.
«Prezident Tramp “yo‘q” demagani yaxshi, ammo u hali “ha” ham demadi», — dedi Zelenskiy. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu hozircha muzokaralar davom etayotganini anglatadi.
Ukraina rahbari ta’kidlashicha, Tomahawk raketalari mamlakatning mudofaa salohiyatini sezilarli darajada oshiradi va bu qurollar Rossiya tomonidan yuzaga kelayotgan xavflarni kamaytiradi. Shu bilan birga, Zelenskiy Rossiya prezidenti Vladimir Putinning bu imkoniyatdan jiddiy xavotirda ekanini ta’kidladi.
«Menimcha, Putin AQSh bizga Tomahawk yetkazib berishidan qo‘rqadi. U biz uning harbiy obyektlari qayerda joylashganini yaxshi bilamiz, deb o‘ylayapti. Shu sababli, u bu qurollar Ukraina qo‘liga tushishidan cho‘chiyapti», — dedi Zelenskiy.
Ma’lumotlarga ko‘ra, AQSh va Ukraina prezidentlari 17 oktabr kuni Oq uYda yopiq eshiklar ortida uchrashuv o‘tkazgan. Uchrashuvda asosiy mavzular — xavfsizlik, diplomatiya va qurol yetkazib berish bo‘lgan.
Zelenskiy jurnalistlarga Tramp bilan kelishuv haqida keng bayonot berilmasligini aytib, bu qarorning sababini “Vashington eskalatsiyani kuchaytirishni xohlamayotgani” bilan izohladi.
Shu bilan birga, Tramp uchrashuvdan keyin o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali Moskva va Kievni tinchlik muzokaralarini boshlashga chaqirdi. Uning fikricha, harbiy harakatlarni to‘xtatish va diplomatik yo‘l bilan kelishuvga erishish bugungi kunda eng to‘g‘ri qaror bo‘ladi.
Axios va CNN manbalariga ko‘ra, Oq uyda bo‘lib o‘tgan yopiq muzokaralarda Tramp Zelenskiyning Tomahawk so‘roviga ehtiyotkorlik bilan munosabat bildirgan. U hozircha bu raketalarni yetkazib berishdan bosh tortgan va asosiy maqsad “tinchlikni tiklash uchun diplomatiyani birinchi o‘ringa qo‘yish” ekanini aytgan.
Zelenskiy esa o‘z navbatida Ukraina mustaqilligini himoya qilish yo‘lida har bir imkoniyatni ishlatishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u AQSh bilan harbiy hamkorlik masalasida umidini yo‘qotmagan va Trampning “yo‘q” demagani — hali eshiklar yopilmaganini anglatadi.
Ukraina jamoatchiligi esa prezidentning bu safarini qo‘llab-quvvatlab, Vashington bilan munosabatlarning yangicha bosqichga ko‘tarilishini kutmoqda. Shu bilan birga, ekspertlar fikricha, Trampning ehtiyotkor pozitsiyasi AQShning mintaqadagi umumiy strategik manfaatlari bilan bog‘liq.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.