AQSh Transport xavfsizligi bo‘yicha milliy kengashi (NTSB) OceanGate kompaniyasining 2023 yilda “Titan” suvosti kemasi bilan sodir bo‘lgan fojia haqidagi yakuniy hisobotni e’lon qildi. AP agentligi xabar berishicha, mashhur “Titanik” qoldiqlariga amalga oshirilgan ekspeditsiya chog‘ida sodir bo‘lgan halokatga muhandislik xatosi sabab bo‘lgan.
Hisobotda ta’kidlanishicha, “Titan” kemasi yaratilish jarayonida qator qo‘pol kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan. Muhandislik yechimlari xalqaro mustahkamlik standartlariga javob bermagan, shuningdek, kompaniya yetarli sinovlar o‘tkazmagan va apparatning real barqarorligini aniqlamagan.
Mutaxassislar fikricha, OceanGate ichki xavfsizlik protokollariga yetarlicha amal qilmagan. Bu holat avvalroq AQSh Sohil qo‘riqlash xizmati tomonidan ham qayd etilgan — ularning hisobotida kompaniyaning e’lon qilingan xavfsizlik tizimi bilan amaldagi choralar o‘rtasida jiddiy tafovut mavjudligi ko‘rsatilgan edi.
Ma’lumot uchun, uzunligi taxminan 6,5 metr bo‘lgan “Titan” suvosti kemasi 2023 yil 18 iyunda Atlantika okeaniga “Titanik” qoldiqlarini ko‘rish uchun sho‘ng‘ish yo‘liga chiqqan. Bir necha soatdan so‘ng kema yorilgan va suv tubiga cho‘kib ketgan — bortda bo‘lgan barcha besh kishi halok bo‘lgan.
Halok bo‘lganlar orasida britaniyalik milliardyer Xemish Xarding, pokistonlik tadbirkor Shahzoda Dovud va uning o‘g‘li Sulaymon Dovud, OceanGate asoschisi va bosh direktori Stokton Rash hamda fransuz suvosti tadqiqotchisi Pol Anri Narjole bor edi.
Tahlilchilarning ta’kidlashicha, “Titan” fojiasi xususiy tadqiqot sohasidagi xavfsizlik standartlariga jiddiy saboq bo‘lishi kerak. Texnologiyaning yangi chegaralariga intilgan inson aqli ba’zan o‘z chegarasini unutadi — bu fojia esa shunga yorqin misol bo‘lib qoldi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!