Ispaniyada Pablo Pikassoning “Gitarali natyurmort” nomli noyob asari g‘oyib bo‘ldi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 1921-yilda go‘ash texnikasida yaratilgan va o‘lchami atigi 12,7 x 9,8 santimetr bo‘lgan ushbu asar Madriddan Granadaga ko‘rgazma uchun yuborilayotgan paytda izsiz yo‘qolgan. Asar CajaGranada fondida o‘tkazilishi kutilgan “Nature morte. La eternidad de lo inerte” — “Natyurmort. Harakatsizlikning abadiyligi” ko‘rgazmasida namoyish etilishi kerak edi, ammo manzilga yetib bormagan.
Politsiya hozirda voqea tasodifiy xato natijasimi yoki oldindan rejalashtirilgan o‘g‘irlikmi — shularni aniqlash uchun tergov ishlarini olib bormoqda. Ispaniya Milliy politsiyasining tarixiy meros bo‘yicha maxsus bo‘limi 10-oktyabrda fondning rasmiy shikoyati asosida surishtiruvni boshlagan.
Ma’lum bo‘lishicha, “Gitarali natyurmort” xususiy to‘plamga tegishli bo‘lib, san’at asarlarini tashishga ixtisoslashgan kompaniya orqali Madriddagi Pio XII prospektidagi uydan 25-sentyabr kuni olib chiqilgan. Barcha asarlar bir vaqtda omborga joylashtirilib, Granadaga yuborilgan.
Furgon 3-oktyabr kuni soat 10:00 da Granadaga yetib kelgan, ammo tekshiruv paytida Pikassoning asari yo‘q ekani ma’lum bo‘lgan. Tashuvchilar yo‘lda Deyfontes shahrida to‘xtab dam olgani ma’lum qilingan va bu hozir tergovdagi asosiy nuqta hisoblanmoqda.
Fond videokuzatuv yozuvlarini tahlil qilgan, ammo dam olish kunlari olingan tasvirlarda hech qanday shubhali holat qayd etilmagan. Shu bilan birga, asar qadoqlari noto‘g‘ri raqamlangani sababli aniq tekshiruv kechiktirilgan.
Ko‘rgazma rahbari va menejerlari barcha hujjatlarni oldindan imzolagan bo‘lgani uchun, 6-oktyabr kuni asarlar joylashtirilayotganda Pikassoning asari yo‘qligi kurator Mariya Toral tomonidan aniqlangan.
Hozircha hech kim hibsga olinmagan, asar ham topilmagan. Politsiya versiyalaridan biriga ko‘ra, asar logistika jarayonida adashib qolgan bo‘lishi mumkin, boshqa ehtimolga ko‘ra esa u oldindan rejalashtirilgan tarzda o‘g‘irlangan.
Granadadagi ko‘rgazmada Pikassodan tashqari Xuan Gris, Rene Magritt va Rafael Sabaleta kabi mashhur rassomlarning jami 58 ta asari namoyish etilmoqda. Taqdimot 2026-yil 11-yanvarigacha davom etadi.
Eslatib o‘tamiz, bundan avval Pikassoning “Gulli qalpoqli ayol byusti” nomli, 80-yil davomida ommaga ko‘rsatilmagan surati kimoshdi savdosiga qo‘yilgani haqida ham xabar berilgan edi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!