Yangi Zelandiyaning Oklend shahrida istiqomat qiluvchi Lourens Gregori Uotkins insoniyat tarixidagi eng uzun ismga ega shaxs sifatida Ginnes rekordlar kitobiga rasmiy kiritildi. Uning ismi 2253 ta soʻzdan iborat boʻlib, bu “Eng uzun shaxsiy ism” nominatsiyasida mutlaq jahon rekordi hisoblanadi.
Maʼlumotlarga koʻra, Lourens Uotkins 1990 yil 8 mart kuni Yangi Zelandiya fuqarolik reestriga ismini oʻzgartirish haqida ariza topshirgan. U oʻz ismi tarkibiga turli madaniyat va tarixda iz qoldirgan shaxslar — faylasuflar, siyosatchilar, yozuvchilar va olimlar nomlarini qoʻshgan.
“Ismim inson sivilizatsiyasining qisqacha tarixi kabi. Undagi har bir soʻz maʼnoga ega”, — degan Uotkins mahalliy nashrga bergan intervyusida.
Biroq, u dastlab davlat organlari qarshiligiga duch kelgan — fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish idorasi bu ismini rasmiylashtirishni rad etgan. Keyinroq Yangi Zelandiya Oliy sudi Uotkins foydasiga qaror chiqarib, fuqarolarning ismni erkin tanlash huquqini himoya qilgan.
Shundan soʻng uning ismi rasmiy ravishda davlat arxivlariga kiritilgan. Hozirda u kundalik hayotda faqat “Lourens Gregori” deb tanilsa-da, toʻliq ismi hanuz rasmiy hujjatlarda saqlanmoqda.
Guinness World Records rasmiy saytida yozilishicha, “Eng uzun shaxsiy ism” 2253 soʻzdan iborat boʻlib, uning yagona egasi — Lourens Gregori Uotkins.
Bu voqea butun dunyo boʻylab katta qiziqish uygʻotdi. Xorijiy OAVlar, jumladan, People, LADBible va Virgin Radio uni “oʻz ismini kutubxonaga aylantirgan inson” deb atadi.
Aytishlaricha, agar Uotkinsning ismi toʻliq aytilsa, bu 10 daqiqadan koʻproq vaqt oladi. Oʻz navbatida, Lourensning oʻzi ham barcha soʻzlarni yoddan bilmasligini tan olgan holda, “ularning har biri mening tariximning bir boʻlagidir”, — deb taʼkidlagan.
Shu tariqa, u nafaqat yangi rekordchiga aylandi, balki insonning oʻziga xoslik va shaxsiy erkinlikka boʻlgan intilish ramziga ham aylandi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!