22:33 / 22.02.2022
1 610

Rossiya DXR va LXRni tan oldi. Endi nima bo‘ladi?

Rossiya DXR va LXRni tan oldi. Endi nima bo‘ladi?
Foto: AR/TASS
Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakat Xavfsizlik kengashi yig‘ilishidan keyin Donetsk xalq respublikasi va Lugansk xalq respublikasini mustaqil deb tan olish bo‘yicha qarorga imzo chekdi. Putin bu qarorni go‘yoki kengash a’zolarining fikrlaridan keyin qabul qildi.

Butun hudud tan olinadimi yoki qismanmi?
Rossiya DXR va LXRning mustaqilligini tan olish orqali ular hozirgacha egallab olgan Ukrainaning Donetsk va Lugansk viloyatlariga tegishli yerlarni mustaqil davlat yerlari deb tan oladi. Har ikki respublika konstitutsiyasida ular 2014 yil o‘tkazilgan referendumdan keyin egallagan chegaralar o‘zgarmas ekani qayd etilgan. Referendum orqali respublikalar o‘zini viloyatlarga tenglashtirgan, aslida esa bunday emas.

Huquqiy jihatdan Rossiya DXR va LXR konstitutsiyalarida qayd etilgan chegara bo‘yicha bandlarga ko‘ra, ularni tan olishga oid alohida hujjat qabul qilishi kerak. Ya’ni DXR va LXR hozir nazorat qilayotgan hududlarida tan olinadi, Ukraina nazoratida qolgan yerlar emas, degan mazmunda. Ammo aftidan, Rossiya bu borada nima qilishini o‘zi ham bilmaydi.

22 fevral kuni tongda Rossiya Davlat dumasining MDH bo‘yicha qo‘mitasi raisi Leonid Kalashnikov LXR va DXR Donetsk va Lugansk viloyatlari chegarasida tan olinishini aytdi. Ammo ko‘p o‘tmay uning gaplari noto‘g‘ri talqin qilingani (vaholanki ularni Rossiya propagandachi nashrlari tarqatgandi), DXR va LXR o‘z chegaralarini o‘zi belgilashi aytildi.

Keyinroq Rossiya tashqi ishlar vazirligi LXR va DXR o‘zi nazorat qiladigan hududlarda tan olinishini e’lon qildi. Bu gapni Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov ham tasdiqladi.

Hozirda chegaralar bir tomonlama shakllantirilgan, ammo respublikalar to‘liq mustaqil bo‘lishi uchun ular Kiyev bilan kelishilgan holda ro‘yxatdan o‘tkazilishi kerak. Har ikki respublika o‘z qonunlarida chegara daxlsizligi harbiy kuch bilan bo‘lsa ham ta’minlanishi kerak, deb qayd etgan.

Putin respublikalar bilan do‘stlik kelishuviga erishgach, Rossiya mudofaa vazirligiga DXR va LXR xavfsizligini ta’minlashni buyurdi. Rus qo‘shinlari shu vaqtgacha ham yashirincha Donbassda bo‘lib kelayotgandi, endi esa ochiqchasiga Donbassga kirdi.

Hozir yana bir muammo yuzaga chiqdi. Agar Rossiya DXR va LXRni Ukrainaning Donetsk va Lugansk viloyatlari bilan teng deb topadigan bo‘lsa, bu Kiyevga hududiy da’vo qilish uchun navbatdagi asos bo‘ladi.

Rossiya Davlat dumasi xalqaro aloqalar bo‘yicha qo‘mitasi raisi Vyacheslav Nikonov bu borada Rossiyaning pozitsiyasiga ishora qildi ham. Uning aytishicha, Rossiya Kiyevdan respublikalar hududini bo‘shatib qo‘yishni so‘rashi mumkin: «Agar LXR va DXR administrativ chegaralari aniq bo‘lsa, Rossiya bu hududlar ichida qolgan ukrain harbiylari respublikani tark etishini Kiyevdan qat’iy tarzda so‘rashini istisno qilmayman. Ana o‘shanda Kiyev chinakam murakkab tanlov oldida turadi», dedi Nikonov.

Ammo Rossiya DXR va LXRni tan olgani ular uchun jang qilib Donbassni olib beradi degani emas. O‘zini mustaqil deb e’lon qilgan respublikalar ham chegarasini uzaytirish borasida harakatlar olib bormay qo‘ydi. Chegaralar borasida tushunmovchiliklar ikki «respublika» Rossiya tomonidan tan olinganidan keyin ham saqlanib qoladi.

Sanksiyalar qo‘llanadi. Birinchi qadam tashlandi
Rossiyaning bu harakatlari G‘arb tomonidan javobsiz qoldirilmaydi. AQSH prezidenti Jo Bayden amerikaliklarga LXR va DXRga investitsiya kiritishni taqiqladi. Germaniya esa o‘zining nozik tomoni deb qaralgan «Shimoliy oqim-2» bo‘yicha qaror qabul qildi. Olaf Shols mamlakat iqtisodiyot vazirligiga «Shimoliy oqim-2» ishlashi uchun zarur bo‘lgan sertifikatsiya jarayonini to‘xtatib qo‘yishni buyurdi. Ya’ni operator ishga tushirilmaydigan bo‘ldi.

Yevropa ittifoqi Rossiyaga qarshi qo‘llanishi mumkin bo‘lgan sanksiyalarning taxminiy ro‘yxatini e’lon qildi. Unga ko‘ra, LXR va DXR tan olinishida ishtirok etgan 351 nafar deputat va 11 nafar mansabdor sanksiyaga uchraydi. Shuningdek, «bosqinni qo‘llashi mumkin bo‘lgan» banklar ham qora ro‘yxatga kiritilgan. Hozircha YEI konkret shaxslarga nisbatan sanksiyalarni e’lon qildi. Ammo Bryussel Rossiya eskalatsiyani davom ettirgan taqdirda qo‘shimcha choralar qo‘llanishini ma’lum qildi.

Sanksiyalar kuchga kirishi uchun uni ittifoqning barcha 27 a’zosi ma’qullashi kerak. Ammo bu borada muammo paydo bo‘lishi mumkin, chunki Yevropa Ittifoqida davlat rahbari Putinni qo‘llab-quvvatlovchi Vengriya kabi davlatlar bor. Viktor Orban yaqinda Kremlda uchrashuvda bo‘lib qaytgandi ham. Italiya, Avstriya va Germaniya ham gaz narxi oshishi sabab mamlakatda energiya tanqisligi kuzatilishi mumkinligidan xavotir bildirgan.

Britaniya ham Rossiyaning LXR va DXRni tan olishda ishtirok etgan barcha deputatlariga qarshi sanksiya qo‘llamoqchi. Shuningdek, Britaniya kompaniyalari va jismoniy shaxslari LXR va DXR to‘liq Ukraina nazoratiga qaytmaganiga qadar bu hududlarda hech qanday faoliyat bilan shug‘ullana olmaydi.

Ukraina Oliy radasi Rossiyaning harakatlariga javoban mamlakatni SWIFT bank tizimidan uzishni so‘ramoqda. AQSHda bu haqda gapirishgan, ammo oxirgi marta bu tizim haqida so‘z borganda Rossiyani undan uzish ko‘rib chiqilmayotgani aytilgandi.

Referendum bo‘ladimi?
Mantiqan olib qaralganda Rossiya o‘z hududini DXR va LXR bilan kengaytirib olishi uchun qarshilik sezmayapti. Qrimda bo‘lgani kabi referendum o‘tkazilsa, bir necha yildan buyon qiyin sharoitda yashayotgan DXR va LXR fuqarolari katta ehtimol bilan Rossiya tarkibiga qo‘shilishni qo‘llaydi, hozir ularga qaysi davlat fuqarosi bo‘lish emas, tinch yashash muhim. Ularning aksari rus pasportini olib ham bo‘ldi.

Rossiya bu harakatlarni hozir qilmasa kerak, chunki shundoq ham rus iqtisodiyoti jiddiy zarbalar qabul qilish ostonasida turibdi. Ammo Qrim ssenariysi kabi Donetsk va Luganskni ham referendumga tortish ehtimoli juda yuqori. Bu borada yagona muammo – chegara. Chunki ikki hududning faqat yarmi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan ayirmachilar nazoratida, qolgani Kiyev tasarrufida bo‘lib turibdi.

Rossiya G‘arbning jiddiy qarshiligiga uchramadi
Rossiya baribir diplomatiya yo‘lini tanlaydi deganlar adashdi. Putin baribir o‘z maqsadiga erishdi va «birinchi ikkita o‘ljani qo‘lga kiritdi». Chunki G‘arb bu borada faqat gap bilan qarshilik qildi. Putin aslida keskinroq qarshilik kutgandi chog‘i. Hatto Amerika gapdan nariga o‘tmay nomiga qurol yuborib qo‘ygach, Rossiya ikki hissa ruhlanib, borgan sari kattaroq talablar qo‘ya bordi, oxir-oqibat Donbassga qo‘shinlarini ochiqchasiga kiritib oldi. Putin Ukraina Lenin bobosidan qolgani haqida iddaosini ham nihoyat ochiq aytib oldi.

Xullas, butun boshli boshqa davlatning bir necha yil oldin o‘zi yordami bilan «mustaqil bo‘lgan» hududlarini tan olish orqali Rossiya butun dunyoga hech kim bilan hisoblashmoqchi emasligini, hammasini kuch hal qilishini aytdi go‘yo. Bu uchun ko‘pi bilan Rossiya iqtisodiy sanksiyalarga uchraydi. Aftidan Yevropani gazdan uzish orqali butun qit’ani zimistonda qoldirishiga ishonchi komil bo‘lgan Putin sanksiyalarga tupurib qo‘ygan. Bunday keskin harakatlarni boshqacha izohlab bo‘lmaydi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiya DXR va LXRni tan oldi. Endi nima bo‘ladi?