date

Toshkentda 2025 yil oxirigacha tungi avtobuslarning qatnovi yo‘lga qo‘yiladi

Toshkentda 2025 yil oxirigacha tungi avtobuslarning qatnovi yo‘lga qo‘yiladi

Toshkent shahrida 2025 yilning oxirigacha tungi avtobuslarning birinchi yo‘nalishi ish boshlaydi. Bu haqda Toshkent shahri transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Olloyor Norbo‘tayevga tayanib Gazeta.uz xabar berdi.

Xalq deputatlari shahar kengashining yig‘ilishida poytaxtda tungi soat 22:00 dan ertalab 06:00 gacha harakatlanadigan qizil rangli avtobuslar yo‘lga qo‘yilishi mumkinligi aytilgandi. Taklifga ko‘ra, avtobuslar aeroportlar, temiryo‘l vokzallari, metro bekatlari, tundagi turizm ko‘chalari, savdo va ko‘ngilochar markazlar, yirik dehqon bozorlari, talabalar yotoqxonasi va shifoxonalar orqali harakatlanadi.

Turizm ko‘chalari bo‘ylab umumiy hisobda 15 ta yo‘nalish ikki bosqichda, oraliq intervali dastlab 30 daqiqani tashkil etgan holda tashkil etiladi”, deyiladi xabarda.

Olloyor Norbo‘tayevning bildirishicha, birinchi bosqichda 8 ta yo‘nalish bo‘lib, jami 136 km yo‘lni qamrab oladi. Mazkur yo‘nalishlarda 31 ta avtobus harakati yo‘lga qo‘yiladi:

T1: Qo‘yliq dehqon bozori — Husayn Boyqaro ko‘chasi;
T2: Qipchoq ko‘chasi — O‘zgarish metrosi;
T3: Chilonzor buyum bozori — Gulxaniy ko‘chasi;
T4: Mahalliy aeroport (Terminal 3) — Chorsu savdo markazi;
T5: Shifobaxsh suvlar ko‘chasi — Chorsu ASHB;
T6: Yunusobod mavzesi 6-daha — Yunusobod mavzesi 17-daha;
T8: Toshkent vokzali ASHB — Shofayz mahallasi.

«Ularning raqami T dan boshlanadigan qilib taklif berganmiz, ya’ni T1, T2, T3 deb. Mana shu yilning oxirigacha T1 yo‘nalishimizni ochishni rejalashtirganmiz», — dedi Toshkent shahri transport boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Ollayor Norbo‘tayev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, T1 yo‘nalishi Bektemir tumanining Husayn Boyqaro ko‘chasidan Qo‘yliq bozori tarafga harakatlanib, Qo‘yliq bozoridan hozirgi Xonobodtepa shoh ko‘chasi orqali yuradi.

Ikkinchi bosqichda esa 7 ta yo‘nalish bo‘lib, umumiy 98 kilometrlik yo‘ldan o‘tadi. 23 ta avtobus jalb etiladigan bu bosqich uchun 14,2 mlrd so‘m sarflanishi reja qilingan. Yo‘nalishlar:

T9: G‘ishtko‘prik chegara posti — Amir Temur xiyoboni;
T10: TTZ ASHB — Amir Temur xiyoboni;
T11: Food city majmuasi — Amir Temur xiyoboni;
T12 Qipchoq metro bekati — Amir Temur xiyoboni;
T13: Chilonzor buyum bozori — Chorsu savdo markazi;
T14: Nazarbek mahallasi — Chorsu ASHB;
T15: Keles shaharchasi — Chorsu ASHB.

«Ushbu ko‘chalar orqali turizm yo‘nalishlarini tashkil etishning asosiy vazifalari tungi vaqtda harakatlanish zarur bo‘lgan shahar punktlarini aniqlash, yo‘lovchilar ko‘p bo‘lgan yo‘nalishlar asosida, yo‘lovchi oqimini rejalashtirish, xavfsizlik, monitoring va raqamli to‘lov tizimlarini joriy etishdan iborat», — dedi Olloyor Norbo‘tayev.

Hozirda Toshkent shahrining Husayn Bayqaro, Shokirariq, Mehrigiyo, Sug‘diyona, Jaloir, Al-Xorazmiy, Farhod, Gulxaniy, Qo‘rg‘ontepa, Farobiy, Taraqqiyot, Rixsiliy, Yuqori Qoraqamish, Hamid Olimjon, Sodiq Azimov, O‘zbekiston ovozi, Taras Shevchenko hamda Shota Rustaveli ko‘chalarida turizm ko‘chalari tashkil qilinmoqda.

Norbo‘tayev chipta narxi kunduzgi bilan bir xil bo‘lishini aytgandi. Shuningdek, uning qo‘shimcha qilishicha, Turizm komissiyasi tomonidan narxni qimmatroq qilish bo‘yicha takliflar bo‘lgan.

«15 ta yo‘nalishda 54 ta avtobus harakatlanadi. O‘sha yo‘nalishdagi tushumni hisoblamasak, o‘rtacha 33 milliard so‘m mahalliy budjetga yuklama tushadi», — degan Ollayor Norbo‘tayev.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Toshkentda 2025 yil oxirigacha tungi avtobuslarning qatnovi yo‘lga qo‘yiladi