Jahon ilm-fan olamini xayratga solgan navbatdagi kashfiyot Antarktida muzlari ostida ro‘y berdi. Barselona universiteti hamda Kork universitet kollejining xalqaro tadqiqotchilar guruhi Antarktida suvosti kanonlarining eng yirik va to‘liq katalogini tuzishga muvaffaq bo‘ldi. “Marine Geology” jurnalida e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, olimlar ummon tubida jami 332 ta ulkan suvosti kanonini aniqlashgan. Ulardan ayrimlarining chuqurligi 4000 metrdan ham oshib ketadi.
Ilgari o‘tkazilgan izlanishlarda bunday ko‘lamdagi ma’lumot qayd etilmagan. Yangi xaritalash usullari esa oldingi natijalardan kamida besh barobar ko‘proq kanonlarni ochish imkonini berdi. Olimlar ta’kidlashicha, bunday suvosti vodiylari faqatgina geologik tuzilish emas, balki ozuqaviy moddalar aylanishi va global iqlim tizimida hal qiluvchi rol o‘ynaydi.
Antarktida kanonlari dunyodagi boshqa suvosti kanonlariga o‘xshash bo‘lsa-da, ularning o‘lchamlari va chuqurligi qutb muzliklarining ming yillik ta’siri sababli ancha katta. Tadqiqot natijalari Sharqiy va G‘arbiy Antarktidadagi suvosti tuzilmalari o‘rtasida katta farq mavjudligini ko‘rsatdi.
Sharqiy Antarktidadagi kanonlar ko‘p qirrali, murakkab va U shaklidagi kesimga ega bo‘lib, ular doimiy muzlik harakatlari ta’sirida yuzaga kelganini ko‘rsatadi. Tadqiqotda qayd etilishicha, eng ta’sirchan va yirik suvosti kanallari aynan shu hududda joylashgan. Ular ko‘pincha qit’a shelfining turli nuqtalaridan boshlanib, yakka yirik kanalga birlashadi.
Aksincha, G‘arbiy Antarktidadagi kanonlar qisqaroq, tikroq va V shaklida. Olimlar bu holatni muz qatlamining tarixiy shakllanish jarayonlari bilan izohlab, Sharqiy Antarktidada muzliklar ancha qadimdan shakllangani nazariyasini tasdiqlaydi.
Muhimi, topilgan kanonlar chuqur okean suvi bilan kontinental shelf o‘rtasidagi aylanish jarayonini osonlashtiradi. Bu jarayon Antarktida tub suvining hosil bo‘lishiga xizmat qiladi — u esa butun jahon okean aylanishining asosiy poydevoridir. Biroq olimlar yana bir jiddiy xavfni ta’kidlamoqda: kanonlar orqali issiqroq suvlar qirg‘oq chizig‘iga yetkaziladi va bu muz tokchalarining tezroq erishini kuchaytiradi.
— “Agar muz tokchalari zaiflashsa yoki qulasa, kontinental muz qatlamlari dengizga ancha tez oqib ketadi. Bu esa global dengiz sathining ko‘tarilishiga bevosita olib kelishi mumkin,” — deyiladi tadqiqotda.
Kashfiyot Janubiy okeanning xalqaro batimetrik xaritasi (2-versiya) asosida amalga oshirildi. U piksel boshiga 500 metr o‘lchamda tayyorlangan bo‘lib, avvalgi xaritalardan to‘rt barobar aniqroq hisoblanadi. Shu bilan birga, olimlar yarim avtomatlashtirilgan identifikatsiya usuli va maxsus GIS-skript ishlab chiqishgan. Bu usul orqali kanonlarning morfometrik parametrlari hisoblab chiqildi.
Tadqiqotchilar ta’kidlaganidek, hozirgi iqlim modellari bu kabi murakkab jarayonlarni to‘liq hisobga olmaydi. Shuning uchun ham iqlim o‘zgarishi prognozlari yetarlicha aniq emas. Olimlar fikricha, global isishning haqiqiy oqibatlarini bashorat qilish uchun dengiz tubini yanada batafsil xaritalash va modellarni takomillashtirish zarur.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!