Ispaniyalik bloger Meri Kaldas va uning umr yo‘ldoshi Alexandro Sid rejalashtirgan ta’tilga bora olishmadi. Bunga ular ishongan sun’iy intellektual maslahatchi — ChatGPTning noto‘g‘ri javobi sabab bo‘ldi, deb yozadi Pravilamag nashri.
Juftlik AQSHga qarashli Puerto-Riko oroliga sayohat qilishni niyat qilgan. Ular parvoz, mehmonxona va tadbirlar uchun bron qilishdan avval neyron tarmoqdan qo‘shimcha hujjatlar kerak yoki yo‘qligini so‘rashdi. ChatGPT ularga viza talab etilmasligini aytdi, ammo AQSH va uning hududlariga kirish uchun zarur bo‘lgan ESTA ruxsatnomasi haqida ma’lumot bermadi.
Sayohatchilar bu haqda faqat aeroportda ro‘yxatdan o‘tish vaqtida bilishdi. Xodimlar ularning ESTA hujjati yo‘qligi uchun parvozga qo‘ymadi. “Har doim ko‘p tadqiqot qilaman, lekin bu safar ChatGPTdan so‘radim va u yo‘q dedi”, — deya izohladi Meri o‘z blogi orqali.
Ushbu noxush voqea haqida bloger joylagan video internetda tez tarqaldi. Foydalanuvchilar fikri ikkiga bo‘lindi: ayrimlar juftlikka achinishdi, boshqalar esa ularning sayohatni tashkil etishdagi mas’uliyatsizligini tanqid qildi.
Kaldas hazil aralash, chat-bot ehtimol “xafalikdan qasd olgani”ni ham aytdi: “Ba’zan uni haqorat qilaman, hech keragi yo‘q deyman. Lekin yaxshi ma’lumot ber deb so‘rayman... balki shuning uchun u bizdan qasd olgandir”.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!