10:31 / 30.05.2017
23 259

Qizlarni oilaga tayyorlash

Qizlarni oilaga tayyorlash
“Oila hayotining adabiyligi, avlodlarning davomiyligini ta’minlaydigan, muqaddas urf-odatlarimizni saqlaydigan, shu bilan birga, kelajak nasllari qanday inson bo‘lib etishishiga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan tarbiya o‘chog‘i ekanini tan olishimiz darkor”.
Mamlakatimizning Birinchi Prezidenti I.A.Karimov


Balog‘at yoshiga qadam qo‘ygan har bir qiz bola shirin orzulari daryosida oila degan kemani boshqarishni niyat qilishi tabiiy hol hisoblanadi. Ana shu kichik, ammo ulkan yukni tortuvchi kemani boshqara olishiga qanchalik tayyorligiga o‘zini ishonchi etadimi yoki yo‘qmi eng asosiy masala ana shunda desak xato bo‘lmaydi. Oilaga tayyorligiga o‘z ishonchni baholashdan qiyin ish bo‘lmasa kerak degan savolga ba’zi qizlarimiz “Ovqat tayyorlashni, pishiriqlarni pishirishni, kir yuvish, dazmol qilish, uylarni tozalash, mehmon kutish va qolaversa, uydagilarning qosh-qovog‘iga qarashni bilsam bo‘ldi, uyog‘i bir gap bo‘lar”, deb o‘ylasalar adashadilar. Qiz bola avvalom bor oilaga ruhan tayyor bo‘lsa yuqoridagi beka sifatidagi vazifalarni muvaffaqiyatli amalga oshirishi qiyin kechmaydi.

Milliy urf-odatlarimizga ko‘ra ko‘pgina hollarda qizlarni oila qurishiga uni qurshab turgan ijtimoiy muhitning ta’siri katta bo‘ladi. Kuyov tomonidan sovichilar kelishadi, qarindoshlar o‘rtaga tushishadi qarabsizki to‘y bo‘lib ketavermaydi-ku. Milliy qadriyatlarimizga ko‘ra qiz bolani roziligi ham so‘raladi. Yigit bilan qiz bola to‘ydan oldin albatta, uchrashtiriladi. Qiz bola kuyovlikka da’vogar yigit bilan uchrashganda diqqat-e’tiborini jamlagan holda zimdan kuzatishi lozim bo‘ladi.

Kuzatishi jarayonida o‘z oldiga quyidagi savollarni qo‘yishi kerak: Men shu yigit bilan qolgan hayotimni birga o‘tkaza olamanmi? Uning injiqliklariga chidaymanmi? Bemor bo‘lib qolganida dardiga sherik bo‘lamanmi? Shu yigitning kiyimlarini yuvamanmi, degan savolarga “ha” deb javob bera olsa yigitga turmushga chiqishga rozilik berishi mumkin.

Turmush qurishga rozilik bergandan so‘ng eng murakkab jarayon ya’ni o‘zida ruhan oilaviy xayotga ishonchni shakllantirish boshlanadi. Mazkur jarayonni amalga oshirishga vaqt qanchalik kam bo‘lishiga qaramay aniq reja asosida ulgursa bo‘ladi. Rejaga quyidagi qismlarni kiritish mumkin:

Birinchi qism – bo‘lajak turmush o‘rtog‘ining xulq-atvorini o‘rganish va unga dastlabki moslashuvni boshlash. Yigitga qanday muomala yoqadi? Nima yoqadi va nima yoqmaydi?

Ikkinchi qism — kuyovning oila a’zolarini umumiy xususiyatlari haqida ma’lumotlar to‘plash va ular bilan qanday munosabatga kirishiga fikran o‘zini tayyorlash.

Uchinchi qism – yangi oilaga borib moslashishi jarayoni muvaffaqiyatli amalga oshishi uchun o‘zi o‘sib ulg‘aygan oila a’zolaridan asta-sekin uzoqlashish. Shuni ta’kidlash joizki turmushga chiqqan qizlar ulg‘aygan oilalariga nisbatan begonalashishni va uzoqlashishni tan olmasalar yangi oilalariga ko‘nikib, moslashib ketishlari juda qiyin kechadi.

To‘rtinchi qism — ruhiy niqobni tez vaziyatga qarab o‘zgartira olishni o‘rganish. Ya’ni ichidan zil ketib tursa ham tashqarisi kulib turishni o‘rganish. Sal narsaga arazlash, achchiqlanish, jahl qilishdan saqlanish umuman ruhiy holatini istasa-istamasa jilovlay olish sa’atini egallash.

Oila psixologiyasi bilan shug‘ulanuvchi mutaxassislarning ta’kdlashlaricha, oila qurishga o‘zida ishonchni shakilantirayotgan qizlar yuqoridagi rejani o‘z sharoitlarini hisobga olgan holda yozma ravishda amalga oshirsalar ijobiy natijaga erishishlari onson kechadi.

Turmushga chiqayotgan qiz bola avvalom bor irodasini tarbiyalay olishi kerak bo‘ladi. Shuni unutmaslik kerakki, iroda tarbiya va mashqga muhtoj bo‘ladi. Xalqimiz tili bilan aytadigan bo‘lsak, oilaviy hayotda suv kelsa simirib, tosh kelsa kemiriladi. Oila sirini tashqariga chiqarmaslik oila mustahkamligining saqlashga harakat qilishda irodani axamiyati beqiyosdir desak xato bo‘lmaydi.

Qiz bola turmush qurganidan so‘ng uni ijtimoiy muhitdagi mavqe tubdan o‘zgarishi asosida unga nisbatan boshqalarni va o‘zini o‘ziga bo‘lgan munosati o‘zgarishi tabiiy hol. Mazkur o‘zgarishga nisbatan o‘zida ishonchni shakllantira olga qiz bola yangi oilasida qisqa muddatda o‘z o‘rniga ega bo‘la oladi. Yangi mavqega moslashish albatta, tajriba bilimlarga asoslanadi. Shuning uchun qiz bola o‘zidan oldin kelinlik mavqeiga ega bo‘lganlarni yutuqlari va kamchiliklarini tafakkurida aqlan tahlil qilib o‘zi kelin bo‘lgach amalga oshiradigan xatti-harakatlarini tassavur eta olishi kerak.

Oila qurishga o‘zida ishonchni shakllantirishiga eng asosiy turtki rolini o‘ynovchi omillardan yana biri bu o‘z-o‘ziga yo‘riqnoma berish ya’ni “Men albatta, yaxshi beka bo‘la olaman”, “Men oilani eplab keta olaman”, “Men turmush o‘rtog‘imni baxtli qila olman”, “Men baxtli bo‘laman” deb kelajakka faqat yaxshi niyatlar bilan qarashi va kelajakka o‘zini ishontira olishi uchun yuqoridagi iboralarni tez-tez takrorlab turishi lozim.

Sog‘lom va farovon turmushni shakllantirishda oila bekasini rolini chuqur anglab etgan qiz bolagina ruhan oila qurishga tayyor bo‘ladi. Shuning uchun turmush qurishdan oldin bir narsani o‘ylab ko‘ring. Er bosh bo‘lsa ayol bo‘yin, shu bo‘yin boshni qayoqqa bursa bosh o‘sha yoqqa qaraydi. Agar boshni to‘g‘ri tutib, kerakli tomonga yo‘naltira olgan bo‘yini duru gavharlar bilan bezashadi. Demak bir oilani sevimli bekasi, epli kelini bo‘lish o‘z qo‘lingizda ekan, farovon turmush qura olishingizga avvalom bor o‘zingizni ishontiring va ishoning. Shundagina siz baxtingiz sari ilk katta qadam tashlagan bo‘lasiz.

Manba: mulohaza.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Qizlarni oilaga tayyorlash