Kuz va qish mavsumi kelishi bilan ko‘pchilikda kayfiyat pasayishi, ruhiy yengillik yo‘qolishi va ichki havasning so‘nishi kuzatiladi. Psixologlar bu holatni “mavsumiy tushkunlik” deb ataydi. Biroq, olimlar so‘nggi tadqiqotlar orqali bu holatni yengillashtirishning tabiiy va oddiy yo‘lini aniqlashdi — tabiat qo‘ynida sayr qilish.
PsyPost nashri yozganidek, 2000 nafardan ortiq ishtirokchilar bilan o‘tkazilgan ilmiy izlanish natijalari hayratlanarli bo‘ldi. Olimlar odamlarning bog‘lar, o‘rmonlar va suv havzalarida vaqt o‘tkazgandan keyingi ruhiy holatlarini tahlil qilgan.
Natijalarga ko‘ra, tabiat bilan bog‘liq faoliyat insonning ichki tinchligi va baxtiyorlik darajasini sezilarli darajada oshiradi.
— tabiat qo‘yniga chiqqan kuni inson hayotidan ko‘proq qoniqish his qilgan,
— ijobiy kayfiyat faqat o‘sha kun emas, balki keyingi kuni ham saqlanib qolgan,
— yashil hududlar (bog‘lar, o‘rmonlar) va ko‘k manzaralar (suv sohillari) insonda tabiiy “baxt gormonlari” ishlab chiqarilishini kuchaytirgan.
Olimlar ta’kidlashicha, tabiat ta’siri ostida inson miyasi dam oladi, stress gormonlari kamayadi va emotsional barqarorlik ortgani his etiladi.
Shu bilan birga, tadqiqotda qiziq holat ham aniqlangan — surunkali xavotir yoki chuqur depressiyada bo‘lgan ayrim ishtirokchilar suv bo‘yida sayr qilgandan keyin o‘zlarini yanada xavotirli his qilishgan. Mutaxassislar bu holatni insonning ichki qo‘rquvlari va emotsional himoya mexanizmlari bilan bog‘lamoqda.
Shuningdek, tadqiqot mualliflari fikricha, tabiat bilan muloqot — ruhiy barqarorlikni tiklashning bepul va har kim uchun ochiq usulidir. Hatto 15–20 daqiqalik sayr ham odamni yengillashtirib, uyquni yaxshilaydi, fikrni musbat yo‘naltirishga yordam beradi.
Olimlar xulosa qiladiki, “baxt” degan tushuncha ko‘pincha qimmat narsalar yoki murakkab muolajalar bilan bog‘liq emas — ba’zan faqat havo, quyosh, daraxt va toza havoda qadam tashlash yetarli bo‘ladi.
Tabiatdagi oddiy sayr — inson kayfiyatini ko‘tarishning eng samarali va sodda usuli ekani yana bir bor isbotlandi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!