
Bugun do‘konlarda turli xil yog‘larni uchratish mumkin: kungaboqar, sabzavot, zaytun, kokos yoki avakado yog‘i. Ularning barchasi o‘zini foydaliroq deb tanitadi, lekin aslida qaysi biri sog‘liq uchun yaxshiroq? Professor Nita Foruhining so‘zlariga ko‘ra, hech bir yog‘ “mo‘’jizaviy” emas — asosiy narsa ularning tarkibidagi yog‘ turlariga e’tibor berishdir.
Sabzavot va kungaboqar yog‘lari ko‘p hollarda salbiy fikrlar bilan tilga olinadi, ammo mutaxassislar bunga qo‘shilmaydi. Ularning tarkibida zararli to‘yingan yog‘lar juda kam, sog‘lom hisoblangan omega-3 va omega-6 kislotalari esa ko‘p. Shuning uchun bu yog‘lar yurak va miya faoliyati uchun foydalidir. Bundan tashqari, ular arzon narxda bo‘lgani sababli uy sharoitida pishirish uchun eng maqbul tanlovdir.
Margarin ilgari sog‘liq uchun zararli deb hisoblangan, ammo hozirgi zamonaviy margarinlar tarkibida yomon trans-yog‘lar deyarli yo‘q. Mutaxassislarning aytishicha, margarin yomon xolesterinni kamaytirishga yordam beradi. Shu bilan birga, sariyog‘ni ham butunlay taqiqlash shart emas — uni oz miqdorda iste’mol qilish mumkin, biroq pishirishda o‘simlik yog‘laridan foydalanish foydaliroq.
Zaytun yog‘i foydali moddalar va antioksidantlarga boy, ammo u chuqur qovurish uchun mos emas. Sababi, u yuqori haroratda tez yonib, achchiq ta’m hosil qiladi. Shu bois, uni salatlar yoki tayyor taomlarga qo‘shish maqsadga muvofiq. Chuqur qovurish uchun esa kungaboqar yoki sabzavot yog‘i eng yaxshi variant sanaladi, chunki ular yuqori haroratga bardosh beradi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, sog‘lom turmush tarzi faqat bitta yog‘ turiga bog‘liq emas. Eng muhimi — ovqatlanishni muvozanatda ushlash va ortiqcha yog‘ iste’molidan saqlanishdir. “Ta’m va narxni inobatga olib o‘zingizga mos yog‘ni tanlang, ammo uni me’yorida ishlating”, — deydi professor Nita Foruhi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!