Inson organizmi uchun ko‘zga ilinmas, ammo eng xatarli omillardan biri — ortiqcha shakar iste’moli. Bu haqda kardiolog, tibbiyot fanlari nomzodi Olga Stoyko o‘zining Telegram orqali tarqatgan videomurojaatida ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘pchilik insonlar xolesterindan qo‘rqadi, ammo qon tomirlarini yopadigan va “infarkt yo‘lini” ochadigan asosiy omil aynan shakar va oddiy uglevodlardir, deb yozdi Topnews.
Shifokorning ta’kidlashicha, ayniqsa qo‘shilgan shakarlar va shirin ichimliklar inson organizmi uchun “oq zahar” hisoblanadi. “Oq non, pechene, limonad va gazlangan shirin ichimliklar — bularni ratsiondan butunlay chiqarish lozim. Ular yallig‘lanish jarayonini kuchaytiradi, qon aylanishini izdan chiqaradi va tomir devorini shikastlaydi,” — deydi Stoyko.
Mutaxassisning aytishicha, aynan shu jarayonlar natijasida “yomon” xolesterin endoteliy — ya’ni tomirning ichki qatlamiga tortilib, to‘siqlar (plakatlar) hosil qiladi. Bu holat esa vaqt o‘tishi bilan infarkt va insultga sabab bo‘ladi. “Ortiqcha shakar jigarni yog‘ ishlab chiqarishga majbur qiladi, natijada qon tomir devorlariga yopishuvchi moddalar ko‘payadi,” — deb qo‘shimcha qildi kardiolog.
Olga Stoyko yana bir muhim juz’iyatga e’tibor qaratdi — shakar organizmda suvni ushlab turib, qon bosimining ortishiga sabab bo‘ladi. “Bir molekula shakar to‘rt molekula suvni ushlab turadi. Shu sababli ortiqcha shirinliklar nafaqat yurakka, balki buyrak va miya faoliyatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi,” — dedi u.
Shifokor rossiyaliklarga o‘z ratsionlarini yaqin vaqt ichida tubdan o‘zgartirishni tavsiya etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, “murakkab uglevodlar” — uzoq vaqt pishadigan don mahsulotlari, sabzavot, mevalar va oqsil manbalari (masalan, yasmiq yoki loviya) organizm uchun ancha foydali hisoblanadi.
Kardiolog ko‘k choyning foydasi haqida ham alohida to‘xtalib o‘tdi. Uning ta’kidlashicha, ko‘k choy yurak-qon tomir tizimini himoya qiluvchi “antioksidant qalqon” yaratadi. Biroq unga shakar qo‘shish foydani yo‘qqa chiqaradi. “Ko‘k choyga bir bo‘lak limon yoki zanjabil qo‘shish tavsiya etiladi. U muntazam ravishda iste’mol qilinsa, ‘yomon’ LDL-xolesterin miqdorini pasaytiradi,” — deya xulosa qildi u.
Shu tariqa, shifokorning fikricha, zamonaviy inson uchun eng xavfli taom — qandga boy mahsulotlardir. Ularning iste’molini cheklash orqali inson nafaqat xolesterinni, balki yurak xastaliklari xavfini ham sezilarli darajada kamaytiradi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!