Xiyonat – keng tushuncha, uni har kim har xil tushunadi. Bu sotqinlik, qasam yoki va’daga rioya etmaslik, uchinchi kishiga sirni aytib qo‘yish, «dushman» tomonga o‘tib ketish va shularga o‘xshash holatlar bo‘lishi mumkin. Nima bo‘lganda ham, xiyonat qilishgandan keyin inson ko‘ngli jarohatlanadi, u boshqalarga ishonmay qo‘yadi. Yaqin odam xiyonat qilsa, nima qilish kerak?
Barchamiz yaqin kishilarimizning qo‘llab-quvvatlashini istaymiz, ularga ishonamiz, ular bilan sirlashamiz va bizni aldamaydilar deb o‘ylaymiz. Ular bizga hamisha yordam qo‘lini cho‘zadi, degan ishonch qalbimizda iliqlik uyg‘otadi. Yaqinlarimiz va sevgan insonlarimizga umid bilan qarab, ularni o‘z hayotimizga oshno qilamiz va, hatto gohida taqdirimiz uchun mas’uliyatning bir qismini ularga yuklaymiz. Bizga sotqinlik qilgan kishi ko‘nglimizga qanchalik yaqin bo‘lsa va qanchalar unga ishongan bo‘lsak, qilg‘iligidan shuncha ko‘p azob chekamiz. Sotqinlik qanday bo‘lmasin – bu xiyonat va u, asosan ma’naviy jihatdan odamga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Xiyonatning oldini olib bo‘lmaydi, aksariyat u to‘satdan ro‘y beradigan hodisa. Shu uchun unga duch kelganda kuchli ruhiy zarbaga uchrab, odam o‘zini yo‘qotib qo‘yadi.
Xo‘sh, Sizga xiyonat qilishdi. Tushkunlikni tezroq bartaraf etish uchun ruhshunoslar quyidagilarni tavsiya etishadi:
Do‘stingiz sizni sotgan bo‘lsa, undan alamzada bo‘lmang, aksincha bundan xabardor qilgani uchun yaratganga shukur qilish kerak. Do‘stni esa kechirish shart, shunday qilmasangiz, dilsiyohlik va adovat uning emas, sizning yuragingizni egallaydi. Kechirish bilan qalbingizda paydo bo‘lgan og‘ir yukdan xalos bo‘lasiz, chunki g‘azabingiz «do‘stingiz»ning emas, sizning ko‘nglingizni kemiradi. Albatta sizda uyg‘ongan ruhiy qiynoqlar bilan birga «do‘stingiz»dan ham kechishingizga to‘g‘ri keladi. Bir bor Sizni sotgan kimsa, albatta ikkinchi bor ham xiyonat qilishi aniq. Bu hodisaning saboq bo‘ladigan joyi shundaki, kishi odamlar o‘rtasida bo‘ladigan munosabatlarning yangi bosqichiga qadam qo‘yadi. Endi do‘st tanlashda ehtiyotkor bo‘lishingizga to‘g‘ri keladi. Biror kishi bilan do‘st tutinganda ham, endi unga qaysi gapni aytish mumkin, qay birini aytmaslik kerakligini tushunib etasiz. Agar Sizga nega xiyonat qilishganini juda bilgingiz kelsa, xiyonatkorning o‘rniga o‘zingizni qo‘ying. Nima maqsad uni shunday yo‘l tutishga majbur etgan? Balki u atay Sizga qasddan yomonlik qilmoqchi bo‘lmagandir, axir, odam adashadi-ku. Adashgan odamni esa kechirish osonroq. Hayot tajribasi shuni ko‘rsatadiki, kishining xatolikka yo‘l qo‘yishida uning biror bir ojizligi sabab bo‘ladi.
Lekin kechirib bo‘lmas xatolik qilingan bo‘lsa, agar xiyonatkor bilmasdan emas, oldindan rejalashtirilgan yovuz niyat bilan o‘z maqsadini amalga oshirgan bo‘lsa, sizda hatto qasd olish istagi ham paydo bo‘ladi. Afsuski, bu istak ham uni emas, sizga tinchlik bermaydi.
Hayotda do‘stning xiyonat qilganini uning o‘zi emas, boshqalar etkazishadi. Axir shu gapni uning o‘zidan ham bilib olsa bo‘ladi-ku.
Do‘stingiz bilan kelishib, u bilan biror joyda tanho gaplashib olish kerak. Boshqa kishilar ishtirokida oralaringdagi muammoni jiddiy muhokama etib bo‘lmaydi.
Gapni unga nisbatan e’tiroz bilan boshlamang. Ehtiros qo‘zg‘alsa, fikrlar chuvalashib ketadi. Bosiqlik bilan his-tuyg‘ularni erkin ifodalash mumkin.
Do‘stingizdan u Siz haqingizda nima deganini eshitgan bo‘lsangiz, o‘shani so‘rang. Gapni kimdan eshitganingizni aytish kerak emas. Lekin bu gap ko‘nglingizni og‘ir botganini yashirmang.
Orangizdagi noxushlik kelib chiqish sababini aniqlagandan so‘nggina biror qaror qabul qiling. Balki do‘stingizning gapini Sizga boshqacha tarzda etkazishgandir? Chunki mish-mishlarga ko‘pincha to‘hmat ham aralashgan bo‘ladi. Shuning uchun do‘stingizdan bor haqiqatni so‘rashga haqlisiz. Keraksiz gaplar bilan unga tashlanish yaramaydi, agar u himoyaga o‘tadigan bo‘lsa, bor haqiqatni aytolmasligi mumkin.
Nega u bilan do‘st tutinganingizni, o‘rtada paydo bo‘lgan noxushlik ushbu do‘stlikka putur etkazishini ma’lum qiling. Balki Siz o‘zingiz uning ko‘ngliga tegadigan nimadir qilgandirsiz. Natijada u «qasdini» olgandir yoki o‘rtada tushunmovchilik bo‘lgandir. Vujudga kelgan holat bo‘yicha do‘stingizning aniq fikrini bilishga harakat qiling. Gapini bo‘lmang, Fikrini aniq bayon etmasa, gapirib bo‘lganidan so‘ng savol berishingiz mumkin. Nima demasin, uni diqqat bilan eshitayotganingizni bilsin.
Savolingizga javob bermasa yoki gapirishdan bo‘yin tovlasa, ushbu masalani bir bor va hozir hal etish kerakligi haqida bosiqlik bilan tushuntiring. Janjallashishdan foyda yo‘q, chunki bunday vaqtda u hammasidan xabardor ekaningizni bilib, samimiyligini yo‘qotadi.
Ovozni ko‘tarmaslik kerak, bundan ikkingizning ham ta’bingiz xira bo‘ladi. Kim haq, kim nohaqligi haqida o‘ylamaslik kerak. Vaqtni bekor ketgizmay, aniq muammo haqida suhbatlashish samarali bo‘ladi. O‘zaro hurmatsizlik bilan esa umuman maqsadga erishib bo‘lmaydi.
Vaziyat jiddiylashadigan bo‘lsa, biroz tanaffus qilib olish kerak, bu o‘zni qo‘lga olish uchun kerak.
Do‘stingizni Sizga bo‘lgan munosabati hakda o‘zingiz ishongan boshqa odam bilan ham gaplashib olishingiz mumkin. Lekin u shunday odam bo‘lsinki, sizning gapingizni ma’qullaydigan emas, haqiqatni aytadigan bo‘lsin. Shunday kishining maslahatiga quloq tutsa bo‘ladi.
Agar do‘stingiz qilgan xatosini bo‘yniga olsa, o‘shanda vaziyatni o‘rniga qaytarish ehtimoli bo‘lar. Chunki har qachon ham do‘stona munosabat bir xil kechmaydi. Iloji boricha do‘stlikni davom ettirish yo‘lini qilish kerak.
Agar do‘stingiz qilgan xatosini tan olmasa yoki bunday holat yana takrorlanadigan bo‘lsa, unda u bilan ajrashgan ma’qul. Do‘stlik – ikki tomonlama harakatlanadigan yo‘l va uni bir kishi ushlab turolmaydim.
Yomon munosabatlarni davom ettirishga arzimaydi, bunday vaqtda do‘stlikka chek qo‘ygan ma’qul.
Xiyonat ko‘pincha o‘zganing muvofaqqiyatiga ko‘nika olmaslik va o‘z ojizligini tan olmaslik natijasida kelib chiqadi. Aslida buning asosini hasad tashkil etib, u shu yo‘l bilan o‘zganing yutug‘ini nazar-pisand qilmaslik va hayotini o‘zi o‘ylaganchalik shirin emasligini ko‘rsatishga bo‘lgan harakatdir.
Xiyonat – do‘stlikka chek qo‘yishning eng yomon usuli bo‘lib, ichqarolik bilan amalga oshirilgan o‘taketgan bema’nilikdir. Xiyonatkor ma’lum vaqt o‘zini niyatiga erishga hisoblasada, oxir-oqibat u baribir ojizdir. Lekin ojiz banda bilan qasdlashish ham xiyonatdan yomonroq.
Har bir kishi o‘z qilmishiga yarasha bahosini oladi. Sizga xiyonat qilgan odamdan o‘ch olishning eng to‘g‘ri yo‘li – bu yanada baxtiyor bo‘lib, katta-katta muvaffaqiyatlarga erishishdir.
Manba: Mulohaza.uz “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Kim Chen In harbiylarni jangovar holatda turishga chaqirdi
Xatolar va mag‘lubiyatlar... ular kechiriladimi?
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?