date

Yuz yilda inson bosh suyagi o‘zgargani aniqlandi

Yuz yilda inson bosh suyagi o‘zgargani aniqlandi

So‘nggi yuz yil davomida inson organizmida nafaqat turmush tarzi, balki tashqi tuzilish bilan bog‘liq ayrim biologik o‘zgarishlar ham kuzatilayotgani ilmiy tadqiqotlarda qayd etilmoqda. Shunday ishlardan biri inson bosh suyagi shaklining vaqt o‘tishi bilan sezilarli darajada o‘zgarib borayotganini ko‘rsatdi.

Mazkur xulosalar yaponiyalik antropologlar tomonidan olib borilgan keng qamrovli ilmiy tadqiqot natijalariga asoslangan bo‘lib, ular XX asr boshlarida yashagan odamlar bilan hozirgi davr vakillarining bosh suyak tuzilishini taqqoslab chiqqan. Tadqiqot natijalari nufuzli ilmiy nashrlardan biri — “American Journal of Biological Anthropology” jurnalida e’lon qilingan.

Olimlar 1900–1920 yillarda vafot etgan insonlarning bosh suyagi kompyuter tomografiya ma’lumotlarini zamonaviy davr — 2022–2024 yillarda yashagan yapon aholisining skanerlari bilan solishtirgan. Tahlil jarayonida aniq natijaga erishish uchun 3D modellashtirish va 161 ta anatomik nuqta asosida chuqur o‘lchovlar amalga oshirilgan.

Natijalarga ko‘ra, yuz yil ichida inson bosh suyak tuzilishi biroz “yumaloqlashgan” ko‘rinishga ega bo‘lgan. Ilgari ko‘proq uchraydigan cho‘zinchoq shakl esa hozirgi avlodda sezilarli darajada kamaygan. Bundan tashqari, yuz qismida ham o‘zgarishlar kuzatilgan: yonoq suyaklari toraygan, yuqori jag‘ biroz kengaygan, burun tuzilishi esa ingichkalashib, oldinga chiqishi kuchaygan. Peshona tuzilishida qisqarish, quloq orti suyaklarida esa nisbatan kattalashish holatlari qayd etilgan.

Tadqiqot muallifi Siori Usuining fikricha, bunday tez o‘zgarishlarni oddiy biologik evolyutsiya bilan izohlash qiyin. Uning ta’kidlashicha, asosiy omil — hayot tarzi o‘zgarishi: bolalik davridagi ovqatlanish sifati yaxshilangani, sog‘liqni saqlash darajasi oshgani hamda yumshoq ovqatlar iste’moli ortgani inson yuz suyaklariga bevosita ta’sir ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin.

Qiziqarli jihatlardan biri shundaki, erkaklar va ayollar o‘rtasidagi anatomik farqlar aksincha kuchaygan. Erkaklarda qosh usti suyaklari va yuzning oldinga chiqish darajasi yanada yaqqolroq shakllangan bo‘lsa, ayollarda bu ko‘rsatkichlar nisbatan yumshoqroq ko‘rinishga ega bo‘lgan. Bu esa zamonaviy turmush tarzi jinslar o‘rtasidagi farqlarni kamaytiradi degan avvalgi taxminlarga biroz zid natija bo‘lib chiqdi.

Tadqiqotchilar bu tendensiya faqat Yaponiyaga xos bo‘lmasligi mumkinligini ham ta’kidlashmoqda. Ularning fikricha, shunga o‘xshash o‘zgarishlar boshqa mamlakatlarda ham uchrashi ehtimolga yaqin, biroq bu borada qo‘shimcha va kengroq ilmiy izlanishlar talab etiladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Foydali » Yuz yilda inson bosh suyagi o‘zgargani aniqlandi