— Xonim o‘ziga-o‘zi nimalar haqida gapiryaptilar? — degan ovoz Lolani cho‘chitib yubordi, u o‘rnidan sapchib turib ketdi. — Jinnivoy, — gapini davom ettirdi xonaga sezdirmay kirib kelgan Nargiza Lolani erkalab, — nimalar deyapsan?
— Manga ish topiyb beyr. Ishlayman, — dedi lo‘li qiz kutilmaganda. — Boshqa bundaycha yurmayman.
— Nimaga birdaniga bunday qarorga kep qolding? — Nargiza sumkasini yerga qo‘yib, uning yoniga cho‘kdi.
— Ishlagiym keloptiy.
— Yaxshigina ish bo‘lsa men ham ishlardim. Lekin qayerga bormay, muammolar boshimga qorday yog‘iladi…
— Nemaga?
— Yigitlardan, umuman, erkak zotidan bezor bo‘lib ketdim. Qayerga bormayin, oshiq chiqadi. Bir qarasang, kap-katta, ko‘rinishidan tuppa-tuzuk odamlar. Iymonsizlar, maqsadi men bilan bir marta bo‘lsa ham ishrat qilib qolish. Keyin mening hayotim nima bo‘ladi, bu bilan ularning ishi yo‘q!..
— Buniy sababiy, man sanga aytsam, chiroyliysan!
— Hamma balo shunda-da!
— Kiym boqadiy siyzniy?
— Shu paytgacha ukam bechoraning bir o‘zi ishlardi. Onam ikkimizni yedirardi, ichirardi, kiyintirardi. Shungayam ko‘z tegdi. Ishqilib, sog‘ayib ketsin.
— Yaxshi ekanmiy?
— Ha, kechagidan bir oz tuzuk. Lekin oyim bechoraning bir kunda ko‘zlari kirtayib qolibdi. Yaxshiyam, kechagi hayvonlardan eson-omon qutulib ketdik, bo‘lmasa oyim ajalidan besh kun burun o‘lardi.
— Hay, hay, oposiy, bundaycha gaplarniy aytmang. Fariyshtalar hamma gapga ovmin aytishadiy.
Nargiza jilmaydi, lo‘li qiz bo‘lsayam Lola bilan gaplashib uning ko‘ngli picha yozilgandi.
Kech kira boshlaganda ular o‘zlariga oro berishib yo‘lga chiqishdi. Kasalxonaga yetib borishganda shom qorong‘isi yoyilgandi. Nargizaning yuragi negadir bezovta ura boshladi: “Ishqilib, ukam omon bo‘lsin-da, jonini xudo asrasin”, deya ko‘nglida tinimsiz iltijo qilardi. Kasalxonaga kirib, yo‘lak bo‘ylab borayotib jon qulog‘i bilan ukasi yotgan palatadan chiqayotgan tovushni ilg‘ashga urindi. Xayolida eshigi ochiq palatalardan chiqayotgan tovushlar onasining fig‘onli nolasiga o‘xshab ketadi. Nargiza eshik tutqichini ilkis tortganini o‘zi sezmay qoldi. Ichkarida, o‘g‘lining karavoti yonida boshini quyi solib xayol surib o‘tirgan ona eshikning taraqlab ochilganidan cho‘chib tushdi. Qizini ko‘rgach, yoqasiga tuflab:
— Nima balo, — dedi hadiksirab, — ortingdan yov quvlab kelayaptimi?
— Ukajonim yaxshimi? — Nargiza onasining gapiga javob bermay so‘radi.
— Xudoga shukur, hozirgina men bilan gaplashdi. Xayoliyam joyiga keldi. Sizlarni qiynab qo‘ydim, deb uzr so‘radi. Bolaginam aqlli-da, o‘zi.
“Xayriyat-yey!” yengil tin oldi Nargiza va avval onasining yuzidan, keyin ukasining ochiq peshonasidan o‘pib qo‘ydi. Lola ichkariga kirib, eshik yonida qaqqayib turardi.
— Bu mening dugonam, — uni onasiga tanishtirdi Nargiza.
— Kel, qizim, kir, — dedi ayol besaranjomlanib.
Qiz iymanib bir-ikki qadam bosib to‘xtadi. U kirganidayoq Nargizaning onasiga salom bergan, lekin ayol eshitadigan ahvolda emasdi. Shu bois, oraga biroz noqulaylik cho‘kdi.
— Ismi Lola, nihoyatda aqlli qiz, — ta’riflay boshladi uni Nargiza.
Ayol ilgari qizining bu dugonasini ko‘rmagandi, ustiga-ustak, uning salom bermagani ham g‘alati tuyildi. Egniga Nargizaning kiyimlarini kiyib olgani esa ayolni yanada ajablantirdi.
— Yaxshi, yaxshi… — bosh silkib qo‘ydi ayol.
Shu lahza xayolidan: «Tag‘in o‘g‘limning suyuklisi bo‘lmasin”, degan o‘y o‘tdi-da, qizga tag‘in, bu safar sinchiklabroq, boshdan-oyoq razm soldi. Ayolga uning saxt-sumbati ma’qul tushdi-yu, bezrayib turgani botmadi. Lolaning:
— O‘g‘lingiyz yaxshi bo‘p qoldimiy? — degan so‘rog‘idan keyin esa ayol butkul taxta bo‘lib qoldi. “Qurmag‘ur qizim kimni boshlab keldi?” deya xayolidan o‘tkazib, qiziga yovqarash qilib qo‘ydi.
Onasining yuzidagi o‘zgarishni ilg‘agan Nargiza:
— Oyijon, siz qorong‘i tushib qolmay tezroq uyga yetib oling. O‘ziyam rosa charchab ketdingiz. Ertalabdan o‘rin almashsak bo‘lardi, unamadingiz, endi dugonam bilan ukamga qarab turamiz, — dedi.
— Mayli, bolam, — ayol og‘rinib joyidan qo‘zg‘aldi, — bir hisobdan dugonangni olib kelib yaxshi qilibsan, ko‘nglim xotirjam bo‘ladi.
Ayol qizi bilan chiqib, tashqarida Lolaning kimligini surishtirmoqchi edi, Nargizaga dugonasi ham ergashdi.
Qizlar qaytib kirganida Bobur uyqudan uyg‘ongandi. Uni ko‘rib Nargiza quvonib ketdi. Ammo u quvonchi uzoqqa cho‘zilmasligini hali bilmas, chunki Boburni Doniyor bilan adashtirgan Berdimurod uning uchun zimdan ajal pichog‘ini charxlayotgandi.
* * *
Xosiyat bibi Lolaning yo‘qolib qolganidan bexabar edi. U Baronning po‘pisasidan keyin “tili chiqib qolgan” qizni bir yoqli qilish niyatidan ilojsiz qaytdi. Shu bois, uni qidirtirmadi. Og‘ziga tikilib, buyrug‘ini kutib turgan qavmining xotinlariga “kattakon”ning po‘pisasini bildirmaslik uchun iljayib qo‘ydi. Xotinlar ham uning yuzi tundlashib, keyin yorishganini ko‘rib xushomadomuz tirjayishdi.
— Shu daf’a Baronning gapini ikki qilmay, o‘sha oyimchaga teginmadim. Keyingi gal Baron tugul boshqasi bo‘lsayam qonini ichaman, — dedi Xosiyat bibi sir boy bermay.
Uning gaplaridan, ayniqsa, xabarkashlari shodlanishdi va Lolaning tag‘in tilidan ilinishini poylab kutadigan bo‘lishdi.
Kechki payt Xosiyat bibi uyiga qaytayotganida o‘zini qanday ko‘rgiliklar kutayotganini bilmasdi. U hammadan oldin uyiga borib, g‘o‘ddayib o‘tirgan Lolani “chaqib” olish payida edi.
Uyiga kirib, landovur, qo‘lidan bitni ham o‘ldirish kelmaydigan erining ovqat qilib qo‘ymaganini bilgach, xayolidan Lola haqidagi o‘ylar ko‘tarilib ketdi.
— Molga o‘xshamay o‘l, hayvondan tarqagan, hozir chavaqlab tashlayman! — bo‘kirdi erining og‘zidan biror yegulik tayyorlamagani haqidagi gap chiqar-chiqmas.
— Man… — er endi og‘zini juftlagan edi, boshiga balo yog‘ildi.
— Sandan mani axlatim avliyo, onangni!.. Haromi, isqirt! — deya Xosiyat bibi hovlining o‘rtasida yotgan temir tayoqni qo‘liga olib, eri tomon yugurdi.
Shu mahal uyga Baronning to‘rt yigiti oldinma-ketin bostirib kirdi. Xosiyat bibi ularni ko‘rdi-yu, joyida taqqa to‘xtadi. Erining esa yuziga qon yugurdi.
— Lola qani? — dedi birinchi kirib kelgan, qop-qora barzangi yigit qalin qoshlarini chimirib.
— Orqasini tomga qaratib yotgandir uyida, — dedi Xosiyat bibi ichidan zil ketganini bildirmaslikka tirishib.
— Uyida yo‘q, — dedi haligi yigit o‘qrayib, — hech kim ko‘rmagan, hech kim bilan mahallaga kelmagan!
— Bo‘lmasa yurgandir-da bironta o‘ynashi bilan yallo qilib.
— Qaysi o‘ynashi bilan yurganini sen bilishing kerak. Top!
— Ibiy, man topamanmi hali?! Baron o‘ynash qilmoqchi bo‘lsa, o‘zi topsin! — u shunday dedi-yu, tilini tishlab qoldi.
Ha, Xosiyat bibi lo‘li mahalladagi istagan odamni og‘ziga siqqancha haqoratlashi, go‘rdan olib go‘rga tiqishi, hatto og‘zi-burnini qonga to‘ldirib urishi mumkin edi. Buning uchun birov unga «g‘ing» demasdi. Faqat Barondan ajaldan qo‘rqqanday qo‘rqardi. Ammo nima jin urib hozir tiliga erk berib yuborganini o‘zi ham sezmay qoldi. Ichida afsuslandi-yu, biroq endi kech, g‘isht qolipdan ko‘chgandi. Barzangi yigit qo‘l telefonidan xo‘jasiga qo‘ng‘iroq qilib, voqeani batafsil aytdi. Uning gaplarini Xosiyat bibi eshitdi-yu, lekin Baronning nima deb javob qilgani unga qorong‘i bo‘lib qoldi. Qo‘ng‘iroq qilgan yigit telefonini cho‘ntagiga soldi-da, qo‘rqqan oldin musht ko‘tarar qabilida chiranayotgan lo‘lilarning erka xotiniga tashlandi. Barondan shunday buyruq bo‘lganini anglab, qolgan uch barzangi ham Xosiyat bibiga yopishishdi.
— Piychoq bilan so‘yinglar, manam qutulay bu yalmog‘iz kampirdan, manam qutulay! — deya qichqirdi Xosiyat bibining eri barzangilarni gijgijlab.
— Hammangni milisaga sotaman! Nima ish qilganlaringni barini bilaman, bangilar! — qichqirdi ayol, go‘yo shu gapdan qo‘rqib, qo‘yib yuborishadi, degan o‘yda.
Ammo bu safar ham u adashgandi. Baronning odamlari battar pishqirib ketishdi. Biri lo‘liboshining og‘ziga kir lattani tiqdi, ikkinchisi burnining teshiklariga ikkita barmog‘ini joylab yuzini osmonga qaratdi. Shu payt orqada turgan uchinchi yigit hech ikkilanib o‘tirmasdan Xosiyat bibining tomog‘iga o‘tkir tig‘ni tortib yubordi. Ayol xirillab tipirchilay boshladi. Lo‘liboshining eri voqeaning bunday tus olishini kutmagandi, ko‘zlari olayib ortiga tisarila boshladi. Uning qochishga shaylanganini semiz barzangi payqab, lapanglagancha yugurib borib erning yoqasidan ushladi.
— Vo-oy, manda gunoh yo‘q. Man uydan chiqmaganman, Lolani ko‘rmaganman! Nima qilsa, shu kampir qilgan! O‘ldirmanglar! O‘zi bu kampirdan qutulsam, sayil qilib bermoqchiydi-i-m! — deya ko‘zidan yoshini oqizib yalinishga tushdi Xosiyat bibining eri.
— Kampirning ahvolini ko‘rdingmi? — dedi barzangi xunuk irjayib.
— Yo‘q, yo‘q, ko‘rmadim, bugun u bozordan qaytib kelmagan. Qochib ketgan, o‘ziga o‘ynash topgan, — dedi er mabodo ko‘rdim, desa, «Hali sen guvoh bo‘lmoqchimisan», deyishlaridan qo‘rqib.
— Malades, — dedi barzangi, — kampirning tarbiyasi zo‘r bo‘ganakan. Agar birovga og‘zingdan gullaydigan bo‘lsang, seniyam kallangni olamiz. Endi bu yoqqa yur!
Barzangi hali aqli-hushini yig‘ib ololmagan xonadonning erkagi bo‘lgan qariyani sudrab, joni uzilib bo‘lgan kampiri tepasiga olib keldi.
— Kampiringdan qutulishni orzu qilib yurgan ekansan, endi qolgan ishni o‘zing bajar. Kallasini uz buning!
Lo‘liboshining eri oyoq-qo‘li “qalt-qalt” titrab, qo‘lini pichoqqa cho‘zdi. Pichoqni olishga oldi-yu, lekin tizzalari bukilib o‘tirib qoldi. “Shu ishni menga qildirmanglar”, iltijoli ko‘zlarini boshida turgan to‘rt barzangiga tikib mo‘ltiradi.
— Bo‘l, tez! — deb o‘shqirdi telefonda gaplashgan barzangi.
Ular aytganini qilmasa, kampirining ahvoliga tushishi tayinligini anglagan er o‘ttiz yil bir yostiqqa bosh qo‘yib kelgan xotinining yarmigacha so‘yilgan tomog‘iga pichoq solib, ko‘zlarini “chirt” yumgancha tortib yubordi…
Xosiyat bibining uyidagi “qiy-chuv”ni qo‘ni-qo‘shnilari eshitishgandi. Biroq ora-sira Baronning nomi ham tilga olingani bois, birov mo‘ralab qarashga-da botinolmadi. Ertalabgacha to‘polon sodir bo‘lgan uyda hammasi joy-joyiga tushdi: Xosiyat bibining jasadi hovlining o‘rtasiga ko‘mildi, qon yuqlari qirib olindi, kallani esa qopga solinib olib ketishdi.
Nuriddin ISMOILOV
(Keyingi qismlarni yaqin soatlarda o‘qiysiz)
Manba: hordiq.uz “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi