Braziliyalik olimlar inson miyasini qarishdan muhofaza qila oladigan tabiiy vositani topishdi. Riu-Grandi-du-Sul Federal universiteti tadqiqotchilari aniqlashicha, Amerika rayhoni ekstrakti miyadagi oksidlovchi stressni kamaytiradi, yallig‘lanish jarayonlarini sustlashtiradi va hujayralarning qarishini sekinlashtiradi. Tadqiqot natijalari nufuzli “Nutrients” jurnalida e’lon qilingan.
Olimlar bu natijaga kalamushlar ustidan o‘tkazilgan ilmiy tajribalar orqali yetishdi. Ular rayhon ekstraktining gippokamp — xotira va o‘rganish uchun javob beradigan miya qismiga ta’sirini o‘rgangan. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, rayhon tarkibidagi foydali birikmalar organizmdagi moddalar almashinuvi jarayonida hosil bo‘ladigan va hujayralarni shikastlovchi aktiv kislorod shakllarini (AKSH) kamaytiradi.
AKSH miqdorining ortishi oksidlovchi stressga sabab bo‘ladi, bu esa neyronlarning faoliyatini buzadi, miya hujayralari membranalarini yemirib, nerv impulslarining uzatilishini sekinlashtiradi. Ammo rayhon ekstrakti bu zararli jarayonlarning oldini oladi, hujayralarni faol holatda saqlaydi.
Qayd etilishicha, tajribalarda rayhon ekstrakti qo‘llanilgan kalamushlarda gippokamp hujayralarining buzilishi oldini olingan, yallig‘lanishni kuchaytiruvchi TNF-α va IL-1β molekulalari darajasi esa ancha pasaygan. Bu moddalar organizmda yallig‘lanishni kuchaytiradi, ularning yuqori darajasi esa miyada “neyroyallig‘lanish” deb ataluvchi jarayonni tezlashtiradi.
Biokimyoviy tahlillar shuni ko‘rsatdiki, Amerika rayhoni antioksidant moddalarga, xususan rozmarin va xloregen kislotalariga boy. Aynan ushbu birikmalar miya hujayralarini himoya qiladi, neyronlar faoliyatini barqarorlashtiradi va xotirani mustahkamlaydi.
Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, ushbu natijalar kelgusida Amerika rayhoni asosida biologik faol qo‘shimchalar va nutrasevtik vositalar yaratish imkonini beradi. Biroq, inson uchun optimal doza va qo‘llanish shaklini aniqlash uchun yana qo‘shimcha ilmiy ishlar zarur bo‘ladi.
Mutaxassislar bu kashfiyotni neyrodegenerativ kasalliklar — xususan, Alsgeymer va Parkinson sindromlariga qarshi kurashda muhim qadam sifatida baholamoqda.
Eslatib o‘tamiz, yaqinda Latviyada inson sog‘ligi uchun xavfli bo‘lgan yangi sintetik narkotik — “spiroxlorfin” aniqlangan edi. Mutaxassislar dunyoda bir vaqtning o‘zida ham xavfli moddalar, ham tabiiy shifobaxsh o‘simliklar kashf etilayotganini ta’kidlab, sog‘lom turmush tarzini saqlash muhimligini uqtirishmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!