date

Chakanda haqiqatdan ham shamollashdan asraydimi?

Chakanda haqiqatdan ham shamollashdan asraydimi?

Qish mavsumi yaqinlashganda, ko‘pchilik shamollash va grippdan himoyalanish uchun tabiiy mahsulotlarga yuzlanadi. Ularning eng mashhurlaridan biri — chakanda. Yorqin sariq tusli, mayda va turshtagi ta’mga ega bu meva asrlar davomida xalq tabobatida ishlatilib kelingan.

Chakanda (Hippophae rhamnoides) asosan sovuq iqlimli hududlarda — Rossiya, Xitoy, Hindiston va Markaziy Osiyoda o‘sadi. Uning tarkibida immunitetni mustahkamlovchi va yallig‘lanishni kamaytiruvchi ko‘plab moddalar mavjud.

Chakandaning foydali jihatlari

Kuchli vitamin C manbai. 100 gramm chakanda mevasida taxminan 400 mg askorbin kislotasi bor — bu apelsinga nisbatan 5 barobar ko‘p. Vitamin C immun tizim faoliyatini qo‘llab-quvvatlaydi va organizmining viruslarga qarshi turish qobiliyatini oshiradi.

Vitamin A va B guruhi. Chakandadagi beta-karotin ko‘z salomatligini va terining holatini yaxshilaydi. B guruhi vitaminlari esa asab tizimi va energiya balansi uchun muhim.

Omega yog‘ kislotalari. Omega-3, -6, -7 va -9 kislotalari yurak-qon tomir tizimini sog‘lom saqlaydi, yallig‘lanishni kamaytiradi.

Antioksidantlar. Chakandadagi flavonoid va polifenollar hujayralarning erkin radikallardan zararlanishini oldini oladi, qarish jarayonini sekinlashtiradi.

Ilmiy nuqtayi nazar

Chakandaning foydalari haqidagi ma’lumotlar ko‘p bo‘lsa-da, olimlar uning shamollashni oldini olish yoki davolashdagi aniq samaradorligini hali to‘liq isbotlashmaganini ta’kidlaydilar. Ba’zi tadqiqotlar chakanda iste’moli yallig‘lanish ko‘rsatkichlarini kamaytiradi, deb ko‘rsatgan, ammo bu shamollashning oldini olish uchun yetarli dalil emas.

Chakanda, albatta, organizm uchun foydali mahsulot. U immunitetni quvvatlaydi, yallig‘lanishni pasaytiradi va organizmni vitaminlar bilan ta’minlaydi. Ammo u shamollashga qarshi asosiy davo sifatida emas, balki sog‘lom turmush tarzining bir qismi sifatida qabul qilinishi lozim.

Yangi uzilgan chakanda mevalarini yoki ulardan tayyorlangan sharbatni mo‘tadil miqdorda iste’mol qilish foydali bo‘ladi. Biroq eng yaxshi himoya vositasi hamon to‘g‘ri ovqatlanish, yetarli uyqu va faol hayot tarzidir.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Foydali » Chakanda haqiqatdan ham shamollashdan asraydimi?