“Food & Function” (F&F) jurnalida e’lon qilingan yangi ilmiy tadqiqot odamlar kundalik ovqatidagi oddiy don mahsulotlarining miya faoliyatiga ijobiy ta’sirini yana bir bor isbotladi. Mutaxassislar fikricha, muntazam ravishda to‘liq don iste’mol qilish insonda kognitiv qobiliyatni oshiradi va yosh o‘tishi bilan bog‘liq xotira pasayishi xavfini kamaytiradi, deb xabar berdi pubs.rsc.org.
Tadqiqotda o‘rtacha yoshi 64 dan yuqori bo‘lgan 5000 dan ziyod ishtirokchi qatnashdi. Xitoylik olimlar ularning parhez ma’lumotlarini diqqat, xotira va fikrlash tezligi bo‘yicha test natijalari bilan taqqoslashdi.
Natijalar shundan dalolat berdiki, kuniga taxminan 75 gramm to‘liq don mahsulotlarini iste’mol qilgan ishtirokchilar barcha kognitiv sinovlarda yuqori ko‘rsatkichlarni qayd etgan. Ular yengil aqliy buzilishlardan 18 foizga kamroq jabr ko‘rgan. Ayniqsa, og‘zaki xotira va diqqatni jamlash qobiliyati bilan don iste’moli o‘rtasidagi bog‘liqlik yaqqol kuzatilgan.
Olimlar bu holatni don tarkibidagi foydali elementlar — tolalar, V guruhi vitaminlari, magniy va antioksidantlar bilan izohlashdi. Ushbu moddalar qon tomirlari sog‘lomligini ta’minlab, neyronlarning faoliyatini quvvatlaydi hamda miyani oksidlanish jarayonlaridan himoya qiladi.
Tadqiqot mualliflarining ta’kidlashicha, hatto parhezda donli mahsulotlar ulushining ozgina oshishi ham keksayganda xotira, diqqat va fikrlash ravshanligini saqlashning oddiy, tabiiy usuli bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, ekspertlar ta’kidlaganidek, bu kabi parhez nafaqat miya faoliyati uchun, balki umumiy sog‘liq va yurak-qon tomir tizimi uchun ham foydali hisoblanadi. Ular aholini qayta ishlangan mahsulotlar o‘rniga tabiiy to‘liq donli taomlar — javdar, suli, arpa va qora bug‘doyni ko‘proq iste’mol qilishga chaqirishdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!