Xitoy va Janubiy Afrika olimlari yasmin choyining sog‘liqqa ta’sirini o‘rganib, qiziqarli natijalarga yetishdi, deb yozdi Science Daily.
Mutaxassislar aniqlashicha, yasmin choyi glyukoza almashinuvini yaxshilaydi, qondagi yog‘ miqdorini kamaytiradi va organizmdagi energetik muvozanatni tiklashga yordam beradi.
Tajribalar ikkinchi tip qandli diabet bilan og‘rigan kalamushlar ustidan o‘tkazildi. Natijada yasmin choyi qondagi shakar darajasini pasaytirgan, insulin ishlab chiqarilishini faollashtirgan hamda β-hujayralarining qayta tiklanishini rag‘batlantirgan.
Olimlarning ta’kidlashicha, yasmin choyida biologik faol moddalarni organizm tomonidan yaxshi o‘zlashtirishni ta’minlaydigan nanozarralar va antioksidant ta’sirini kuchaytiruvchi mikroelementlar mavjud. Ushbu moddalar birgalikda moddalar almashinuviga bog‘liq salbiy jarayonlarni yumshatishga va qandli diabetning ta’sirini kamaytirishga yordam beradi.
Hozircha tajribalar faqat hayvonlarda amalga oshirilgan bo‘lsa-da, mualliflar yasmin choyining insonlar sog‘lig‘iga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatish ehtimoli yuqori ekanini qayd etmoqda. Ular bu ichimlik kelgusida diabetni davolash yoki uning asoratlarini oldini olishda qo‘shimcha tabiiy vosita bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.
Tadqiqotchilarning fikricha, yasmin choyini muntazam miqdorda iste’mol qilish organizmning qand moddasini qayta ishlash qobiliyatini yaxshilaydi, qon aylanishini faollashtiradi va antioksidant himoyasini kuchaytiradi.
Shunday qilib, yangi ilmiy izlanishlar yana bir bor shundan dalolat bermoqdaki, tabiatning oddiy ne’matlari — choy, giyoh va o‘simliklar — inson sog‘lig‘ini saqlashda zamonaviy dori vositalari bilan teng ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!