Yarim soatcha o‘tib, oldindagi mashina to‘xtadi. Undan erinibgina tushgan Baron bitta-bitta yurib qizlarning oldiga kela boshladi.
Nargiza xavotirlanib Lolaga qaradi.
— Maniy deb shundoq bo‘ldiy, — dedi lo‘li qiz ko‘zidan yoshini oqizib. — Manda xapa bo‘ma…
— Sendan hecham xafamasman. Taqdirimiz shu ekan-da. Bularga ham atagani bordir-da… Men… Men o‘limdan qo‘rqmayman, sharmandalikdan qo‘rqaman. O‘lsam oyijonim kuyadi, shundan qo‘rqaman, — Nargiza Lolani mahkam quchoqlab oldi.
Baron qizlarga bir-bir qarab:
— Qaniy, qaysing birinchiy? — dedi xo‘mrayib. Odatda, bunday damlarda Baron yayrab ketardi. Hozir kayfiyati yaxshimas, chunki shunday qizlarning o‘lib ketishini o‘zi ham istamayotgandi. Biroq endi kech, gapidan qaytish Baron uchun benomuslik bilan barobar edi.
— Avval men, — dedi Lola jilmayib, — men qochaman avval. Yetib olsang bilganingni qil. Yetolmasang, Nargizani qo‘yib yuborasan.
— O‘-o‘, — dedi xojasining orqasida turgan Hasan, — chatoq-ku.
— Gap nest! — Baron iljaydi. — Man yetolmasam ikkoving ham ozodsan.
— Unda boshladik, — dedi Lola, — qaysi tomonga qochay?
— To‘xta, — dedi Baron unga, — hali qochasanam, manam yetaman, shoshilma. Avval bittadan pivo ichamiz. Senga kuch kiradi.
Shotirlaridan biri mashinaning yukxonasidan bir yashik pivo oldi.
Lola ilgari hazil ustida qizlar bilan birga bunaqa ichimlik ichgandi. Ta’mi yoqmasa-da, boshi yengillashganday bo‘lgani esida. Shu bois, Baron uzatgan shishani ikkilanmay ko‘tardi. Uning ichishini ko‘rgan Baron yigitlariga iljayib qarab qo‘ydi.
Shishani bo‘shatib, Lola qirdan enib yugurib ketdi.
* * *
Bobur ishlari tez bitayotganidan ajablanmasdi. Nazarida aslida shunday bo‘lishi kerakday. Mahalladagilar og‘zidan chiqishi bilan ma’lumotnoma berishdi, do‘xtirlar uni ko‘rishlari bilan hamdardlik bildirishib, bir parcha qog‘ozni qo‘liga tutqazishdi. Hujjatlarni taxtlab Bobur Mirkomil bilan birga yana o‘likxonaga bordi. Bu gal u yerdagilar o‘zlari mashina topishib, jasadni Boburning uyiga olib borishdi.
— Bugun kech bo‘ldi, — dedi mahalla oqsoqoli, — erta peshinga chiqaramiz. Har qalay, jon taslim qilganiga ancha kun bo‘libdi. Endi ushlab turmay ertaroq joyiga qo‘yganimiz ma’qul.
— Xo‘p, — dedi boshi quyi egilgan Bobur, — mahalla nima desa shu.
Mirkomil shom pallasi chiqib ketdi. “Shuncha u bilan birga yurdim, lekin, zig‘ircha bo‘lsin, o‘zimga kerakli ma’lumot ololmadim, — deya o‘yladi u yo‘lda ketayotib. — Balki uning hech narsaga aloqasi yo‘qdir. Shunday lallayib yuradigan bo‘lsam, ikki dunyoda ham prokuror bo‘lolmayman. Bitta ishni ham eplolmading, deb og‘ziga kuchi yetmaydiganlar ta’na qilishi mumkin. Lekin xo‘jayin qattiq koyiydi. Shundog‘am hamma ishning boshida o‘zi turibdi: Boburning onasini olib chiqishimizga ham shaxsan o‘zi ko‘maklashdi, hammayoqqa telefon qilib chiqdi. Men so‘ppayib yuribman… Odamlar bilan ishlash qiyin ekan”. Uning uyga ham, ishxonaga ham oyog‘i tortmadi, avtobusda ikki bekat yurib, tushib qoldi. “Ozroq piyoda yurayin”, degan o‘yda avtobusdan tushganida, “Baltika” degan ulkan yozuvga ko‘zi tushdi-yu, bexosdan shu tomonga yura boshladi.
Shinam restoranda odam kamchil, ko‘pi bilan o‘n chog‘li. Lekin oralarida yolg‘iz o‘tirgan yo‘q hisobi — kimdir o‘rtog‘i bilan, yigitlardan o‘tkazib kiyingan qizlar dugonasi bilan o‘tirar, pivo ichishar, sigareta chekishar, ora-sira xoxolashib kulishardi. Ular Mirkomilning ko‘ziga juda baxtli odamlarday ko‘rinib, u o‘zini g‘arib his etdi. “Senga balo bormidi melisada ishlab, tinchgina biznes bilan shug‘ullanib yurganingda, birov bir narsa dermidi? Yana prokuror bo‘larmish! Uzog‘i bilan besh yilda! Ey, xomkalla!..” U o‘zini-o‘zi shu taxlit yaniganidan keyin stollardan biriga o‘tirdi. Ochiq-sochiq kiyingan, bo‘liqqina chiroyli qiz kelib undan nima buyurishini so‘radi.
— Pivo, — dedi boshini kaftlari orasiga olgan Mirkomil, — boshqa narsa kerakmas.
— Qurtmi, sho‘rdanakmi, qo‘shib kelaymi? — so‘radi qiz kipriklarini pirpiratib.
— Mayli, sho‘rdanak olib keling, — dedi Mirkomil qizga qayrilib qaramay.
Qiz ketgach, Mirkomil xayolga cho‘mib, uning pivo keltirganini sezmay ham qoldi. Sochini barmoqlari bilan orqaga taramoqchi bo‘lganida qo‘li idishga tegib ketdi.
Pivoning ta’mi Mirkomilga yoqdi, chindan ichimlik mazali edi. Sho‘rdanakning ta’mi qo‘shilganida ishtahasi yanada ochilib, bir shisha bilan qanoatlanmay, tag‘in bir shisha buyurdi.
Tashqariga chiqqanida ruhida yengillikni his etdi. Xayoli tiniqqan, aqli tiyraklashgandi. U ortiga — Boburning uyiga qaytdi. Shunday qilsa, har xil boshog‘riqlarga chek qo‘yadiganday tuyuldi unga. Aslida ham shunday bo‘lib chiqdi.
Mirkomil kirishi kerak bo‘lgan yo‘lakka burilmay turib ikki yigit undan oldin shitob bilan o‘sha yoqqa kirib ketganini, orqada ketayotgani atrofga bir qur razm solganini ko‘rdi. Ko‘nglida shubha uyg‘ondi va qadamini tezlatdi.
Ko‘nglidagi xavotiri behuda emas ekan. Ikkala yigit ham Boburning eshigi ortida g‘oz turar, biri qo‘ng‘iroq tugmachasini bosardi. Mirkomil tajribasizligiga borib, ularning yoniga yugurib chiqmoqchi va “Nega keldinglar?” deya so‘roqqa tutmoqchi bo‘ldi. Biroq so‘nggi daqiqalarda o‘zini tutdi. Turgan joyida ularni kuzatdi. Eshik ochilib, Bobur chiqdi.
— Ey, oshna, — dedi yigitlarning novcharog‘i, — qidirmagan joyimiz qolmadi-ku! Kasalxonaga borsak, u yoqdan ham quyon bo‘lib qolibsan.
U quchog‘ini ochib ko‘rishmoqchi bo‘lganida, Bobur qo‘lini uzatib qo‘ya qoldi.
— Xo‘jayin seni ko‘p so‘rayapti, — gapida davom etdi haligi yigit.
— Borolmayman, — dedi Bobur titragan ovozda, — oyimni berib qo‘ydim.
— Qachon?!
— Ertaga chiqaramiz, — dedi past ovozda Bobur va endi ortiga burilayotganida yigitlar birin-ketin uni bag‘riga tortishdi. Endi ular Boburnikida qolishlari yoki uni biror joyga olib ketishlaridan ko‘ra jo‘nab qolishlari aniqroq edi. Shu bois, Mirkomil zinadan tez-tez yurib pastga tushdi-da, go‘yo shu uyda istiqomat qiladigan odamday qo‘lini beliga qo‘yib, u yoqdan bu yoqqa yura boshladi. Uning taxmini bu safar to‘g‘ri chiqdi, hozirgina Boburga kelgan yigitlar oldinma-keyin gurunglashib pastga tushishib, yonidan o‘tishayotgandi, Mirkomil:
— Mabodo sigaret topilmaydimi? — deb ularni to‘xtatdi.
— Bemalol, — novcha yigit cho‘ntagidan bir quti sigaret chiqarib, bir donasini olib Mirkomilga uzatdi-da, gugurt yoqib turdi.
Mirkomil sigaretani tutatish bahonasida ularning yuzini ko‘rib olishga ulgurdi. Yigitlar uzoqlashgach, Mirkomil beixtiyor sigareta tutunini ichiga tortib, shu ondayoq yo‘talib qoldi. Nafasi qisib, ko‘zidan o‘t chaqnab ketdi.
— Bu padaringga la’natni qanday chekisharkan? — deya sigaretni uloqtirib, yo‘lak tomon yurdi.
Bobur Mirkomilning tez qaytganini ko‘rib hayron bo‘ldi:
— Ha, tinchlikmi?
— Tinchlik, tinchlik. Seni yolg‘iz qoldirmay, deb keldim.
— Men yolg‘izmasman. Mahalladagilar bor.
— Mayli, nima bo‘lgandayam… Har qalay, choy-poy damlab turish kerak.
Bobur Mirkomilni uyga taklif qilmadi, “kirsang kiraver” degandek, sekin ortiga burildi.
Bobur janozaga odam ko‘p yig‘ilmasa kerak, deb o‘ylagandi. Ertalabdan yo‘lak odamga to‘ldi. Derazadan pastga qaragandi, uy oldida ham ko‘pchilik qo‘l qovushtirib turardi.
Tobut yerdan uzilgan zahoti qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketdi. Uning ortidan yolg‘iz Bobur yig‘lab borar, yurak-bag‘ri o‘rtanib bo‘zlar, ayni paytda marosim tezroq tugab, bu ko‘rgiliklarni boshiga solganlarni topib, qasd olishni istardi. O‘zicha reja tuzib qo‘ygan: avval lo‘li qizni topib, “shox”ini yaxshilab qayiradi, keyin boshqalariga o‘tadi.
Qabristonda Mirkomil kecha yo‘lakda ko‘rgan ikki yigitni uchratdi. Ular negadir betoqatlanar, ketma-ket sigareta tutatardi. Bir mahal ular ko‘zdan g‘oyib bo‘lishdi. Mirkomil shubhasi haqida komandiriga ertaroq xabar bermaganidan afsuslandi. “Endi kech, xabar berganim bilan gap eshitganim qoladi”, deb o‘yladi.
Shomga yaqin Boburning uyi yo‘lagida ta’ziya qabul qilib o‘tirib Mirkomil undan so‘radi:
— Kechagi yigitlar kim edi?
— Qaysi? — Bobur peshonasi tirishib unga qaradi.
— Kecha kechqurun mendan oldin kelib ketishdi-ku. Pod’ezdda men ularga duch kelib qoldim.
— E, ularning boridan yo‘g‘i afzal. Mayda-chuyda sotamiz, deb shularga qo‘shilgandim. Tuzuk-quruq biron nima sotmadigam. Qaytanga borimdan ayrildim. Kamiga oyim… Yana ularning sheflariyam bor… Turqi sovuq bir nusxa. Sizga nimaga kerak bo‘lib qoldi ular?
— Shunchaki so‘radim-da.
Darvoqe, Bobur Xalil boyvachchaning odamlari qatoriga qo‘shilganiga ko‘p bo‘lmagandi. Boyvachchaning o‘zini ham ko‘pi bilan besh-olti marta ko‘rgan, hali uni boshqa yugurdaklariday ilkib-silkimagan esa-da, Bobur bir ko‘rishdayoq bu so‘xtasi sovuq odamni yoqtirmay qolgandi. “Avvalgi tirikchiligimni qilib yuraversam bo‘larkan. Bularga qo‘shilib baraka topmasam kerak”, deb o‘ylagandi o‘shanda u. Biroq ishlar boshqacha ketdi — u Xalil boyvachchaning nazariga tez tushdi, agar oyog‘ining ostidan chiqib qolgan bu falokat bo‘lmaganida, balki hozir uning ishonchini ham qozonarmidi?
— Endi men ketaversam ham bo‘lar. Ertaga xabar olaman. Aytganday, do‘xtirga bugun bormading, ertaga borishing shart.
“Namuncha menga yopishib qoldi, boshqa qiladigan ishi yo‘qmi?” — xayolidan o‘tdi Boburning.
Mirkomil ketdi. Bobur o‘zi yolg‘iz qoldi. U javonni ochib, albom oldi-da, varaqlab onasi va opasining suratlarini bir-bir ko‘ra boshladi. Shu payt varaqlar orasidan bir parcha qog‘oz chiqib qoldi. Bobur unda chizilgan tog‘ va raqamlarni ko‘rib hayron bo‘ldi. Qog‘ozning ortiga qaradi — bo‘m-bo‘sh, keyin bir xayoli otib yubormoqchi ham bo‘ldi. So‘ng: “Tursa turaversin”, degan o‘yda, buklab albomning ichiga solib qo‘ydi.
Nuriddin ISMOILOV
(Keyingi qismlarni yaqin soatlarda o‘qiysiz)
Manba: hordiq.uz “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Britaniya muzeyi mamlakat tarixidagi eng qimmat sovg‘aga ega bo‘ladi