— Nega kelinoyim qovog‘ini ochmaydi? Xuddi biz yeb, ular quruq qolayotgandek? Qolaversa, biz amakimning topgan-tutganini yeb-ichib, kekirib yotganimiz yo‘q-ku! Siz ishlayapsiz, men ishlayapman. Mushtday joni bilan Gulsanam ham qarab turgani yo‘q.
Kelinoyisi — amakisining xotini Ruxsora oshxonadami, ayvondami nimalarnidir taraqlata boshlagach, Javlonning yana jahli chiqib oyisi — Salima ayaga gapirib tashladi. Aslida u “Qizim, senga aytaman, kelinim, sen eshit” qabilida baland ovozda bu gaplarni kelinoyisiga yo‘llayotgan edi. Salima ayaning rangi oqarib ketdi. U otasiga o‘xshab jahli tez o‘g‘li qandaydir g‘avg‘oni boshlashidan cho‘chirdi. O‘g‘lining qoshlari o‘rtasiga tuguncha tushib, yonoqlari pir-pir ucha boshlasa, yuragiga titroq kirar:
— Bolajonim, o‘zingni bos. Yomon gap yomon gapga doya bo‘ladi. O‘tmagan kun bormi? Bu kunlar ham o‘tadi. Bularga oson tutma. Amaking bilan kelinoyingning o‘rniga o‘zingni qo‘yib ko‘r. O‘z eshigingdan emin-erkin kirib chiqa olmasang, jigaring, qarindoshing bo‘lsa-da, kimdir xalaqit berib tursa… — onaizori bu gaplarni shivirlab, titrab aytadi. Bu gal ovsini ovoz eshitiladigan joyda bo‘lgani uchun faqat barmog‘ini labiga bosib, “Jim bo‘l!” ishorasini qildi. Lekin Javlon hali achchig‘idan tushmagan edi. Axir kelinoyisining qovoq-tumshuq qilishga mutlaqo haqqi yo‘q. Chunki Azimboyning aka-ukaga, ya’ni Javlonning rahmatli dadasi Davron aka bilan uning ukasi Mavlonga ijaraga, ya’ni yuritib turishga bergan do‘konining bir kechada kuyib kul bo‘lishiga ikkalasi ham teng aybdor. O‘sha kechasi do‘konni ochish, uni kechasi bilan qo‘riqlab chiqish navbati (aka-ukalar o‘zlari do‘kondorlik, o‘zlari qorovullik, o‘zlari ekspeditorlik qilishar edi, bir yog‘i qishloqchilik, bir yog‘i xarajat masalasi, degandek) Davron akaniki edi. Lekin Mavlon akasiga:
— Uch-to‘rtta og‘aynilar bilan o‘tirishmoqchi edik. Bugun og‘aynimiz Rashidning tug‘ilgan kuni. Xotini juda zahar, uyiga borgimiz yo‘q, — deb navbatni almashtirishni iltimos qildi. Davron aka:
— Shu do‘konda og‘aynilaring bilan o‘tirishing menga yoqmaydi-da. Ana, uyingda o‘tir, juda bo‘lmasa, menikida o‘tir, — dedi. Mavlon esa:
— Birinchi marta emas-ku, bu yer bemalolroq-da, — deb o‘z aytganidan qolmadi. Davron aka o‘sha kech ko‘ngli bo‘shlik qilgani uchun o‘zini umrining oxirigacha kechirolmay ketdi.
… “Shaytonning suvi” og‘izlariga tegib, qizishishgach, Mavlonning o‘rtoqlari:
— Hadeb kirib-chiqib yuramizmi? Bir chekkada pishaveradi-da, — deb kabob ko‘rasini do‘kon ichiga ko‘tarib kirishadi. Keyin o‘zlari qartabozlikka berilib ketishadi. Ko‘radagi yaltirab yotgan cho‘g‘lar parvolariga ham kelmay, yeb-ichishadi, uyquga ketishadi. Qishloq ahli gurillab yonayotgan do‘kon alangasidan uyg‘onib, yugurishganida ancha-muncha narsa kuyib kul bo‘lgan edi. Bir balo qilib, mast uyquni urayotgan og‘aynilarni olib chiqib ulgurishadi.
Azimboy:
— Shart — bitta. Tiyin-tiyinigacha to‘lasalaring da’voyim yo‘q. Bo‘lmasa boradigan joylaring — ma’lum, — dedi.
Aka-ukalarning oila a’zolari maslahatga yig‘ilishganida, Mavlon:
— Aka, jigarchilikda “Ayb seniki, ayb meniki”, degan gap bo‘lmaydi. Do‘konni teng sherik yuritarmidik, demak, ayb ikkimizniki. Mening uyim — kengroq. Tag‘in bu ota-bobolarimizdan meros qolgan uy. Sizning ham, jiyanlarimning ham haqqi bor. Keling, sizning uyingizni sotaylik-da, Azimboyning og‘zini yopaylik. Sizlar biznikiga ko‘chib o‘tasizlar, onamizning tor qorniga sig‘ganmiz, endi bitta uyga sig‘maymizmi? — dedi. Davron akaning yuragi azaldan nozikroq edi. U o‘zining gavdasini ko‘tara olmay yanada titrab turgan yuragiga tobora ishonchsiz qarayotgani uchun ukasining taklifiga “xo‘p” deyishdan boshqa iloji yo‘q edi. Shu-shu Javlon, Salima aya va Gulsanamlar (Davron aka yong‘in voqeasidan to‘rt-besh oy o‘tar-o‘tmas bandalikni bajo keltirdi) amakisining uyida sig‘indi bo‘lib qolishdi.
… Javlonning qizarib-bo‘zarib turganining ustiga ko‘chadan amakisi kirib keldi. Uning ham qovoq-dimog‘i xotininikidan qolishmasdi. Faqat shu bugun emas, Javlonning dadasini ma’rakalari o‘tgandan beri shu ahvol edi. Ikki oila bir bo‘lib yashagan dastlabki kunlardanoq xotinining avzoyiga qarabmi, yo o‘zi rostdan shunday qilmoqchimidi, Mavlon:
— Aka, issiq-yorug‘ kunlar boshlansa, bu tarafdan oshxona, yana boshqa zaruriyatlar qurib, uyni ikki eshikli qilib beraman. Bir-birimizga xalaqit bermaymiz, — degan bo‘lsa-da, anchadan buyon bu haqda og‘iz ochmasdi.
— Oyi, hozir ayni vaqti. Kelinoyim janjal qo‘zimasdan avval amakimning va’dasini esga solaylik, yo ikki eshik qilib bersin, yo uyni sotib, ikkiga bo‘lamiz, — dedi Javlon.
Salima aya o‘g‘lini eshikka qarab itardi.
— Bor, ko‘chada ozgina og‘aynilaring bilan ozgina valaqlashib, sovib kel. Bo‘lmasa og‘zingga kelgan gapni valdirayverasan… Nima qilishni uyning kattasi — amaking hal qiladi…
— E, o‘sha katta bo‘lgan…
Salima aya o‘g‘liga boshqa gap gapirtirmadi. Goh yelkasini silab, goh turtkilab chiqarib yubordi. Javlon ko‘chaga chiqib, birpas yo‘l o‘rtasida serrayib turib qoldi. Havo sovuq edi. “Eh, qani edi, qor yog‘ib yuborsa, ichimdagi g‘uborlar ancha tarqab ketardi”, deb o‘yladi Javlon. U ko‘ksini to‘ldirib nafas olgan edi, yo‘tali tutdi. Qayerga boradi? Yana Gulshodalarning ko‘chasidan o‘tadimi? Yana unga “sms” yozib, javob kutadimi? Gulshodaning musichaning yuragiday yuragi bor. O‘nta “sms”iga zo‘rg‘a bitta javob yozadi. Nuqul “akam”laydi. Hamma qizning ham akasi bor. Mana, Javlon ham aka. To‘g‘ri, u ham Gulsanamni qizg‘anadi. Lekin birovga ko‘ngli borligini bilsa, Gulshodaning akasidaka g‘azablanmaydi. Yaxshi oila, yaxshi yigit bo‘lsa, bas-da. Qiz bola baribir birovning xasmi-ku.
Javlonning oyog‘i baribir yana Gulshodalarning ko‘chasiga tortaverdi. Uzoqdan bo‘lsayam bitta ko‘rsa, hozir bezovtalanib turgan yuragi sal taskin toparmidi? Aksiga olgandek, Gulshodalarning uyiga yaqin qolganida chorrahadan ko‘pchilik “Uch og‘ayni botirlar” deb ataydigan Asqar, Abror, Botirlar chiqib kelishdi. Javlon kurtkasining yoqasini ko‘tarib, ularni ko‘rmaganga olib, yon tarafga o‘tib ketmoqchi edi, ular Javlonni ko‘rib qolishdi.
— Ha, Javlonboy, yana bu taraflarda o‘ralashib qolibsiz?
Bu “manqa” degan yana bir laqabi bor — Asqar. Uning burnining ichida nimadir o‘sgan, deyishadi. Balki shuning uchundir, dimog‘ida gapiradi. Tezroq so‘zlashga tushib ketsa, gapini tushunib ham bo‘lmaydi.
— O‘zim shundoq… — dedi Javlon ular bilan pachakilashib o‘tirgisi kelmay. Chunki gap talashish boshlansa, Javlonning jahli chiqib ketib, o‘zini tuta olmay qolardi.
— Nega o‘zingizning “shundoq” bu ko‘chalarda aylanib yurishingizni bizni bilmaydi, deb o‘ylaysizmi? Juda yaxshi bilamiz-da. “Gul tergani kelganmiz, gulni bahona qilib-a…” Yigitlar Abrorning bu gaplariga qiyqirib kulishdi. Javlon ular bekorchilikdan ermak uchun gapni gapga ulashayotganini sezib turardi. Indamay, teskari burilib ketsa ham bo‘lardi, lekin ular yana qayerdadir, ayni bir davra yigitlar yig‘ilgan joyda:
— Javlonga gapirib o‘tirmang, uning ismi Javlon, xalos. O‘zida yurak degandan asar yo‘q, — tarzida gap gapirib uni izza qilishlari mumkin. Shuning uchun Javlon endi ularga yaqinroq keldi.
— Ha, shunaqa. Xuddi sizlar o‘ylagandek. Xo‘sh, nima demoqchisizlar? Aytadiganlaringni tez-tez chaynalmay aytinglar! — dedi.
Ular ba’zan Javlonning mana shunaqa tikka kelishidan bir oz hayiqishardi, bu gal esa kayflari chog‘ ekanmi, bir gapdan qolishmadi.
— Biz senga nimayam derdik? Hadeb ko‘chamizda o‘ralashaversang, G‘ayrat akaga bir og‘iz aytib qo‘yamiz, — dedi Botir. O‘rtaga Gulshodaning akasining ismi tushdi. Javlonning yuragi g‘alati bo‘lib ketdi. Lekin gapdan qolmasligi kerakligini bilib turardi.
— Keyin suyunchisiga G‘ayrat akamning eski kalishini olasizlarmi? Yo pochasi yirtiq eski shiminimi? Javlon ataylab “G‘ayrat aka” demasdan “G‘ayrat akam”, dedi. Bu bilan Gulshodaga ancha yaqinligi borligini yana bir karra sezdirmoqchi bo‘ldi.
— Ho‘v, senga kalishu shimdan gapirishni kim qo‘yibdi? Avval boshingga bir tom tiklab ol! Tepangdan yomg‘ir, qor o‘tib yotibdi-yu, yana birovning singlisiga hushtak chalib yurganing nimasi?
Javlonning joni halqumiga keldi. Endi qaysi birining yoqasidan olsam ekan, deb hezlanib kelayotgan edi, telefoni jiringlab qoldi. Singlisining suvratini ko‘rib ikki qadam orqaga tashladi.
— Nima gap, tinchlikmi? — dedi. Singlisi huda-behudaga qo‘ng‘iroq qilavermas, onasi ham keyingi paytlarda nafasi siqib, ko‘karib qoladigan bo‘lgan, Javlon shundan xavotir olardi.
— Aka, tez keling. Amakim uydan haydayapti, — Gulsanam shunday dedi-yu, yig‘lab yubordi.
Javlonning orqasidan yigitlar nimadir deb qiyqirib kulishdi. U boloxonador qilib so‘kindi-da, uyga o‘qdek uchdi.
… Eshikdan hovliga kirganida, amakisi qo‘lini beliga tirab, nimadir gapirayotgan xotinining yonida turar, Salima aya bilan Gulsanam ko‘rinmasdi. “Haydabdi!” Javlonning miyasiga shu so‘z urildi, u yoq-bu yoqqa qarab, ko‘zi o‘choqning yonida o‘tinlarning ustida yotgan boltaga tushdi…
* * *
— Mavlon jonlantirish bo‘limida emish…
— Ikki marta bolta yebdi, uning ishi xudo bilan…
— E, xudoyim, qondoshlar shunchalikka borsa-ya, o‘zing insof ber!
… Javlon bu gaplarni eshitmas, eshita olmaydigan joyda, onasi va singlisiga yaratgandan sabr so‘rab o‘tirar edi…
Qutlibeka RAHIMBOYeVA.
Manba: tasvir.uz “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi