15:25 / 12.06.2018
5 221

Baxt osmondan tushmaydi

Baxt osmondan tushmaydi
«Biz hech qachon yaxshi oila bo‘lolmaymiz. Bugun ahvol shu bo‘lsa, ertadan nima umid? Yo‘-o‘q, bunga hoziroq nuqta qo‘yish kerak!»

Davrimiz yoshlarining aksariyati oila hayotida kichikkina muammoga duch kelgani zamon ana shunday to‘xtamga kelishadi va o‘zlarini haq deb bilishadi. Aslida ham shundaymi?

To‘g‘ri, ba’zan oxiri ko‘rinmagan iztiroblar ichra, ajralishdan boshqa imkoniyati qolmagan taqdirlar mavjudligi ham bor gap. Lekin bizning to‘xtalmoqchi bo‘lganimiz boshqa – turmushning kichik sinovlari qarshisida ojiz qolgan, kelajak kunlar kelmasidan «unday bo‘lsa-chi, bunday bo‘lsa-chi?» singari o‘ylar bilan umidsizlikka tushgan juftliklar mavzusi. Kelajak kunlar esa hali kelmagan, balki uning kunduzu kechalari o‘zlari bilan birga baxt keltirar... Shunday bo‘lgach, kichik ko‘ngilsizliklarni bo‘rttirib, yomon ta’bir qilishdan nima ma’no? Chunki hayot go‘zal tasodiflarga to‘la. Oila hayotida tushunmovchiliklar bo‘ladi, bu shubhasiz, ammo vaqt o‘tgani sari ular bartaraf bo‘lishi ham tayin. Xuddi bo‘ronli kecha ortidan qora bulutlar o‘z o‘rnini quyoshli, charog‘on tongga bo‘shatgani kabi...

Agar kuzning shiddatli yomg‘irlari, izg‘irinli yellari esib, qishning sovuq qorlari yog‘ib, qahratonlari jonimizni achitmasa, ko‘klamning tarovatini qayerdan bilardik? Agar shunday bo‘lmasa, bahor bizga xushbo‘y gullarini, daraxtlar yashil qo‘llari ila boldan-da shirin mevalarini tutarmidi?..

Zotan, erta bahorning hali qish havosini o‘zida saqlagan shamollari, yomg‘irlari tuproq ostiga yashiringan go‘zal gullar, nozik nihollarning yuz ochmog‘iga zamindir. Oila hayotida ham shunday, qishning qattiq qahratonlari ortida, albat, bahorlar bor. Baxtu saodat manziliga tikanli so‘qmoqlardan o‘tib boriladi. Hammamiz ham bu yo‘lovchilik zahmatini ona qornidan boshlamaganmizmi? Keng, yorug‘ dunyoga kelguncha yashaganimiz muddatda o‘sha tor, qorong‘u olamda emasmidik?..

Har bir ona turfa qiyinchiliklar, mashaqqatlar ichra to‘qqiz oy homila ko‘taradi. Vaqt-soati yetib, ming azoblar ichra tug‘ilgan chaqalog‘ini quchog‘iga olarkan, chekkan jami og‘riqlarini unutadi. Hech bir onaga chaqalog‘i ko‘kdan laylak bilan tushmaganidek, baxt ham osmondan yog‘maydi. Shunga ko‘ra, oila saodatini quchmoq ham turmushning sinovlariga, vaqti kelsa, achchiq azoblariga sabr qilish bilan. Zero, har qanday qiyinchilik ortida yengillik, har zulmat tundan keyin munavvar tong bor.

Unutmang: eng go‘zal gullar qahraton qish so‘ngidagi bahorda yuz ochadi!
Manzura ShAMS

Manba: Irfon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Baxt osmondan tushmaydi