21:18 / 02.07.2018
5 415

Boylik ko‘zlarini qamashtirgan ayol qismati

Boylik ko‘zlarini qamashtirgan ayol qismati
Har kuni tushga yaqin tikkaga kelib, butun olamni jazillatadigan quyosh bugun ertalabdan kuydira boshladi. Mehri xola bahorda gurkirab bo‘y cho‘zgan, endi bo‘lsa qovjirab qolgan o‘t-o‘lan, lolaqizg‘aldoqlar o‘sgan loysuvoq tomli kulbasida dimiqib ketdi. Chanqaganidan lablari quruqshab, tokchadagi choynakka qaradi. Qup-quruq. Issig‘i-ku, mayli, kechagidan qolganiyam yo‘q. U bug‘i buralib chiqayotgan issiqqina choyni ko‘z oldiga keltirib tamshandi. Agar bo‘lganida terlab-terlab, tanasidan hovur ko‘tarilib ichardi. Lekin shu topda kim choy damlab beradi?

Kampirning bo‘g‘ziga nimadir tiqildi, yig‘lagisi keldi, ammo o‘zini bosdi. Biroz chalg‘ish uchun tashqariga, eshik tomon yo‘naldi. Sirti o‘pirilib qolgan devorga kaftlarini tirab, burchakka suyab qo‘yilgan yog‘och hassasigacha amallab yetib oldi. Uni hassa desa, hassaga ham o‘xshamaydi, eskisi sinib, noiloj qolganidan Mehri xolaning o‘zi yasab olgandi. Kampir qaltiray-qaltiray, hovliga chiqdi. Taxtalari chirib, o‘zi bir yonga og‘ib qolgan so‘riga borib cho‘kdi. Hayhotday hovlisiga qarashga yuragi betlamadi. Bir vaqtlar turfa gullar chaman bo‘lib, ko‘zni yashnatgan gulzor o‘rni endi yantoqzorga aylangan. Butalmagan daraxt shoxlari har tomonga o‘rlab, xunuk manzara kasb etgan. Chor tarafni qoplagan begona o‘tlar ham issiqdan shalpayib, ranglari sarg‘ish tusga kirgandi.

Bu manzarani ko‘rib, kampirning ajin bosgan yuzi battar bujraydi. Ammo bu hali holva, eng og‘iri — qachonlardir hashamati bilan butun qishloqdagilarning havasini keltirgan uyning to‘kilib tushaman deb turgan xaroba devori. Mehri xola o‘sha uyda davru davron surganiga ishongisi kelmaydi. Hech kimni nazariga ilmaydigan, burnidan pastini ko‘rmaydigan biram kayvoni, havoyi xotin edi. Qishloq ayollari uni ko‘rsa, soyasiga salom berardi. Endi esa oltmishga kirmayoq qaddi bukilgan kampirga aylandi-qoldi. Kishi ertaga taqdiri nima bo‘lishini bilmas ekan-da.

Bir paytlar hozir o‘zi yashab turgan g‘arib kulbani buzib tashlaylik, hovlining ko‘rkini buzyapti deb, eri rahmatlini qistovga olgandi. O‘shanda xo‘jayini: “Senga nima zarari tegyapti? Turibdi-da bir chekkada. Uychani buzishga ko‘zim qiymaydi”, deb rozi bo‘lmagan va yana hazil aralash “Seniyam bir kuningga yarab qolar”, deya kulib qo‘ygandi. Rahmatli Mirodil aka to‘g‘ri aytgan ekan, agar shu kulba bo‘lmaganida holi ne kechardi, qarigan chog‘ida kimning uyida sig‘indi bo‘lardi hozir? Yomon bo‘lsayam, o‘z uying bo‘lsin ekan. Lekin Mehri xola kun kelib, ko‘ziga doim yomon ko‘rinadigan, o‘ziga qolsa bir zumda buzdirib tashlaydigan uychada yashayman, deb sira o‘ylamagandi. Rahmatli eri yaxshi odam edi. Yaxshiligi uchun ham xudo omonatini ertaroq olib, bu dunyoning azoblari, yolg‘iz farzandidan ko‘radigan sitamlaridan qutqardi. Hammadan qiyini Mehri xolaga bo‘ldi. Begonadan yomonlik ko‘rmadi, qanday g‘am topgan bo‘lsa, yagonam deb, yeru ko‘kka ishonmay katta qilgan o‘g‘lidan topdi. Dunyodagi barcha narsa omonatligidan hayratlangan kampirning labiga istehzoli tabassum yugurdi.

Xaroba hovlini epaqaga keltirish, eski uyni buzib yangisini qurish mumkin. Biroq o‘tib ketgan besamar umr, xatolarni-chi? Ularni to‘g‘rilashning imkoni bo‘lganida edi…

Kampir yosh qalqqan qisiq ko‘zlarini bir nuqtaga qadab xayolga cho‘mdi.

Shaharga ko‘chib kelganlarida yangi turmush qurishgan, sanasa barmoq ortib qoladigan ko‘rpa-yostiq, idish-tovoqdan o‘zga hech vaqolari yo‘q edi. Yon qo‘shnisi Dilbar opa xuddi o‘z singlisi, yaqiniday kutib olgandi. Yoningda hech kim bo‘lmasa, musofir joyda yakkalanib qolar ekansan. O‘zi tengi mushfiq ayol Mehriga begonaligini bildirgani yo‘q. Yaxshi kunida ham, yomonida ham, issig‘iyu sovug‘ida ham yonida bo‘ldi. Hamma narsasi o‘rtada edi, hatto bemalol kirib chiqishlari uchun ikki hovli orasidagi devorga darcha ochib qo‘yishgandi. Qo‘shnisining o‘sha paytdagi odmigina uyi haligacha o‘zgarmagan. Bu vaqt ichida Mehrilarning hovlisi qanday dabdaba va hashamlarni ko‘rmadi, deysiz? Qaysi kazo-kazolarning qadami arimadi? Ammo bugungacha ularning qay biri yetib keldi? Huvillagan to‘rtta xarobadan tashqari hech narsa. Hozir kampirning yolg‘iz o‘zi shu vayronalarda boyo‘g‘lidek kun kechiryapti. Agar bir umrga yetadigan vijdon azobi va armonlarini hisobga olmaganda, albatta. Ularga qarasa, odamning yuragi achishib ketadi. Borida atrofida girdikapalak bo‘lganlarning endi hech birini topib bo‘lmaydi. Kampir ulardan og‘rinmay ham qo‘ygan. Chunki o‘z jigaring joningni halqumingga keltirsa, begonadan o‘pka-gina qilishning keragi yo‘q ekan.

Mehri xola ortiga o‘girilib, qo‘shnisining uyiga termildi. Har-har zamonda qilingan ta’mirni aytmasa, hamon o‘sha-o‘sha. Ularning uyida avvaldan qandaydir baraka va fayz bor edi. Shugina narsa ko‘rimsiz hovlini bezab, zeb berib turardi. Xudodan tilab olgani Ergashjon voyaga yetgunicha hammasi yaxshi, Dilbar bilan opa-singildek edilar. U hech qachon Mehrining o‘g‘lini o‘z bolalaridan ajratmagan, doim bir ko‘zda ko‘rgan. O‘rtadagi darchadan goh u hovliga, goh bunisiga chopqillab o‘tib yurgan bolalarning kulgisi, o‘yinqaroqliklari olamga sig‘masdi. Hamma balo shu o‘yinlardan chiqdi. Agar Dilbarning bolalari yiqilib ketsa yoki bir-biri bilan urishib qolsa hech ham, ularning o‘rtasiga tushmas, “Bola-da” deb qo‘ya qolardi. Lekin yolg‘izi emasmi, bolasining biror yeri tirnalsa, Mehrining o‘z joni achishganday bo‘lardi. Qanchalik befarq bo‘lishga urinmasin, baribir, qo‘lidan kelmasdi. Ayniqsa, bu hol ular maktabga chiqqanidan so‘ng kuchayib ketdi.

Erining ishlari yurishib ketganidan so‘ng Mehri o‘zini Dilbarning yordamiga muhtoj emas deb hisoblay boshladi. Avvaliga sekin-sekin bordi-keldini kamaytirdi. Keyinroq yangi uyning qurilishiga xalal beryapti, deb darchani yoptirib tashladi. Axir davlati ortgani sayin atrofida o‘ziga o‘xshagan ayollar ko‘payib qolgan edi-da. Dilbar kim bo‘libdi? Bir etak bolasi, ishidan ortmaydigan uy bekasi-da. Mehriga o‘xshaganlarga yetishishga unga yo‘l bo‘lsin. Axir Mehrining boradigan to‘yi, ziyofati, tug‘ilgan kuni ko‘p. Dilbar borishni-ku amallar, ammo bazm kiyimlari, taqinchoqlari… Bular hazilakam xarajat emas. Qolaversa, o‘yin-kulgini Dilbarning o‘zi ham ko‘p xushlamasdi. “To‘rtta bola tug‘ib, nima qilardingiz? Mana, endi ularni deb ko‘chagayam chiqolmay ivirsib o‘tiribsiz”, deb hazillashsa, Dilbar kulibgina “Hammasi o‘z rizqi bilan tug‘iladi. Hozir qiynalsam, qiynalibman-da, bir kun kelib rohatiniyam ko‘raman”, derdi.

Bolalar kattargani sayin ularning qiliqlari ham ko‘paydi. Mehrining uyida avvaliga oz-ozdan yo‘qolayotgan pullar bora-bora ko‘paydi. Ayol o‘g‘lining qo‘li biroz egriligini bilar, ammo bunga ortiqcha e’tibor bermasdi. Aqli kirib qolar, deya beparvo bo‘lardi. Hech narsaga zoriqmasin deb, ayamay pul berar, yolg‘izim xafa bo‘lmasin deb, mushugini pisht demasdi. Dilbarning bolalari pildirabgina ro‘zg‘orning og‘ir-yengil yumushini qilayotganini ko‘rib, sirtida kulgani bilan farzandi ularga o‘xshamaganligidan ich-ichidan zil ketardi. Axir o‘g‘lining ulardan nimasi kam? Yegani oltida, yemagani ketida-ku. Og‘ir shamol yemay katta bo‘lgan bola. Ammo shundayam aqli joyiga kelmadi. “Mening bolam bunday mayda-chuydalarni qilmaydi. Uni ro‘zg‘orning ishiga aralashtirib nima qilaman? U katta odam bo‘ladi” deb o‘zini-o‘zi yupatardi u.

Kampir xayollarining shu yeriga kelganida og‘ir xo‘rsindi. Yuragi sanchganday, chap ko‘ksini changalladi. Axir o‘tmishning ayni shu yerida eng alamli xotiralar, armonu afsuslarga to‘la lahzalar bor. Uyidan katta miqdordagi pul, taqinchoqlar yo‘qolganida ona yolg‘izini ayab, eriga bildirmadi, sir tutdi. Mirodil aka bilib qolganida esa bolasining tarafini olib, aybni kimga ag‘darishini bilmay, Dilbarning o‘g‘lidan ko‘rdi. Chunki uning Ergash tengi o‘g‘li o‘qishdan keyin Mehrilarning u-bu ishini bajarib, hovliga kirib-chiqib yurardi. Mirodil aka ishonqiramaganida “O‘g‘limizning hamma narsasi yetarli bo‘lsa, o‘z uyidan o‘g‘irlik qiladimi? Qo‘shnimiz zo‘rg‘a kun ko‘radi. Buning ustiga, Azamat o‘qisa, pul kerak bo‘lib qolgandir-da. Ota-onadan so‘ragani bilan befoyda. Bola bechora nima qilishni bilmay qolgan-da”, dedi.

Bu dalillardan so‘ng eri hech narsa deyolmadi. Lekin qo‘shninikiga ham chiqqani yo‘q. Mehri ham erini bunday qilishga undamadi. Chunki begunoh bir bolani aybdor qilganidan ich-ichidan o‘zi ham xijolat bo‘layotgandi. Biroq kasalni yashirgan bilan, baribir, isitmasi chiqar ekan. Avvaliga o‘g‘irlikni uyidan boshlagan Ergash endi boshqa joylarga o‘tgandi. Mirodil aka qancha pul sarflab, necha martalab jazodan asrab qoldi, ammo o‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa ham qo‘ymadi. Ergashning, aslida, kimligini butun mahalla bilib qolgach, Mehri Azamatni o‘g‘irlikda ayblagani uchun ranjigan Dilbarning ko‘ziga qarashga uyalib qolgandi. U qayerda xato qildi ekan? Axir bittayu bitta bolasini og‘ir mehnatda qiynamay, ko‘ngliga qarab katta qildi. Xato qilganida ko‘rmaganga olib, qattiq gapirmadi. Eri ikkisi nima qilsa, o‘g‘li uchun qildi. Endi esa uning ota-onaga qaytarayotgan rahmati shumi?

Vaqt — oqar suv, deganlari shu-da. Mirodil akadan ham davr o‘tdi. Ergash esa otasidan qolgan davlatni sovurib ado qilgach, yolg‘iz onasini kuydirib, o‘zi uzoq muddatga qamaldi. Og‘ir kuniga yana Dilbar yaradi. Ammo bu safar Mehri bu ko‘makni olishga uyaldi. Qo‘shnisini eshikdan ham kiritmadi. Hammaga sharmanda bo‘lib, yuzi shuvit bo‘lishidan ko‘ra, yolg‘izlikni afzal bildi.

Kampir shularni o‘ylarkan, darvozaning taqillashidan cho‘chib tushdi. Hayron bo‘ldi. Quloqlariga ishonmadi. Chunki anchadan beri hech kim yo‘qlamay qo‘ygandi. O‘zi yurib borishga madori yetmadi, o‘tirgan yerida “Kim u? Kiravering, darvoza qulflanmagan!” deya baqirdi. Hovliga baland bo‘yli, baquvvat yigit kirdi. Hovlining u yer-bu yeriga alanglab, so‘rida o‘tirgan kampirga ko‘zi tushgach, u tomon yurdi. Mehri xolaning ko‘ziga bu yigit issiq ko‘rinayotgan bo‘lsa ham taniyolmadi. Yoniga kelib, salom bergachgina esiga tushdi. U qo‘shnisining o‘g‘li Azamat edi. Kampir “Bir vaqtlar qilgan tuhmatimni yuzimga solgani kelgan” deb o‘ylab qo‘rqib ketdi. Lekin Azamatning samimiy gap-so‘zlaridan unaqaga o‘xshamasdi.

— Yaxshimisiz, xola? Bir o‘zingiz zerikmayapsizmi? Kecha oilam bilan chet eldan kelgandim. Sizni ko‘ray, deb chiqdim.

Mehri xola indamadi, ko‘zlarini olib qochdi.

— Oyim hammasini aytib berdi. Nimaga u kishi bilan ko‘rishishni istamayapsiz? Bir o‘zingiz bitta hovlida o‘tiraversangiz, siqilib kasal bo‘lib qolasiz. Undan ko‘ra, biznikiga chiqing, biroz ko‘nglingiz ko‘tariladi.

Kampir nimadir demoqchi bo‘ldi, ammo aytolmadi. Ho‘ngrab yig‘lab yubordi. Azamatning ko‘ksiga boshini qo‘yib, silkinib-silkinib yig‘ladi. Go‘yo o‘z o‘g‘li qaytganday bo‘ldi. Bir vaqtlar bir to‘p bola hovlini to‘ldirib chug‘urlashardi. Azamatdan Ergashjonning isi kelganday bo‘ldi. Kampir o‘g‘lini sog‘inganidan emas, o‘z jigari qilmagan yaxshilikni boshqalardan ko‘rayotganidan o‘kindi. Necha oy yuragining ostida asrab katta qilgani ado qilib ketdi. Na uylandi, na biror ishning boshini tutdi. Loaqal bola-chaqasi bo‘lganida edi, kampirning yonida uylarining chirog‘ini yoqib o‘tirishardi. Mehri xola qo‘shnisinikiga chiqishdan uyaldi, lekin Azamat qo‘ymadi. Xolaning qo‘ltig‘idan kirib, uyiga olib ketdi.

— Azamatjon, qaysi yuz bilan uyingga boraman, bolam?

— Ey, qo‘ysangiz-chi, xola. O‘tgan ish o‘tib ketdi. Men ularning hech birini eslolmayman ham. Hadeb siqilavermasdan, siz ham unuting.

Ularni ostonadayoq Dilbar xola qarshiladi. Haliyam ma’sumaligicha qolgan bu ayol xuddi o‘rtada hech narsa bo‘lmagandek, iliq tabassum bilan turardi.

— Hech chiqay demaysiz-a, Mehrixon. Jonday qo‘shni bo‘lsak. Shumi mehr-oqibat? Chiqsangiz, ko‘nglim ko‘tariladi, dilim yayraydi. Siz bilan gaplashib, maza qilaman. O‘zingizdan sado chiqavermagach, oxiri Azamatjonni yuborishga majbur bo‘ldim. “Xolang seni ko‘rsa, xursand bo‘lib yugurib keladi”, dedim.

Mehri xola nima deyishni ham, nima qilishni ham bilmasdi. Faqat hozir gapirmasligi kerak. Chunki bo‘g‘ziga tiqilgan alamlar portlashga tayyor turardi. U yoshli ko‘zlari bilan bir etak bolaning o‘rtasida ivirsib o‘tirgan Dilbarga havas bilan tikildi.

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Boylik ko‘zlarini qamashtirgan ayol qismati