
O‘zbekiston terma jamoasi tarixiy muvaffaqiyatini yana bir yirik g‘alaba bilan yakunladi. 2026 yilgi Jahon chempionati yo‘llanmasini oldinroq qo‘lga kiritgan milliy terma jamoamiz saralash bosqichidagi so‘nggi o‘yinni Toshkentda Qatarga qarshi o‘tkazdi va raqibni 3:0 hisobida taslim etdi.
Bellashuvda Eldor Shomurodov, Azizbek Turg‘unboyev va Igor Sergeyevning aniq zarbalari g‘alabani ta’minladi. Ayniqsa, Shomurodovning ikkinchi bo‘limda urgan goli muxlislar yodidan uzoq vaqtgacha chiqmaydi. To‘pni o‘ng oyoqda nazoratga olib, chap oyoqda darvoza burchagiga yuborgan zarbasi nafaqat maydondagi, balki italiyalik sport nashrlarida ham katta tahsinga sazovor bo‘ldi.
Italiyaning VOCEGIALLOROSSA.IT, LAROMA24.IT va SIAMOLAROMA.IT nashrlari Shomurodovning termadagi goli va o‘yini haqida alohida maqolalar e’lon qildi. Ular “Roma” hujumchisining o‘yinda hal qiluvchi rol o‘ynaganini, o‘yin taqdirini hal qilgan zarba uzatganini ta’kidlashdi. Shuningdek, rimliklar safida uning kelajagi ham yana muhokama markaziga ko‘tarildi.
VOCEGIALLOROSSA.IT:
“Roma” hujumchisi O‘zbekiston terma jamoasida safida gol urdi. Navbatdagi jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritib bo‘lgan O‘zbekiston o‘z maydonida Qatar futbolchilari bilan kuch sinashdi.
Garchi o‘zbeklar vazifani muddatidan oldin uddalagan bo‘lsa-da, qatarliklarga qarshi o‘yin ancha murakkab kechdi. Biroq uchrashuv oxirida mezbonlar hisobni 3:0 ko‘rinishiga olib keldi.
Ushbu bahsda gol urgan o‘yinchilar orasida “Roma” vakili Eldor Shomurodov ham bor edi. Tajribali to‘purar 86-daqiqada hisobni 2:0 ga yetkazdi.
LAROMA24.IT:
Shomurodovdan supergol. 2026 yilgi jahon chempionatiga chiqqanini Qatar ustidan 3:0 hisobidagi g‘alaba bilan mustahkamlab qo‘ygan O‘zbekiston bayramni davom ettirmoqda. Milliy terma jamoa yulduzi Eldor Shomurodov o‘tkir burchakdan chap oyoqda gol urib, hisobdagi farqni ikkitaga yetkazdi va amalda uchrashuv taqdirini hal qildi.
Shunday qilib, O‘zbekiston terma jamoasi saralash turnirining uchinchi bosqichini ishonchli g‘alaba va jami 21 ochko bilan yakunladi.
SIAMOLAROMA.IT:
Endi Eldor Shomurodov “Roma”dagi kelajagi haqida bosh qotirsa ham bo‘ladi. Yanvarda “Venetsiya”ga o‘tishiga bir qadam qolgan futbolchi chempionatning hal qiluvchi pallasida zo‘r o‘yin ko‘rsatib, rimliklarning boshlang‘ich tarkib o‘yinchisiga aylandi.
Endi mavsumlar oralig‘idagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida yangi bosh murabbiy Jan Pero Gasperini o‘zbek futbolchisining imkoniyatlarini o‘rganib chiqishi kerak bo‘ladi. Bu orada Shomurodov o‘z milliy terma jamoasida ajoyib gol urdi.
Mundialga muddatidan oldin chiqqan O‘zbekiston terma jamoasi saralash turniridagi oxirigi uchrashuvini Qatarga qarshi o‘tkazdi. Eldor Shomurodov maydon markazidan oldingi chiziqqa uzatilgan to‘pni o‘ng oyoqda to‘xtatib, chap oyoqda zarba yo‘lladi. Raqib darvozaboni Zakariyo Saloh hech narsa qila olmadi.
Aytish joiz, Shomurodov O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarixidagi eng yaxshi to‘purar sifatida tarixga kirgan. U 82 ta rasmiy uchrashuvda 42 ta gol kiritgan holda mutlaq rekordni o‘rnatgan.
Qatar ustidan qozonilgan g‘alaba nafaqat ochkolar jihatidan, balki ruhiy va sportdagi intizom nuqtayi nazaridan ham muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Chunki birinchi davradagi o‘yinda qatarliklar so‘nggi daqiqada gol kiritib, terma jamoamizni mag‘lubiyatga uchratgan edi. Bu revansh orqali futbolchilarimiz o‘zini nafaqat muxlislar, balki xalqaro ekspertlar oldida ham yana bir bor ko‘rsatishdi.
Shu tariqa, saralashning uchinchi bosqichini O‘zbekiston terma jamoasi 21 ochko bilan yakunladi va jahon chempionatida ishtirok etishi rasman tasdiqlandi. Endilikda terma jamoamiz murabbiylari va futbolchilari oldida yanada katta mas’uliyat: AQSH, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadigan mundial uchun jiddiy tayyorgarlik boshlanadi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar