
O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2026 yilgi Jahon chempionati yo‘lidagi saralashning uchinchi bosqichini munosib yakunladi. Qatarga qarshi Toshkentda o‘tkazilgan so‘nggi bellashuvda futbolchilarimiz 3:0 hisobida yirik g‘alabaga erishib, o‘z guruhidagi yuksak maqomini yanada mustahkamladi. Mazkur muvaffaqiyat orqali terma jamoamiz mundialda qatnashishi kafolatlangan dastlabki 10 mamlakatdan biriga aylandi.
So‘nggi bahsdagi muvaffaqiyat nafaqat milliy ommaviy axborot vositalarida, balki xalqaro nashrlarda ham keng yoritildi. Ayniqsa, terma jamoa safida to‘liq o‘yin o‘tkazgan 21 yoshli himoyachi Abduqodir Husanovning harakatlari uni tarbiyalayotgan “Manchester Siti” klubi tomonidan alohida qayd etildi.
Klubning rasmiy saytida Jek Manford tomonidan e’lon qilingan tahliliy maqolada Husanovning nafaqat shaxsiy statistikasi, balki butun terma jamoa o‘yini puxta tahlil qilingan. Unda aytilishicha, Husanov 70 ta aniq pas bilan o‘yindagi yuqori samaradorlikni namoyon qilgan va faqatgina Husniddin Aliqulov undan ko‘proq to‘p uzata olgan.
Toshkentdagi bahsda gollarni Aziz Turg‘unboyev, Eldor Shomurodov va Igor Sergeyev urdi. 21 yoshli himoyachi esa, orqa chiqizda ishonchli va barqaror o‘yin ko‘rsatdi.
O‘zbekiston butun uchrashuv davomida ustunlik qildi: darvozaga 18 ta zarba yo‘lladi, 446 ta aniq to‘p uzatishni amalga oshirdi, raqib esa, atigi bitta aniq zarba berdi.
O‘zbekistonning Qatar ustidan qozongan g‘alabasi saralashdagi oltinchi zafar bo‘lib, umumiy hisobda jamoa 10 o‘yinda 21 ochko to‘pladi. Bu milliy terma jamoamizning tarixdagi eng muvaffaqiyatli saralash bosqichlaridan biri sifatida qayd etildi.
Husanov uchun bu musobaqa alohida ahamiyat kasb etdi — u so‘nggi sakkizta uchrashuvda bir daqiqani ham o‘tkazib yubormadi va butun turnir davomida terma jamoa atigi beshta gol o‘tkazdi. Markaziy himoyachi sifatida u o‘zini barqaror, ishonchli va jamoaviy tartibni ta’minlovchi asosiy ustunlardan biri sifatida ko‘rsata oldi.
Markaziy himoyachi faoliyati davomida terma jamoa uchun jami 22 ta uchrashuvda ishtirok etdi, endi u futbol olamining eng muhim voqeasi – kelasi yozda AQSH, Kanada va Meksika mezbonlik qiladigan jahon chempionatida o‘zini ko‘rsatish imkoniga ega bo‘ladi.
Shu tariqa, O‘zbekiston 2026 yilgi mundialda qatnashish uchun hozirdan joyini kafolatlagan dunyodagi o‘nta terma jamoadan biriga aylandi.
Endilikda Abduqodir Husanov “Manchester Siti” akademiyasiga qaytib, 15 iyun kuni boshlanadigan Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatiga tayyorgarlikni boshlaydi. Musobaqa AQSHda o‘tkaziladi va unda “Siti” guruh bosqichida “Yuventus” (Italiya), “Al-Ayn” (BAA) va “Vidan” (Marokash) jamoalariga qarshi maydonga tushadi.
Shu tarzda, terma jamoamizning mundialga chiqishi nafaqat yurtdoshlarimiz, balki Yevropaning yetakchi klublari uchun ham katta qiziqish uyg‘otmoqda. Husanovning hozirgi shakli uni nafaqat “Siti”da, balki Jahon chempionatida ham asosiy qahramonlardan biriga aylantirishi mumkin. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar