19:38 / 16.07.2018
4 016

Onangizni ardoqlashni o‘rganing!

Onangizni ardoqlashni o‘rganing!
Taqdir taqozosi bilan Surxondaryoning Sariosiyo tumanida yashovchi Normurod Mamatov ismli sobiq harbiy xizmatchi bilan tanishib qoldim. U xizmat burchini o‘tayotganida avtomobil halokatiga uchrab, nogiron bo‘lib qolgan, o‘shandan buyon har yili Toshkent, Namangan gospitallarida davolanar ekan. Bir necha yil oldin namozga kirgan, har gal uchrashganimizda namozni qanday ado etish, boshqa ibodatlarni bajarish to‘g‘risida savollar berar, Islom dini ta’limotlarini anglashga juda qiziqar edi. Yana u har ikki gapining birida volidai mehribonini ajib bir ehtirom bilan tilga olar, onasi Hayit hoji ona bilan har kuni telefon orqali bo‘lsa ham suhbatlashmasa, dunyosi qorong‘u bo‘lib ketishini aytib, “maqtanib” ham olar edi.

Xullas, Normurod bilan do‘stlashib qoldik. Bir kuni suhbat chog‘ida u o‘z yurtiga taklif qilib qoldi: Termiz atrofida ikki buyuk Islom olimi Abu Iso at-Termiziy va Hakim at-Termiziylarning maqbarasi borligini aytib faxrlandi, safar asnosida onasi bilan ham tanishtirmoqchi ekanini aytdi. Uch kishi – men, do‘stim Qosimjon hoji va Mansur ismli ukaxonimiz bilan “Qaydasan, Surxon?” deya mashinada yo‘lga chiqdik. Yarim tunda Sariosiyoga, Normurodnikiga kirib bordik. Ertasiga uning xonadoniga tumanning bir necha ahli ilmlari tashrif buyurishdi. Suhbat qurdik, Normurodnikida bir marosim chog‘ida tasvirga tushirilgan videolavhalarni tomosha qildik.

Videotasvirdagi bir lavha barchamizni hayajonga soldi, hatto davradagilardan ayrimlari ko‘z yoshlarini yashira olmay, ro‘molcha chiqarib qolishdi. Ushbu xonadonda bo‘lgan marosimda tuman ilm ahllaridan Xushvaqt hoji to‘planganlarga ajoyib amri ma’ruf qilib, bunday degan ekan: “Agar bordiyu farishta inson siymosida gavdalanadigan bo‘lsa, men ukam Normurodni farishtaga qiyoslagan bo‘lur edim. Men onani hurmatlashni, volidani boshga ko‘tarishni shu inimdan o‘rgandim. Bizlar ilm ahlimiz, ota-onani hurmatlash bobidagi shariat ko‘rsatmalarini boshqalardan ko‘ra teranroq anglaymiz. Ammo men ham barcha xatokor insonlar kabi onamni tuzukroq ardoqlay olmadim. “O‘g‘lim, bir pas suhbatlashib, ko‘nglimni bo‘shatay”, deb eshigimdan kirib kelsalar, vaqtim tig‘izligini, odamlar kutib turganini, mensiz marosimlarini boshlay olmasliklarini bahona qilib, ko‘pincha yolg‘iz tashlab ketibman. Ming istiholada, qiynala-qiynala izhor etgan yumushlari yoki iltimoslarini bajarishni paysalga solib, oxiri unutib ham yuboribman.

“Diydoringga bir to‘yay” deb kelsalar, “ahli-ayolim va farzandlarim davrasida qoldirib, o‘zim hamqishloqlar yumushiga jo‘nabman. Onaizorim ilhaq bo‘la-bo‘la, kuta-kuta, o‘ksina-o‘ksina bir kuni meni tashlab, Egalari huzuriga ketib qoldilar. Mana bu ko‘zlar shundan keyingina katta ochildi, mana bu o‘ksik dil shundan keyingina qanday og‘ir yo‘qotish qilganini his etdi, mana bu nodon suhbatdoshingiz shundan keyingina hayotidagi eng mehribon, eng g‘amxo‘r, eng hokisor insonni boy berganini anglab, o‘krab-o‘krab yig‘ladi. Qaniydi, hayot bo‘lsalar, hamma ishimni tashlab yonlarida o‘ltirmasmidim! Qaniydi, hozir yonimda bo‘lsalar, diydorlariga uzoq-uzoq termulib, dilimni bo‘shatmasmidim! Endi ko‘zimga surtgali kavushlari izini ham topolmayman.

Azizlar, onalarni g‘animat bilinglar, xizmatlarini ado etib duolarini olinglar! Yana bir kuni yo‘qotib qo‘yib, bizlarga o‘xshab qalblaring qaqshab, ko‘zlaring to‘la yosh, armon-nadomatda, afsus-xijolatda qolmanglar! Onani qanday e’zozlashni mana bu inim Normuroddan o‘rganinglar. Odamlar bir mahallada yashab turib onasini oylab yo‘qlamay yurganida Normurod komandir har kuni uch yuz chaqirim narida yashaydigan onajoniga qo‘ng‘iroq qilib, hol-ahvol so‘raydi. Nogironligiga qaramay, haftada yoki ikki haftada olis Termizga, onasining ziyoratiga jo‘naydi. Onajoni ham bu ehtiromga munosib ayollar! Men u kishini ta’riflab o‘tirmay, hali Termizga borib, hoji ona bilan ko‘rishsanglar, hammasini o‘zinglar bilib olasizlar”.

Sariosiyoda ikki kun mehmon bo‘lgach, Hayit hoji ona ziyoratiga Termizga jo‘nadik. Shahar markazidan o‘tib, Furqat ko‘chasidagi hoji ona xonadoniga kirib bordik. Qarshimizdan o‘rta bo‘y, qorachadan kelgan, oq doka ro‘mol o‘ragan, yuzidan nur yog‘ilib turgan onaxon peshvoz chiqdi. Hammamizni “xush kepsizlar, aziz mehmonlar, mehmon – atoi Xudo, Allohimga shukr, kechadan buyon sizlarni intizor kutib yotibman” deb kutib olgach, o‘g‘lini mahkam quchganicha anchagacha qo‘yib yubormadi. Onaizor komandir o‘g‘lini juda-juda sog‘ingani ko‘rinib turardi. O‘g‘il ham onasining peshonasidan o‘pib, qo‘ltiqlab oldi. Birgalashib shinamgina uyga kirdik. Fotiha o‘qildi, hol-ahvol so‘rashildi. Ona-bola o‘rtasidagi muhabbatni, samimiyatni, ehtiromni ko‘rib, gapning rosti, havasim kelib ketdi. “Men rahmatli onamni shunday suya olganmidim, hurmatini joyiga qo‘ya olganmidim?!” degan armonli hislar qalbimni o‘rtadi. Onani ardoqlashni, e’zozlashni ana shu Normuroddan o‘rganinglar, do‘stlarim!
Ahmad MUHAMMAD

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Onangizni ardoqlashni o‘rganing!