Nazoratchi xuddi xayolimdan kechgan fikrlarni g‘oyibona uqib olgandek, yaqin borishim bilan eshikni sharaqlatib ochdi-da, boshi bilan meni tashqariga imladi.
Quvonib ketdim. Nihoyat Tolyan bilan yuz ko‘rishib, qilgan ishlarim haqida hisob berish vaqti kelibdi. Jazo chorasi qo‘llamaganlariga qaraganda, Tolyan gaplashib qo‘ygan bo‘lsa kerak degan o‘yda buyruqni so‘zsiz ado etib devor tomon o‘girildim.
— Seni turma boshlig‘i kutyapti! — dedi nazoratchi qovog‘ini uyib. — So‘roqsiz turmadan chiqib ketib bekor qilibsan, yigit! Endi kamida bir oy karserda yotishingga to‘g‘ri keladi. Albatta, og‘irroq jazo tayinlashmasa.
— Tolyan-chi? — so‘radim yo‘l-yo‘lakay nazoratchi tomon o‘girilib. — U meni kutayotgan bo‘lishi kerak.
— Namuncha Tolyanlab qolding? — jerkib tashladi u. — Qilg‘ilikni qilib qo‘yib bema’ni savollar berishingga o‘laymi? Turma boshlig‘i kabinetida so‘roq beryapti hamtovog‘ing.
Bu gapni eshitgach, indamadim. Foydasi yo‘qligini angladim. Agar Tolyanni ham chaqirtirgan bo‘lsa, demak, u ishni yopdi-yopdi qila olmagan. Mayli, nima bo‘lganda ham taqdirimiz shu mentlar qo‘lida. Peshonaga bitilganini ko‘raveramiz-da!
Turma boshlig‘i podpolkovnik Tarasov degan ozg‘indan kelgan, o‘rta bo‘yli, qoshlari qalin odam ekan. Tolyandan tashqari uning ro‘parasidagi stulda kerilgancha o‘tirgan kapitanni ko‘rib sira hayron bo‘lmadim.
Bilaman, u meni kameraga jo‘natgach, to‘g‘ri turma boshlig‘ining huzuriga kirib hisob bergan.
Men kirib borganim hamono shu qadar yomon tikildiki, qo‘yib berishsa, g‘ajib tashlashga shayligi yaqqol ko‘zga tashlanardi.
— Xo‘sh, retsidevist! — gapni do‘qlashdan boshladi boshliq. — Bular indashmadi, demak, mendan qo‘rqishdi deb o‘ylaganmiding?
— Tushunmadim, nachalnik! — bir chetda labini asabiy tishlagancha jim o‘tirgan Tolyanga qarab oldim-da, o‘zimni go‘llikka solib so‘z qotdim.
— Tushunmadingmi? Nima, ozodlikda miyangga qurt tushib qoldimi?
— Haqorat qilmang, nachalnik! — dedim bo‘sh kelmay. — Men haqoratlarga ko‘nikmaganman.
— Nima?
Podpolkovnik bu gapimdan so‘ng dast o‘rnidan turdi-da, yugurgancha kelib qarshimda hozir bo‘ldi.
Uning lablari uchib, tishlari takillab ketayotganidan do‘pposlashga tayyor turganini payqash qiyin emasdi.
— Shunaqami hali? — baqirdi u titroq ichida. — Hali gap ko‘tarmaydigan ham bo‘lib qoldingmi sen kallakesar, o‘g‘ri?.. Yo‘-o‘q… Adabingni beraman. Shunday ahvolga solamanki, tug‘ilganingga ming pushaymonlar yeysan! Konvoy!..
Shu zahoti ostonada ikki askar qo‘llarida qurol ko‘targan holda paydo bo‘lishdi.
— Buni gazli karserga qama! Bir haftagacha chiqmasin!
— Oldin nega turmadan chiqib ketganim sababini so‘ramaysizmi? — dedim kapitan tomon bir qarab olib. — Men o‘zboshimchalik qilgan emasman.
— Nima?.. Vey, sen kim bilan gaplashayotganingni bilasanmi o‘zi? — battar tutoqib ketdi boshliq.
— Bilaman. Shuning uchun ham sizga bor haqiqatni aytmoqchiman.
Bu gapimni eshitib, Tolyan sal qursa o‘rnidan turib ketayozdi.
— Ha-a, haqiqatni aytmoqchiman degin? — sal o‘zini bosib olib so‘radi boshliq. — Xo‘sh, nima ekan o‘sha haqiqating?
— Men manavi kapitanning buyrug‘i bilan ketgan edim.
— Vey, nima deb valdirayapsan? — kapitan kutilmagan gapdan sapchib turdi-da, yugura kelib yoqamdan oldi.
— Ha, shu odamning buyrug‘ini bajardim. Bilasiz, bu kishining xotinchasi juda kelishgan juvon. Ozodlikda bir erkak o‘sha ayolga sal ortiqcharoq gapirib qo‘ygan ekan. Kapitan shu muammoni hal qilib kelishimni so‘radi.
— Ablah!.. — xirillab yoqamni qattiqroq changalladi kapitan. — Hozir… O‘ldiraman!..
— Kapitan, o‘zingizni bosing! — dedi boshliq. — Bilib turibman, bu ishda sizning aybingiz yo‘q. Buni manavi ikkalasi o‘ylab topgan bo‘lishi kerak. Konvoy! Olib chiqing bu nusxani!
— O‘zingni bos, nachalnik! — shu payt Tolyan o‘rnidan turib ketdi. — Bu ishing bizga ma’qul emas. Agar hoziroq buyrug‘ingni bekor qilmasang, hamma aristonlarni oyoqqa turg‘azaman. Ochlik e’lon qilamiz.
Xabarim yo‘q edi. Turma boshlig‘i aristonlarning to‘polon ko‘tarishlari-yu, ochlik e’lon qilishlaridan qo‘rqishini tasavvur ham etib ko‘rmagan ekanman.
Tolyanning so‘nggi gapi boshliqni konvoyga «ketaver» ishorasini qilishga va qaytadan joyiga o‘tirishga majbur etdi.
— Tag‘in eski ashulangni aytmoqchimisan? — birmuncha bosiqlik bilan so‘radi u Tolyandan.
— Nima qilay? — dedi Tolyan. — Bu ariston mening yaqin do‘stim. Qolaversa, bu yerda adolatsizlikka yo‘l qo‘yilyapti. Kapitan jo‘natdi degan gapga ishonmayapsiz. Faqat aristonni aybdor qilyapsiz. Shunday bo‘lgandan keyin biz qarab tura olmaymiz.
Boshliq birpas o‘ylanib turdi-da, yana konvoyni chorladi.
— Buni olib borib oddiy karserga qama! Bir oy o‘sha yerda yotadi!
— Hecham-da! — bo‘sh kelmadi Tolyan. — Uni o‘zining kamerasiga olib borsin. Aks holda…
— Mayli, mayli, ko‘ndirding! — dedi boshliq. — Faqat aytib qo‘yay, shundan keyin ham bir baloni boshlaydigan bo‘lsang, mendan o‘pkalama!
— Aristonlar gapiga javob beradi. — deya menga bilinar-bilinmas ko‘z qisdi Tolyan. — Ular mentlar kabi nog‘orachi emas!
Men konvoy yetagida kameram tomon yo‘l oldim. Ko‘nglim shu tobda haytdagidek shod edi.
Chunki, biz mutlaq g‘olib bo‘lgan edik.
* * *
Turma boshlig‘i bilan bo‘lib o‘tgan suhbatdan keyin Tolyanning menga ishonchi ortdi. Endi men ham o‘rmon kesishga chiqmaydigan, barakda qolib arzimagan ishlar bilan shug‘ullanadigan bo‘ldim. Asosiy ishim esa aristonlar o‘rtasida ichki tartibni saqlash va ular orasida o‘zaro kelishmovchiliklarning oldini olishdan iborat edi. Bundan tashqari ko‘pchilik aristonlarning gapi bilan «obshak»dagi pullarning hisob-kitobi ham menga topshirilgandi. Panjara ortidagi qora kunlarim ortda qolganidan suyunib, endi o‘zimga kela boshlaganimda qo‘qqisdan yarim tunda nazoratchi meni uyqudan uyg‘otib Tolyanning kamerasiga olib bordi. O‘g‘riboshi karavotning bir chetida ma’yus o‘tirar, cho‘zib-cho‘zib sigaret tortardi-da, har tutun chiqarganda og‘ir uflab olardi. Meni ko‘rishi bilan sigaretini o‘chirib, qo‘li bilan kursiga imo qildi.
— Yashirmayman, — dedi g‘amgin ohangda Tolyan, — Sen meni deb o‘zingni dushman o‘qiga tutib berding. Qaytmasligingni, tartibli o‘g‘riboshilikka munosib ekaningni isbotlading. Aslida o‘sha ishga Davidning o‘zini yuborsam ham pulimni undirib kela bilardi. Seni shu yo‘l bilan yana bir karra tekshirib olishni ixtiyor qilgandim.
— Bilasan-ku, Tolyan, — dedim azbaroyi quvonganimni yashira olmay jilmayib, — Sen uchun har qanaqangi mushkul ishga ham tayyorman. Men uchun ishning qiyinligi zarracha ahamiyatga ega emas, muhimi, yigit kishi va’da berdimi, so‘zining ustidan chiqishi kerak. Men ana shu qoidaga amal qilaman.
— Mana shu fe’ling uchun ham seni hurmat qilaman-da, Burgut! Ayniqsa, ozarbayjon boboynikidagi razboringni eshitib tan berdim senga. Haqiqiy erkak, tartibli aristonlar shunday yo‘l tutishadi. Faqat…
Tolyan qo‘l siltagancha o‘rnidan turib ketdi.
Bir muddat kamera darichasidan tashqaridagi chiroq nurida jilvalangancha yerga tushayotgan qor uchqunlariga tikilib qoldi. Men indamasdan uning nima deyishini kutdim.
— Kel, avval qittay-qittay olaylik! — Tolyan kamera eshigi ro‘parasida uning ko‘rsatmasini kutayotgan kalbosh aristonga imo qildi. — Quy konyakdan!
Ariston likillagancha kelib ikkita temir krujkaga konyakdan yarimlatib quydi va navbatdagi buyruqni bosh eggan ko‘yi kuta boshladi.
— Joyingga bor! — dedi Tolyan unga qovog‘ini uyib. — Chaqirganimda kelasan. Xo‘sh, Burgut, kel, sening salomatliging uchun olamiz!
— Nimadir demoqchi bo‘lganding chog‘i, — dedim Tolyandan ko‘z uzmay.
— Ha, senga bir xunuk xabarni yetkazib qo‘yishim zarur edi.
— Nima bo‘ldi? — so‘radim ko‘nglim g‘ash tortib. — Tinchlikmi?
— Yo‘q. Tinchlik bo‘lganda seni bu taxlit kutib olmagan bo‘lardim, — dedi Tolyan. — Bilasanmi, anavi mentlar bizni, baribir, tinch qo‘yishmaydigan ko‘rinadi.
— Nega? Tunov kungi gaping kor qilmabdimi?
— Masala boshqa yoqda. Bilishimcha meni bu yerdan boshqa joyga o‘tkazishmoqchi. Men ketsam, o‘rnimga o‘zlarining yo‘rig‘iga yuradigan biror kishini qo‘yishlari tayin. Bu bir. Ikkinchidan, men ketganimdan keyin sen ham bu yerda ko‘p yashamasliging aniq. Chunki ularga senga o‘xshagan oriyati baland, g‘ururli aristonlar yoqmaydi.
— Shunaqa degin, — Tolyanga qattiqroq tikildim, — Demak, mentlar o‘zlaridan xavotir ola boshlashibdi-da…
— Lekin sen unchalik xavotir olma, — davom etdi Tolyan, — Men ham qarab o‘tirganim yo‘q. U yoqdagi bratvalarga maslahat soldim. Ular bir qarorga kelishib, mentlar orasidagi do‘mbirachilariniyam ogohlantirishdi.
— Xo‘sh, nima qiladigan bo‘lishdi?
— Xullas, hozircha seni karserga qamashadi. Bu seni aristonlar nazaridan uzoqroq tutib turishning birdan bir yo‘li. Lekin hali aytganimdek, hech nimadan xavotir olma: sen bizning himoyamizdagi odamga aylanding. Endi bizning tartib-qoidalarga amal qilasan! Bordi-yu, mentlar bilan osh-qatiq bo‘ladigan bo‘lsang yoki biror joyda xol qo‘ysang, unda nafaqat o‘zingga, balki seni avtoritetlarga tavsiya qilganim uchun meni ham tashvishga qo‘ygan bo‘lasan. Shuning uchun bundan bu yog‘iga gapiradigan har bir ishingni obdon toroziga solib keyin gapir, hatto tashlaydigan qadamingni ham o‘ylab bos. Xullas aristonlar orasida obro‘ga raxna soladigan harakatlardan tiyil! Senga bundan keyin to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘l-yo‘riq ham, maslahat ham bera olmayman, xabarlashish faqat qamoqxona pochtasi orqali bo‘ladi endi…
— Shunaqa gaplar degin, — dedim bu gaplarni eshitib. — Lekin…
— Lekin-pekiningni qo‘y. Bu yog‘iga ko‘p narsa o‘zingga bog‘liq. Nima bo‘lgandayam, Burgut, sendan iltimos, joningga jabr qilma. Keyin turma ma’muriyati bilan ko‘p ham nifoqqa boraverma. Ularni bilasan-ku, ayab o‘tirishmaydi. Ayniqsa, qarshilik qilganlarni imi-jimida o‘ldirib yuborishdan ham tap tortishmaydi.
— Balki, meni ham boshqa turmaga o‘tkazib yuborishar? — umid bilan so‘radim Tolyandan.
— Bunisi mengayam qorong‘i. Ishqilib, qayerda bo‘lsang-da, sog‘lig‘ingga bee’tibor bo‘lma. Keyin murosa bilan bitadigan ishni hech qachon urish-janjal yoki birovning burnini qonatish bilan hal etma! Negaki, erta bir kun nohaq urilgan bir musht uchun ham javob berishga to‘g‘ri kelib qolish mumkin. Bunday holatlarda omon qolishingga hech kim kafolot bera olmaydi.
— Tolyan, chin dildan berayotgan maslahatlaring uchun sendan minnatdorman. Va’da berib aytamanki, o‘zimning ham, sening ham nomingni qora qiladigan, obro‘yingga raxna soladigan ishlarni qilmayman.
— Bilaman, Burgut, sen bir so‘zli yigitsan, — kuldi Tolyan. — Aytgancha, men ham senga bir va’da berib qo‘ygandim, yodingdan chiqqani yo‘qmi?
— Kerakli odamlar bilan gaplashib, senga tug‘ilib-o‘sgan yurtingdan hovli sotib olganman. Volyaga chiqqaningdan keyin Davidga uchrashib, qolgan masalalarni u bilan gaplashasan. Ha, yana bir narsani aytishni unutayozibman: ayollardan sal uzoqroq yur!
— Xo‘p, Tolyan, sen nima desang shu, — kulimsiradim.
— Men ketganimdan keyin bu yerda bir ko‘ngilsizlik boshlanishini sezib turibman, shuning uchun har daqiqada hushyor tur.
— Xo‘p bo‘ladi, Tolyan!
Biz qadrdonlarcha quchoqlashib xayrlashdik.
* * *
Oradan ikki kun o‘tib chindan ham Tolyanni boshqa muassasaga o‘tkazishibdi. Buning xabarini karserdalik chog‘imda yetkazishdi. O‘g‘riboshi aytganiday, meni hech bir sababsiz o‘n besh kun muddatga karserga tashlashgandi.
Har safargidek bu gal ham karserda vaqt o‘tkazishning o‘zi bo‘lmadi. Chunki tik turib uxlaganing ozlik qilganday, bu yerda kunlik ovqatdan ham mahrum etishar, kuniga bir martagina suvi qochgan qora non bilan suv berishardi. Karserga tushganidan so‘ng oradan hech vaqt o‘tmay aksariyat mahbuslar kun bilan tunni adashtirib qo‘yishadi. Menda ham shunday bo‘ldi. Karserning beton devoriga aniq nechta chiziq tortganim yodimda yo‘q: to‘rtinchi yoki beshinchi kuni boshim gir-gir aylanib, hushimdan ketdim…
Qamoqxona shifoxonasida o‘zimga keldim. Ammo ancha paytgacha qayerda ekanligimni xotirlay olmay palataning oppoq shiftiga ko‘z tikib yotdim. Shu payt yo‘lakda gaplashayotganlarning ovozi keldi.
— Omadi bor ekan yigitning, agar yana bir-ikki kun yotganida to‘g‘ri morgga jo‘natib qo‘ya qolishardi.
— Nima karomat ko‘rsatgan ekan, buncha azob berishibdi?
— Anig‘ini bilmadim, eshitishimga qaraganda rosa urishqoq, keyin gapidan qaytmaydiganlar xilidan emish. Kelganiga hech vaqt bo‘lmasdan uncha-munchaning og‘ziga tushib qolgan. Hatto uni bechora Tolyan ham hurmat qilarkan.
— Tushunmadim, nega endi uni «bechora Tolyan» deyapsan?
— Iye, hali eng katta yangilikdan xabaring yo‘qmi?
— Ichimni qizdirmasdan tezroq ayta qol, Sasha, unga nima bo‘pti?
— Kecha turma boshlig‘i spirt olishga kirgandi. Aytishicha, yangi borgan yerida Tolyanni chavaqlab tashlashibdi. Gap-so‘zlarga qaraganda, uni o‘sha yoqqa o‘ldirish uchun o‘tkazishgan ekan.
— Demak, yana «uy»da to‘polon boshlanarkan-da!
— Men bunday deb o‘ylamagan bo‘lardim, chunki uning o‘rniga allaqachon odam tayinlab qo‘yishgan…
— Ishqilib sal odamgarchiligi bor ekanmi?
— Kulgimni qistama! O‘g‘ri, kallakesar, tovlamachi-yu firibgarlarda odamgarchilik bo‘ladi, deb eshitgan joying bormidi?..
Yo‘lakdagi suhbat shu yerga yetganda meni beixtiyor qattiq yo‘tal tutdi va ularning gapi nima bilan nihoya topganini anglolmay qoldim. Lekin bilganlarim ham dahshatga tushishim uchun yetarli edi. Chunki eshitganlarimdan Tolyanning ayanchli o‘lim topgani bilinib turardi.
Yo‘talim biroz bosilar-bosilmas xona eshigi ochilib, ichkariga ikki ariston kirib keldi. Ularning birini avval qayerdadir ko‘rganday edim-u, ammo xotiram pand berib qay sharoitda uchrashganimizni eslay olmadim. Ikkinchisini esa, umuman, tanimasdim.
— Qani qahramon, sal o‘zingga kelib qoldingmi? — dag‘al ovozda so‘radi aristonlardan biri.
Uning bu gapidan keyin badanimdan sovuq ter chiqib ketdi. Chunki bu ikki nuxsaning bu yerga mendan hol-ahvol so‘rash uchun kelmagani yuz-ko‘zidan sezilib turardi.
— Shunaqa shekilli, harqalay o‘zimni kechagidan ancha yaxshi his qilyapman, — hazil bilan javob qaytarmoqchi bo‘ldim.
— Tezroq sog‘aygin, — xunuk tirjaydi dag‘al ovozli «mehmon». — To‘shakda yotgan odam bilan mushtlashishni xohlamayman…
— Lekin bunga o‘xshash kecha qamoqqa kelib, ertasi kuniyoq o‘zining tartibini o‘rnatmoqchi bo‘lganlarni kasaliga ham qaramasdan tinchitish kerak, toki boshqa mushtiga ishonadiganlarga o‘rnak bo‘lsin!
Shunday deya ikkinchi ariston gapga qo‘shildi. Ularning maqsadini anglagan bo‘lsam-da, javob qaytarmadim. Chunki bu ahvolda mushtlashishga to‘g‘ri kelib qolsa, ta’zirimni yeyishim kunday ravshan edi. Shu sababli garchi juda og‘ir va haqoratli bo‘lsa-da, bu ikkovining gap-so‘zlariga chidashga to‘g‘ri keladi.
— Senga yulduzni benarvon uradiganlardan deb ta’rif berishgandi. Aftidan rosa qo‘shib-chatishgan ko‘rinadi, — istehzoli kulimsirab dedi birinchi bo‘lib gap boshlagan ariston. — Aytganday, laqabingni Burgut deyishgandi, qush yurak bilan qanday qilib bunday nom olganing meni hayron qoldiryapti, aslida sendaqa birovning ortidan ish ko‘rib, osmonda uchib yuradiganlarning hammasiga bir qilib Chumchuq deb ism berish kerak. Nima deding, Jora?
— Albatta-da! Men bizga shu ishni taklif etishgandayoq buning quyonyurakligini bilgandim. Qara, bizlarni ko‘rdi-yu, ishtonini ho‘llab qo‘ydi. Xo-xo-xo! — bor ovozda bo‘xshov kuldi Jora.
Unga sherigi jo‘r bo‘ldi.
(davomi bor)
Manba: Hordiq.uz
“Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
O‘zbekistonda onkologik kasallikka chalingan ayollar bepul davolanadi
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi
Bosh kiyimsiz yurishning organizmga qanday ta’siri bor?
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”