08:58 / 07.09.2018
7 984

Nomahram... (12-qism)

Nomahram... (12-qism)
“Odamning olasi ichida boʻladi”, — deb bekorga aytishmagan ekan. Uzoqdan turib boʻlsa-da, Botir doʻkondorga xizmat qilgan, shuning orqasidan qoʻli pul koʻrgan Mardonga oʻzini opichlab katta qilgan akasining qarzga botgani bir bahona boʻldi-yu, kela solib doʻkondornikiga chopdi. Yaqinda unga “doʻkoningizni qaytarib olib beraman”, deb qattiq vaʼda qilgandi.

— Amaki, sizga zoʻr yangilik topib keldim, — darvozadan kiriboq soʻrida mastlikdan chayqalib oʻtirgan Botir doʻkondorning yelkasiga qoqdi u. — Koʻrdingizmi, meni koʻchada qoʻyib sarson qilgan, Hamida kennoyimga xiyonat qilgan oʻsha akam bugun boʻyniga katta qarzni ilib kelib oʻtiribdi.

— Xoʻsh, xoʻsh?. — Botir doʻkondor hushyor tortib oʻrnidan qoʻzgʻaldi. — Qarzga botdi, deysanmi? Kimdan?

— E, siz tanimaysiz. Qimorbozlarning kattasidan. Ertaga pulni opketishga keladi u odam.

— Xoʻsh, men nima qilay kelsa? Pul topib berib turaymi akangga?

— E, tushunmaysiz-a!? Doʻkoningizni qaytarib olish fursati yetdi.

— Qanday qilib?.

— Ichidagi bor mollarni oʻmarib, ishonchli joyga berkitish kerak. Chunki akam shu bugunoq ularni sotib, qarziga pul yigʻishni rejalashtirgan.

— Sen qayerdan bila qolding bu gaplarni?

— Axir, sizga aytgandim-ku, bir “razvedka” qilib koʻraman, deb! Kecha shaharga borib, hamma sir-asrorini bilib keldim. Agar, mollarni yashirib qoʻysak, u pul topolmaydi. Qarabsizki, oʻsha qimorbozlar akamni boplab kaltaklashadi. Kunini koʻrsatishadi. Biz esa doʻkonni qaytadan sizning nomingizga oʻtkazish harakatini qilamiz.

— Kallangga qoyilman, bola! — Mardonning yelkasiga shapatiladi Botir doʻkondor. — Xayriyat, akangga oʻxshagan tanbal boʻlmading. Sen odam boʻlasan, ha, odam boʻlasan! Qani, oʻtir, bu xabarni yuvmasak boʻlmaydi.

— Amaki, yana ichishni boshlamoqchimisiz? Tashlang, shu zormandani! Yoʻqsa, maqsadga yetolmaymiz.

— Boʻpti, sazang oʻlmasin! Ichmasam ichmabman.

— Faqat, meniyam bir shartim bor, — kulimsirab doʻkondorga tik boqdi Mardon.

— Xoʻp, aytaver!

— Ish bitgandan keyin anovi mashinani yangilab berasiz.

— Be, shuyam muammo boʻptimi?! Sen avval qoyillatgin, u yogʻini menga qoʻyib ber!.

— Boʻpti, men bir-ikkita yigitlardan topib mollarni oʻmarish payida boʻlaman.

* * *

— Sen haromiyam oʻsha xunasa akangning jigarisan-da! — Mardon chiqib ketgach, darvoza tomon oʻgirilib soʻkindi doʻkondor. — Doʻkonni oʻmarib mollarni berkitarmish! Shu yoʻl bilan akasini chuv tushirarmish! Meni battar adoyi tamom qilmoqchi, shekilli, itdan tarqagan. Yosh bola deb oʻylayaptimi meni? Shoshmay tur, bir dodingni berib, xumorimdan chiqay! Zora, qizim shoʻrlikning alamini senlardan olsam! Ha-a, hali bachchagʻar akangning koʻrsatgan kunlari, gapirgan gaplari esimdan chiqqani yoʻq. Ikkalangni shunday yovlashtirayki, bir-biringni koʻzimning oldida soʻygin, bir-biringning goʻshtingni yegin! Ana oʻshanda rostakamiga xumordan chiqaman…

Doʻkondor shoshilinch oʻrnidan turdi-da, birpas oʻylanib qoldi.

Xoʻsh, qayerga borib Mardonni oʻgʻri deya dod solsin? Melisagami? Yoʻq! Ha-a, topdi! Mahallaga boradi-da, chollarni yigʻib hammasini aytadi. Mardon akasining payiga tushibdi, deb gap tarqatadi. Doʻkonini oʻmarishga ketibdi, deydi. Ana undan keyin koʻradi tomoshaning kattasini. Xap, senlarnimi! Bu kuningdan battar boʻlasanlar!

Botir doʻkondor soʻridan tushdi-da, yoʻl-yoʻlakay kalishini oyogʻiga ilib masjidga joʻnadi.

* * *

— Aka, uygʻoning, doʻkonni oʻmarib ketishibdi!

Vaqt tungi birlardan oshgandi. Matnazar Sariboyning eshik taqillatib qichqirishidan uygʻonib ketdi.

— Nima deding? Qanaqa doʻkon? Kim oʻmaribdi?

— Sizning doʻkoningizni! Botir qariyadan sotib olingan doʻkonni!

— Nima? Q-qanaqasiga? Axir, ertaga uni sotib…

— Ha, — yerga boqdi Sariboy. — Sotib qarzdan qutulishga ulgurmadingiz.

— Menga qara, sen qayerdan eshitding bu gapni?

— Qishlogʻingizga borgandim ish bilan. Oʻsha yerda eshitdim.

— Qishloqda? Unda… Kim oʻmarganiniyam aytishgandir? Nega indamaysan? Gapirsang-chi!

— Aytsam… Xafa boʻlmaysizmi?

— Nega xafa boʻlarkanman? Gapir tezroq!

— Doʻkonni tugʻishgan ukangiz oʻmaribdi.

— Ukam? Mardon-a?

— Ha, oʻsha. Men hammasini eshitdim. Shahardan kelishlaring bilan u Botir qariyanikiga borgan. Nimalarni gaplashishgan bilmadim-u, ammo qariyaning oʻzi masjidga kelib, odamlarga aytganmish.

— Nima deb?

— Mardon akasining payiga tushgan, yaqin orada rasvosini chiqaradi, debdi.

— Shunaqami? — Beixtiyor Matnazarning mushtlari tugildi. — Hali kelib-kelib tugʻishgan ukam, bittayu bitta jigarim meni chuv tushirmoqchi boʻldimi? Menga qara, Pismiqni topish kerak.

— Hoziroq ijarada turgan uyidan uygʻotib kelaman.

— Tez kel, Mardonni qidirib topamiz.

— Uyda boʻlmasa-chi?

— U yogʻi bilan ishing boʻlmasin! Men aytgan ishni qil!

* * *

Bu gal ham omad yurishmadi. Matnazar uch kishilashib qishloqni titib chiqqan boʻlsa-da, Mardonni topolmadi. Na uyda, na doʻkondornikida, na boshqa yerda! Hech qayerda yoʻq. Doʻkonda esa, mayda-chuyda qand-qursdan boʻlak hech vaqo qolmabdi. Hammasini olib chiqib ketishgan.

“Yoʻq, oʻylardi Matnazar, — Bu ishni bir oʻzi qilmagan. Demak, qanaqadir sheriklari bor. Lekin qayerda? Kimlar oʻzi? Endi nima boʻladi? Bek akaga nima deb javob qiladi? Qimorxonadagi pullar bir milliongayam bormaydi. Qolganini qayerdan oladi?” Shu oʻy bilan ertasi kuni shomgacha izgʻidi. Na pul topdi, na Mardonni uchratdi.

Qimorboz ahli tartibni yaxshi koʻradi. Ayniqsa, kimdandir qarz undirish lozim boʻlsa, aytilgan soatda, kerak boʻlsa, daqiqasini daqiqaga ulab yetib keladi. Bek aka ham oʻzi aytgan muddatda Matnazarning qimorxonasi roʻparasida hozir boʻldi. Yonida uch nafar yigit ham bor. Matnazar ularni tanimadi. Tansoqchilari boʻlishsa kerak, har biri devday-devday keladi.

— Ja xaroba joyda yasharkansan, — dedi Bek aka hovlini bepisandlik bilan koʻzdan kechirarkan. — Senga oʻxshagan odamlar koshonada yashashi kerak. Ha, mayli, maqsadga oʻtaylik. Pullarni tayyorlab qoʻydingmi?

Matnazar yerga boqdi.

— Bugun kechasi… Doʻkonni oʻmarib ketishibdi.

— Xoʻsh, nima boʻpti? Buning pulga nima aloqasi bor?

— Men, axir, oʻsha doʻkondagi mollarni sotib, sizning qarzingizdan qutulmoqchiydim!

— Ha, gap buyoqda degin? Qimorda qarzni uzmaslik qanday oqibatlarga olib kelishini bilmasmiding?

— Bilaman, aka! Hozir… Nima qilishni bilmay qon boʻlib oʻtiribman.

— Qon boʻlib oʻtirish kerakmas, harakat qilish kerak. Men seni boshqacha tasavvur qilgandim. Afsus, boshlanishi yaxshi boʻlmadi.

— Aka, yana ikki kun muhlat bering! — Bek akaga umidvor termildi Matnazar. — Men oʻgʻrilarni, albatta, topaman. Qarzimni uzaman.

— Yoʻq, — gapni kalta qildi Bek aka. — Bizning ishda bunaqa yoʻl tutilmaydi. Qarzni vaqtida uzolmadingmi, aybingni qon bilan yuvishing kerak.

— Qanday qilib?

— Bu yerda savolni sen emas, men beraman! Bugun tunda bittasini tinchitasan. Qani, koʻraylik-chi, qassoblik qoʻlingdan kelarmikan?

Matnazar qoʻrqqandi. Bek aka oʻldirtirib yuborsa kerak, deb xayol qilgandi. Bu gapni eshitib rangiga qon yugurdi.

— Bunaqa ishlar bizga chikora, — dedi kulimsirab. — Bemalol ishonib topshirishingiz mumkin.

— Yaxshi. Unda eshit. Yoningda mening yigitlarimdan ikkitasi boʻladi. Shaharga borib Xoliq degan odamni topasan. U qassob. Senga oʻxshab qarzini uzolmagandi. Uzolmagandimas, uzishni istamayotgandi. Bir oydan beri paysalga solib yuribdi qizigʻar. Xullas, oʻshani oʻzining mol soʻyadigan pichogʻi bilan… Tushundingmi? Agar yana qovun tushirsang, mendan shafqat kutma!

— Xoʻp!

— Yana shuni yodingda tut! Yigitlarim qassobning haqiqatan oʻlganiga amin boʻlishlari lozim. Aytgancha, bu ishni doʻndirishing, qarzning yarmidan qutulding, degani.

— Tushundim.

— Boʻpti, yaxshi qol! Doʻkondan koʻnglingni toʻq qil. Biz oʻgʻrilarni topamiz.

* * *

Bek aka qoʻshib bergan ikki norgʻul yigit oʻta jiddiy va kamgap edi. Koʻz qarashlari ham qandaydir sovuq. Har qadamda yon atrofga bezovta koʻz tashlab olishni kanda qilishmasdi. Matnazar shom mahali ular hamrohligida shahardagi qassobning hovlisiga yetib keldi. Mana bu yerda turmada haqiqiy kallakesarlardan eshitgan gaplarni yaxshilab eslagan holda ish tutishi kerak. Yoʻqsa, oʻsha pichoq oʻzining koʻksiga kelib sanchilishi hech gapmas.

Yigitlar mashinani mahalladan ancha narida toʻxtatib, Matnazarning bir oʻzini qassobnikiga yuborishdi. Oʻzlari oʻsha yerda kutib turadigan, ish bitishi bilan murdani mashinaga yuklab toʻppa-toʻgʻri Bek akaning huzuriga olib ketadigan boʻlishdi. Matnazar atrofni obdon kuzatdi. Harqalay, tinch joy ekan. Mahalladan yuz metrcha narida, yoʻlning ikki cheti tutzor. Tutzor ortida bepoyon kenglik. Qorongʻida boʻlsa-da, aniq koʻrdi, kenglikda axlatxona bor ekan.

“Mana bunisi zoʻr boʻldi, — koʻnglidan oʻtkazdi u. — Qassobni oʻsha yoqqa olib oʻtsa boʻladi. Buning uchun avval anovi «dev”larga qoʻngʻiroq qilib, ogohlantirish lozim».

Matnazar atayin Bek aka vaqtinchalikka bergan qoʻl telefonni choʻntagidan chiqardi-da, kerakli raqamlarni terdi.

— Allo, nima gap? — goʻshakdan mashinadagi yigitlardan birining ovozi eshitildi.

— Men tutzorlar orqasida kenglikni koʻrdim. Axlatxonaga oʻxshayapti. Qassobni oʻsha yerga taklif qilmoqchiman.

— Yaxshi. Biz ishni bitirganingdan keyin qoʻngʻiroq qilishing bilan yetib boramiz. Faqat tezroq boʻl, vaqt ziq!

Matnazar indamay telefonni qaytadan choʻntagiga soldi-da, qassobning darvozasiga yaqin bordi. Shahar joylarda bu qadar katta hovlini birinchi koʻrib turishi edi. Garchi, devorlari baland boʻlsa-da, ularning uzunligidan qassob saroylardek hovlida yashashini bilib olish qiyin emasdi. Sekin borib darvoza tepasiga oʻrnatilgan qoʻngʻiroq tugmachasini bosdi.

— Kim u? — ichkaridan erkak kishining dagʻal tovushi eshitildi. — Kim deyapman?

Matnazar atayin indamay turaverdi. Nihoyat qassob oʻzicha nimalardir deb gʻudrangancha kelib darvozani ochdi.

— Assalomu alaykum, qassob! — Matnazar qarshisidagi boʻyi ikki metr, boshi xumday erkakka sekin qoʻl choʻzdi.

— Vaalaykum. Xizmat?

— Bilasizmi. Men bozordan bugun buqa sotib olgandim.

— Xoʻsh?

— Sal kasalmandroq ekan jonivor. Shuni soʻyib bersangiz, devdim. Uvol ketmasin.

— Qayerda buqa?

— Hov anavi yerga, tutga boylab qoʻydim. Zoʻrgʻa nafas olyapti.

— Kim aytdi meni duch kelgan yerda mol soʻyib ketaveradi, deb? Kushxonaga oboring, oʻsha yerda soʻyib berishadi.

— Aka, iltimos, musofirman, aytgan pulingizni beraman. Jonivor harom oʻlib qolmasin! Sizni shaharda eng oldi qassob deb taʼriflashgandi. Shuning uchun yugurib kelaverdim.

Bu gaplar qassobga yoqqanday tuyuldimi, sal yumshadi.

— Axir, qorongʻi boʻlsa, u yerda chiroq yoʻq.

— Aka, menda fonar bor. Yoritib turaman. Qanday yordam kerak boʻlsa, mana, oʻzim turib beraman.

— Boʻpti, hozir pichoq-arqonlarni opchiqay!

Qassob ichkariga kirib ketdi va hech qancha oʻtmay asbob-uskunasini qoʻltigʻiga qistirib orqaga qaytdi.

— Qani, koʻrsating-chi!

Matnazar qassobni tutzor tomon boshlab bordi-da, axlatxona tomonga oʻtdi.

— Qani buqa? — qassob uning ortidan oʻtib atrofga alangladi. Matnazar esa, bu orada choʻntagidagi pichoqni olib goʻyo buqa qidirayotganday qassobning orqa tarafiga oʻtdi va…

Oradan yarim soatcha oʻtib, yigitlar yordamida qassobning murdasini mashinaga ortishdi. Matnazar umid qilganidek, hech qanday ortiqcha shovqin koʻtarilmadi.
(davomi bor)

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Nomahram... (12-qism)