date

Ravshan Haydarov: U-23 terma jamoasi Osiyo kubogi uchun ruhan tayyor

Ravshan Haydarov: U-23 terma jamoasi Osiyo kubogi uchun ruhan tayyor

O‘zbekiston U-23 terma jamoasi bosh murabbiyi Ravshan Haydarov yig‘in jarayonlari va Osiyo kubogi saralash bosqichiga tayyorgarlik haqida o‘z fikrlarini bildirdi.

— Osiyo kubogi saralash bosqichiga tayyorgarlik yil davomida olib borilmoqda. Hozirgi yig‘in esa oldimizga qo‘yilgan jiddiy maqsadlarni amalga oshirish uchun tashkil etilgan. Yigitlarning jismoniy holati ham, ruhiy kayfiyati ham yuqori darajada. Ularning ko‘pchiligi klublarida asosiy tarkib futbolchisi sifatida maydonga tushib kelayotgani quvonarli holat, — dedi mutaxassis.

Haydarov so‘zlariga ko‘ra, futbolchilar yig‘inga milliy terma jamoa bahslaridan keyin kelishgani sabab ularda ishtiyoq yanada kuchaygan. — Ular MTJ safida o‘ynashni o‘z oldilariga maqsad qilib qo‘ygan va bu ularning kayfiyatini ko‘tarmoqda, — deya qo‘shimcha qildi u.

Murabbiy shuningdek raqiblarni ham tanqidsiz baholamaslik kerakligini ta’kidladi: — Hech qachon raqibga mensimay qarash mumkin emas. Avvalo o‘z o‘yinimizni yo‘lga qo‘yishimiz, keyin esa raqibni chuqur o‘rganish zarur. Falastin ancha vaqtdan beri tayyorgarlik olib boryapti, yaqinda Qirg‘iz Respublikasiga qarshi ham bahs o‘tkazdi. Biz ham raqiblar haqida yangi ma’lumotlarni yig‘ib boryapmiz, — dedi Haydarov.

Eslatib o‘tamiz, 30 avgust kuni O‘zbekiston U-23 termasi Osiyo kubogi saralashida ishtirok etish uchun Bishkekka yo‘l oladi. Haydarov shogirdlari saralashda Shri-Lanka, Qirg‘iz Respublikasi va Falastinga qarshi maydonga tushadi.

Mutaxassislar fikricha, ushbu saralash nafaqat jamoaning sport formasini, balki yosh futbolchilarning psixologik barqarorligini ham sinovdan o‘tkazadi. Muxlislar esa terma jamoa futbolchilarining maydonda qanday natija ko‘rsatishini intiqlik bilan kutmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ravshan Haydarov: U-23 terma jamoasi Osiyo kubogi uchun ruhan tayyor