Qarish – hayotning tabiiy va to‘xtab bo‘lmaydigan jarayoni. Lekin ba’zi insonlarda organizm yoshiga nisbatan tezroq qariy boshlaydi, bu esa teridagi ajinlar, sochlarning oqarishi, mushak kuchining kamayishi, ichki a’zolar va asab tizimining sustlashishi bilan namoyon bo‘ladi. Shuningdek, tez charchash, immunitetning pasayishi va metabolizmning sekinlashishi ham kuzatiladi.
Xo‘sh, nima sabablar tanani erta qaritishga olib keladi va qaysi odatlar sog‘lom qarishga yo‘l qo‘ymaydi? Keling, buning asosiy sabablarini va ulardan saqlanish yo‘llarini ko‘rib chiqamiz.
Qarishni tezlashtiruvchi odatlar
Noto‘g‘ri ovqatlanish. Shakar, oq non, trans yog‘lar va qayta ishlangan mahsulotlarni ko‘p iste’mol qilish organizmda erkin radikallar miqdorini oshiradi. Bu radikallar hujayra membranalari va DNK'ga zarar yetkazib, teri elastikligini yo‘qotadi, ajinlarni erta paydo qiladi va metabolizmni sekinlashtiradi. Shakar qondagi glyukoza darajasini ko‘tarib, gliatsiya jarayonini tezlashtiradi, kollagen tolalarini mustahkamligini yo‘qotadi va terini quritadi.
Chekish va alkogol iste’moli. Nikotin qon tomirlarini toraytirib, kislorod va ozuqa moddalarini teriga yetkazilishini kamaytiradi. Bu teri elastikligini pasaytiradi va ajinlarni erta paydo qiladi. Alkogol esa jigarni zararlaydi, toksin chiqarish jarayonini sustlashtiradi va terini quritadi.
Uyqu yetishmovchiligi. Sifatli uyqu hujayralarni tiklaydi va terini sog‘lom saqlashga yordam beradi. Uyqu yetishmasa, melatonin gormoni kam ajraladi, teri elastikligi pasayadi va immunitet zaiflashadi. Doimiy uyqusizlik stress gormonlarini ko‘paytiradi, metabolizm sekinlashadi va qarish jarayoni tezlashadi.
Kundalik stress. Doimiy tushkunlik organizmga zarar keltiradi. Kortizol gormoni ko‘payganda, yallig‘lanish jarayonlari kuchayadi, ichki organlar va teri tezroq qariy boshlaydi. Bunga noto‘g‘ri ovqatlanish, kam uxlash va zararli odatlar ham qo‘shiladi.
Quyosh nurlari. Ultrabinafsha nurlari kollagen va elastin sintezini pasaytiradi. Terining tonusi yo‘qoladi, ajinlar paydo bo‘ladi va pigmentatsiya buziladi. SPF kremlardan foydalanmaslik erta qarish belgilarini kuchaytiradi.
Kamharakatlik. Jismoniy faollik qon aylanishi va metabolizmni qo‘llab-quvvatlaydi. Mashqlarsiz organizmda mushaklar zaiflashadi, hujayra oksidlanishi ko‘payadi va qarish tezlashadi.
Erta qarishga qarshi samarali choralar
Sog‘lom ovqatlanish. Meva va sabzavotlardagi antioksidantlar (C va E vitamini, beta-karotin) hujayralarni himoya qiladi. Baliq, yong‘oq va avokado kabi omega-3 yog‘ kislotalari terining elastikligini saqlaydi. Oqsillar mushak massasini qo‘llab-quvvatlaydi va metabolizmni faol saqlaydi.
Jismoniy faollik. Haftasiga kamida 150 daqiqa yugurish, yurish yoki suzish yurak va qon tomir tizimini mustahkamlaydi. Mashqlar mushak va teri tonusini saqlaydi.
Uyqu gigiyenasi. Har kecha 7–8 soat sifatli uyqu hujayralarni tiklaydi. Elektron qurilmalardan uzoqlashish va sokin muhit uyqu sifatini oshiradi.
Stressni kamaytirish. Meditatsiya, nafas mashqlari va yoga stress gormonlarini pasaytiradi. Ijtimoiy aloqalar psixologik qarishni kechiktiradi.
Teri parvarishi va quyoshdan himoya. SPF kremlar va namlovchi vositalar terini qurishdan saqlaydi, ajin va pigment dog‘larini oldini oladi.
Zararli odatlardan voz kechish. Chekish va alkogolni kamaytirish jigar va teri salomatligini saqlaydi.
Tibbiy profilaktika. Yillik tekshiruv va laboratoriya tadqiqotlari kasalliklarni erta aniqlashga yordam beradi. Vitamin D, magniy va sink yetishmovchiligi ham qarish jarayoniga ta’sir qiladi.
Qarish jarayonini sekinlashtirish nafaqat tashqi ko‘rinishni saqlaydi, balki ruhiy va jismoniy sog‘liqni yaxshilaydi. Muntazam jismoniy faollik, to‘g‘ri ovqatlanish, sifatli uyqu, stressni boshqarish, terini parvarish qilish va zararli odatlardan uzoqlashish insonni faol, sog‘lom va sermahsul hayot kechirishga yo‘naltiradi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!