Bugun biz tibbiy nuqtayi nazardan quyoshdan himoya qiluvchi ko‘zoynakni to‘g‘ri tanlashning ahamiyati haqida so‘z yuritamiz. Ko‘pchilik uchun oddiy zamonaviy aksessuardek tuyulgan bu buyum aslida ko‘z salomatligini saqlashda hal qiluvchi o‘ringa ega. Biroq, agar ularni noto‘g‘ri tanlasangiz, foydali deb hisoblangan ko‘zoynak aksincha ko‘zga katta ziyon yetkazishi mumkin.
Ko‘zoynakning asosiy vazifasi ko‘zni inson ko‘zi uchun ko‘rinmas, ammo juda xavfli bo‘lgan ultrabinafsha nurlanishidan himoya qilishdir. Shuning uchun, avvalo, xarid qilinayotgan ko‘zoynak ishonchli filtrga ega ekanligiga ishonch hosil qilish shart. Aks holda, ular quyoshdan saqlash o‘rniga, ko‘zning ichki tuzilmalariga ko‘proq zarar keltiradi.
Ideal variant sifatida ultrabinafsha nurlarini to‘liq to‘sib qo‘yuvchi ko‘zoynak tavsiya etiladi. Bunday himoya «UV400» belgisi bilan ko‘rsatiladi. Ushbu ko‘rsatkich ko‘zoynak linzalari 400 nanometrgacha bo‘lgan ultrabinafsha spektrning barcha nurlarini to‘sishini anglatadi. Qabul qilinadigan eng past chegara — «UV380» hisoblanadi.
Yana bir muhim jihat – linzaning rangi. Masalan, kulrang va jigarrang linzalar rang idrokini deyarli o‘zgartirmaydi, shuning uchun haydovchilar uchun eng qulay va universal tanlov hisoblanadi.
Sariq yoki sarg‘ish linzali ko‘zoynaklar esa bulutli kunlarda, tong otishi yoki quyosh botishi davrida ayni muddao. Ular ko‘zga zarar yetkazuvchi ko‘k spektrni to‘sib, kam yorug‘likda ham yaxshi kontrast beradi. Biroq, bunday linzalarda rang idroki ancha buziladi.
Pushti linzalar o‘zgaruvchan yorug‘lik sharoitida foydalanish uchun mos hisoblanadi. Ular ko‘zga qulaylik bersa-da, doimiy ravishda foydalanish uchun emas, balki qisqa vaqtlarda ma’quldir.
Ana endi, noto‘g‘ri tanlovlar haqida. Moviy linzali ko‘zoynaklar ko‘pchilikka zamonaviy va ko‘rkam tuyulsa-da, aslida ko‘z uchun zararli. Ular nafaqat rangni buzadi, balki ko‘k spektrning ko‘zga to‘sqinliksiz kirib kelishini ham ta’minlaydi. Bu esa ko‘rish qobiliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Xuddi shunday, qizil linzali ko‘zoynaklar ham muvaffaqiyatsiz xaridlar qatoriga kiradi. Ular zamonaviy ko‘rinishiga qaramasdan, ko‘zning charchashiga, asab tizimining bezovta bo‘lishiga olib keladi. Shu bois bunday linzalardan faqat qisqa muddatli foydalanish tavsiya qilinadi.
Quyoshdan saqlaydigan ko‘zoynak noto‘g‘ri tanlansa ko‘zga ziyon yetkazishi mumkin
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar