Yangi tadqiqot natijalariga ko‘ra, D vitamini telomerlarning qisqarishidan asrab, inson organizmini qarish bilan bog‘liq xastaliklardan himoya qilishi mumkin. Bu haqda Mass General Brigham xabar berdi.
Ma’lumki, telomerlar — xromosomalar uchlarida joylashgan himoya qoplamalari hisoblanadi. Ular yosh o‘tishi bilan qisqaradi va turli kasalliklarning rivojlanishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Tadqiqotda qayd etilishicha, D vitamini qo‘shimchalarini qabul qilish telomerlarni saqlab qolishga yordam bergan. Platsebo bilan solishtirilganda, to‘rt yil davomida D vitamini iste’moli telomer qisqarishini sezilarli ravishda sekinlashtirgan va taxminan uch yillik qarishning oldini olgan. Shu bilan birga, omega-3 yog‘ kislotalarining ta’siri butun kuzatuv davrida deyarli ko‘zga tashlanmagan.
Olimlarning ta’kidlashicha, olingan natijalar D vitaminining to‘g‘ri qo‘llanishi biologik qarishga qarshi samarali usul bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatmoqda. Biroq, bunga aniq xulosa chiqarish uchun yana qo‘shimcha izlanishlar o‘tkazish zarur.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!