date

Olimlar yong‘oqning yangi foydali xususiyatini aniqladilar

Olimlar yong‘oqning yangi foydali xususiyatini aniqladilar
Janubiy Avstraliya universiteti olimlari inson salomatligiga oid yangi va qiziqarli kashfiyotga erishishdi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, muntazam ravishda yong‘oq iste’mol qilish inson organizmida stress darajasini pasaytiradi, ruhiy barqarorlikka ijobiy ta’sir ko‘rsatadi hamda uyqu sifatini yaxshilaydi. Bu haqda "Nutrients" jurnalida maqola chop etildi.

Olimlar ta’kidlashicha, bu ta’sir yong‘oqning ichak mikrobiotasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi bilan bog‘liq. Ma’lumki, ichak mikroflorasi ruhiy holat va kayfiyat bilan bevosita bog‘liq bo‘lib, undagi salbiy o‘zgarishlar insonning stress darajasiga ham ta’sir qiladi.

Tadqiqot doirasida 80 nafar talaba ikki guruhga bo‘lingan holda kuzatildi. Birinchi guruhga kiruvchi ko‘ngillilardan har kuni muayyan miqdorda yong‘oq iste’mol qilish so‘ralgan. Ikkinchi guruh esa odatiy ovqatlanish tartibini saqlab qolishdi.

16 haftalik kuzatuv natijalari shuni ko‘rsatdiki, muntazam ravishda yong‘oq iste’mol qilgan talabalarda uzoq muddatda ruhiy salomatlik ko‘rsatkichlari sezilarli darajada yaxshilandi, uyqu tartibi barqarorlashdi va umumiy kayfiyat oshdi.

Shu bilan birga, ikkinchi guruhdagi talabalarda, ayniqsa imtihonlar oldidan stress va ruhiy tushkunlik darajasi keskin ortib ketgani aniqlangan. Bu esa yong‘oqning organizm uchun qanchalik muhim ekanini yana bir bor ko‘rsatdi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, yong‘oqning foydali xususiyatlari uning boy tarkibi bilan bog‘liq. U miya salomatligi uchun zarur bo‘lgan omega-3 yog‘ kislotalari, antioksidantlar, melatonin, polifenollar, foliy kislotasi va Ye vitamini manbai hisoblanadi.

Olimlar bu kashfiyot kelgusida sog‘lom ovqatlanish rejalarini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etishini, ayniqsa yoshlar va talabalar uchun stressga qarshi samarali tabiiy vosita sifatida qo‘llanilishi mumkinligini ta’kidlashmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Foydali » Olimlar yong‘oqning yangi foydali xususiyatini aniqladilar