Tarix goh-gohida oʻz sirlarini insoniyat bilan boʻlishib, uni hayratga soladi. Bu sirlarda oʻziga tortuvchi ohanrabo borki, kishi beixtiyor hayrat lazzatidan bahramand boʻladi. Tarixning ana shunday goʻzal sirlaridan biri Sohibqiron Amir Temur va turklarning buyuk sultoni Yildirim Boyazid oʻrtasida uzoq yillar davomida bir-birlariga maktub yuborib turishganidir. Bu ikki sarkardani koʻpchilik oʻzaro yovlar deb biladi. Ammo haqiqatan ham shundaymi? Ziyouz.uz saytida ana shu maktublardan bir turkumi keltirildi.
Amir Temurning Yildirim Boyazidga yozgan ilk maktubi:
“Ey Rum eli diyorining podshohi, Yildirim Boyazid!
Avvalo, shuni uqib olki, biz oʻz kuch-qudrati va iqtidori ila insoniyatning katta bir qismini oʻzimizga tobeʼ qilgan hukmdorlarmiz. Bunday misli koʻrilmagan ishni oʻz jiddu-jahdimiz bilan qildik, sen kabi iqtidorni (hokimiyatni) ota-bobolarimizdan meros qilib olmadik. Yaxshilikcha, Qora Yusuf bilan Ahmad Jaloyirni yurtingdan surgun qilib, chiqarib yubor. Bizga va buyruqlarimizga boʻysunmagan hukmdorlarning oqibatlari haqida eshitgan boʻlsang kerak. Senga ham ularning boshiga kelgan musibatlar kelishidan ehtiyot boʻl!”.
Yildirim Boyazidning Amir Temurga ilk javobi:
“Ey qari koʻppak! Sen zolim kofirlarning eng ashaddiysisan. Maktubingda bizni qoʻrqitib, hiyla bilan chuv tushirmoqchi boʻlibsan. Usmonli sultonlarini ajamlarning podshohlariga oʻxshata koʻrma. Usmonli askarlari Qipchoq oʻlkasidagi tatarlar kabi nimjon, hindlar kabi boʻshang, ahmoq va yalqov emasdirlar. Usmonli askarlari Iroq va Xuroson askarlariga oʻxshagan hamiyatsiz va parishon emas, balki nihoyatda gʻururli askardirlar. Shuningdek, sen Usmonli askarlarini Shom va Halab (Mamluk) askarlariga ham oʻxshatma…
Bu maktub qoʻlingga yetib borganidan keyin, kimda kim jang maydoniga kelmay ortga chekinsa, uning xotini uch taloq boʻlgʻay!”.
Amir Temurning Yildirim Boyazidga yozgan ikkinchi maktubi:
“Sen oʻzingni Alloh yoʻlidagi mujohid, bizlarni esa nohaqdan qon toʻkuvchi kofir hamda meni munkillab qolgan bir jangchi deb oʻylaysan, chogʻi?! Bilki, men oʻtgan umrimning qirq yilini Xudo uchun jihod qilishga sarflagan odamman. Faoliyatim davomida qanchadan-qancha qalʼalar va oʻlkalarni fath qilib, yer yuzini chirkinlik va iflosliklardan tozalash bilan mashgʻulman. Ammo shu onda oʻtgan kunlarimdan koʻra yanada qatʼiyatli, yanada jiddiyroqman. Olib borilgan kurashlar asnosida qanchadan qanchasini itoat qildirganmiz, koʻpchilik bu yoʻlda biz uchun jonlarini fido qildilar. Shunday ekan, nega sizlar bizga itoat qilishdan, boʻysunishdan bosh tortmoqdasiz? Ustiga-ustak mening yoshim senikidan koʻra ulugʻroq.
Bugunga qadar qayerga yurish qilmayin, juda ham qisqa muddatda oʻsha yerni qoʻlga olganman. Sivasni ham qisqa muddatda bosib oldim. Sen esa Malatiyani qurshab olding, toʻrt oylab qamal qilding va lekin baribir bosib ololmasdan chekinishga majbur boʻlding. Ayni damda ham Sinop qalʼasiga hujum qilib, hamon bosib ololmayapsan.
Ilk maktubingdagi kabi tahdid va gʻururga berilma, aql olmas soʻzlarni ishlatishga jasorat qila koʻrma. Vaholanki, Sivasda asir olgan odamlaring orqali hozirgi ahvolingdan xabardorman. Qolaversa, musulmon musulmonni ranjitishi, xon va mollarini xarob qilishi joiz boʻlmagan ishdir. Shunday ekan, toʻgʻri javob yozishni fazilat bilib, oʻzingni va xalqingni xarob boʻlishdan qutqarib qol.
Biz bilan sulh tuzib, maʼzuringni ifoda qilgan javob maktubi yozsang, sen bilan oramizda doʻstu birodarlik rishtalari bogʻlanadi. Natijada kofir Frankka qulay fursat bermagan boʻlasan, biz ham Sivasni tark etib, orqaga qaytamiz. Bizning niyatimiz sizlarni kuchsiz holga solib, oʻzingiz bilan oʻzingizni ovora qilib, kofirning diniga yordam berish emas! Bizni ham, askarlarimizni ham kofir, dinsiz, buzuq eʼtiqodli mazhab egalari va xunuk odatli insonlar deb xomtama boʻlma! Askarlarimizning ota-bobolari musulmon boʻlishgan, ular musulmonlarning farzandlaridir. Qanday qilib ular hidoyatda boʻlmasliklari mumkin? Qolaversa, Usmonli askarlarining aksari kofirlardan tashkil topgani hech kimga sir emas.
Oliy maqsadimiz: Jahonni fath qilishdir. Saltanatimiz nomiga xutbalar oʻqilib, tangalar bosilayotir. Musulmonlarning eng buyuklari – Ulul-Amr ekanligimizga zarracha shak-shubha yoʻqdir! Bizning nasl-nasabimiz El Xoni Oli shaʼnga (el xonlarining shonli oilasi) borib taqaladi. Agar samimiy salomingiz va goʻzal ifodalar aks etgan maktub yuborsangiz har ikki tomonda ham biroz iliqlik va hurmat paydo boʻladi. Aks holda, qalamlar oʻz ishini qilichga topshiradi. Vassalom!”.
Yildirim Boyazidning Amir Temurning ikkinchi maktubiga javobi:
Zamonasining jahon sultoni – Temur Koʻragoniy!
Sivasga kelib yerlashishingni, bizning Tabrizga qarab yoʻnalganimizga solishtirib, beoʻxshov qiyoslash qilibsan. Vaholanki, biz Kefedan Shirvonga borib, u oʻlkani bosib olsak, kim bizga qarshilik koʻrsata olardi? Qipchoq xalqi sizdan bezigani uchun biz bilan istiqomat qilishni maʼqul koʻrishmoqda.
Malatiya va Sinop borasidagi iddaolaringiz ham notoʻgʻri. Urush baʼzi sabablar yuzasidan toʻxtatildi, bizning askarlarimiz ozligi, sizning askarlaringiz koʻpligi sababli yengilganimiz yoʻq. Kastamon va Karaman hokimlarining xiyonatlari va oʻsha vaqtda fursatdan foydalanib, baʼzi viloyatlarimizga hujum uyushtirishlari, bizning Malatiya va Sinopdagi qamalimizni kechiktirib qoʻydi.
Shuni yaxshi bilki, otam Ertugʻrul Xon uch yuzga yaqin askari bilan Hulagu Tatarlarining oʻn mingini yer tishlatgan va Olouddin Kayqubodning ustidan gʻolib boʻlgan. Shundan keyin davlatni boshqarish sharafiga noil boʻlgan, qirollik hirqasini kiygan. Allohning lutfi ila Saljuqiylar oilasi oʻrniga idorani oʻziga olishi hech qanday isyon yoki toʻntarishlar bilan yuzaga kelmagan.
Usmon Bey taxtga oʻtirishi bilanoq, yer yuzining toʻrt burchagidagi kofirlarga qarshi kecha-kunduz ikki yuz mingdan ortiq askari bilan jang qilgan.
Bugun saltanatimiz yulduzining toʻrtinchi halqasi yurtni boshqarmoqda. Shu kungacha biz fath qilgan qalʼa va shaharlarning adadi bizdan oldin oʻtgan sultonlarning xayollariga ham kirmagan. Bizning nazarimizda, dunyo va undagi neʼmatlar Alloh yoʻlida jihod qilish oldida somon choʻpichalik qadrsizdir. Usmonlilar askariga Abdulloh oʻgʻli (yaʼni, musulmonzoda) deb xitob qilishdan gʻururlanamiz. Chunki butun sahobayi kiromning otalari kofir boʻlsalar-da oʻzlari musulmon boʻldilar. Bunday musulmonlar insofsiz musulmonzodalardan ming chandon ustundirlar.
Sizga Sivasga harob qilib, ahli Islomning izzat-obroʻsini poymol etganingizdan soʻng nima ham deyish mumkin? Siz oʻz ayblaringizni yopishga urinmoqdasiz. Arab va fors tillarida kelgan maktublaringizda achchiq poʻpisa, qoʻpollik, kibr va gʻururdan boshqa hech narsa yoʻq. Usmonlilar oilasi hiyla bilan oʻlkalarni oʻzlariniki qilib olmaganlar.
Maktublarimiz oliy aqlli davlat arkonlarimiz bilan maslahatlashilgan holda bitildi”.
Amir Temurning Yildirim Boyazidga yozgan uchinchi maktubi:
“Xabarlarni Sungur Chovush va Hoji Boyazid orqali yoʻllaganimiz rost.
Sizlarning kofirlar bilan jang olib borayotganingizdan xabardormiz. Biz ham bu tomonda Gurji kofirlari bilan jang qilmoqdamiz. Albatta bu holatdan siz ham, biz ham baxtiyormiz. Bu ikki taraf uchun ham juda manfaatlidir.
Yozganlarimizda zarra qadar shak-shubha yoʻq.
Agar sulh tuzishga erishilsa, Misr bilan oramizni tuzatishga oid shartingiz rad qilinadi. Chunki eski Misr voliysi elchilarimizdan Iroq va Ajamlar nazdida juda ham hurmatli sanalgan Bahouddin Sovjini nohaqdan oʻldirdi. Shuningdek, uzoq vaqtdan buyon zindonda ushlab turilgan Koʻngiltoshning ozodligini soʻraganimda buyrugʻimga itoat etmasdan, shoʻri qurgʻur begunohni ham nohaqdan qatl etdi. Biz Shom va Halabga kelganimizda Misrda “Hoji” nomli elchilari kelib zindondagi Oʻtlamishni Halabga joʻnataylik, dedilar. Endi sening “Misr voliysi boʻlgan kimsa bizning oʻgʻlimizdir”, deyishingni ham munosib koʻrmadik. Uni “Sultonul-Haramayn” (ikki muqaddas yer sultoni) laqabi bilan nomlashing ham toʻgʻri emas! U “Mujavirul-Haramayn” (ikki muqaddas yerning qoʻshnisi) deyishingga ham loyiq emas, aslida.
Dushmanlarimizni oʻzingizga yaqin va doʻstlaringiz qatorida sanamangiz! Saltanat ishlari jiddiylikni, qatʼiyatlikni talab qiladi. Juda ham ahamiyat berilishi kerak boʻlgan jihatlari bisyor. Ahmad Jaloyir hozir Bagʻdod yaqinida ekan, biz ham u yerga askarlarimizni joʻnatdik. Agar u yana siz tomonga qochib kelsa, uni himoya qilib yonini olmangiz, bilʼaks, tutib bizga taslim qilishingizni talab qilamiz. Ayni damda Erzinjonga borib, yerini koʻkka sovurish uchun sarhadda turib, elchilaringizning kelishini kutmoqdamiz…”.
Yildirim Boyazidning Amir Temurning uchinchi maktubiga javobi:
“Misr hokimi bilan orangizda boʻlib oʻtgan voqealar haqidagi fikrlarimizni toʻgʻri tushunmabsizlar. Biz istasak, Misrni xohlagan paytimiz fath etishga qodirmiz. Ahmad Jaloyir yana Usmonlilarning tuproqlariga qaytsa, Qora Yusuf bilan birga ikkisini sizlarga taslim qilishimizni soʻrabsiz. Maʼlumingizkim, Hulagu “Dorus salom”ni olib, Eronning katta hududini bosib olgan vaqtda xalifaning amakisi bolalaridan bir-ikkisi Misrga, Qohira voliysi Baybarsdan yordam soʻrab borib, uning himoyasiga kirdilar. Hulaguning Bogʻdod voliysi Qorabogʻa Noʻyon Baybars bilan jang qildi. Xalifaning amakisini Misr askari deb oʻylab, uni oʻsha yerda qatl qilishdi. Qochib qutulib qolganlar esa hozirgacha Qohirada jon saqlashyapti, Hulagu Xon esa ularni qaytarib olmadi, ortidan ham taʼqib qilmadi. Endi esa bu doʻstingizni (yaʼni meni) taʼzirini yegan bir-ikki kishini himoyamga olganim uchun ayblashingiz toʻgʻri boʻlmaydi. Zero, Hulagu bu kabi juzʼiy mayda ishlardan voz kechgan edi.
Sizdan istagimiz: Sivas va uning hududlarini tark etishingizdir. Agar shunday qilsangiz, sizlarning bizga nisbatan hech qanday xusumatingiz yoʻqligini namoyon qilgan boʻlasiz. Lekin har qanday holatda Allohning taqdiridan qochib boʻlmaydi, nima boʻlganda ham bizning hech kimdan qoʻrqadigan joyimiz yoʻq!”.
Amir Temurning Yildirim Boyazidga yozgan toʻrtinchi maktubi:
“Shu ongacha sulh qilishga urindim va nihoyat, Sivasga kelishga majbur boʻldim. Kofirlarning tegirmoniga suv quymaslik, Islom diyorlarini xarob qilishdan andisha qilib, Shom tarafga ketayotib, Misr azizidan intiqomimizni olib qaytdik.
“Sizning xasta ekanligingiz xususidagi gap-soʻzlarni eshitsak-da, buni oʻzimizga qulay fursat deb bilib, foydalanib qolmadik va bunga parvo ham qilmadik. Ammo sizlar fursatdan foydalanib, bizga tegishli boʻlgan Erzinjonga kelib, voliyimizni ranjitdingiz. Bizning voliyimiz boʻlgan Tahartan (Muttahartan) oramizda sulh tuzilishidan umid qilib, sizlarning bunday qilganingiz uchun pushaymon boʻlganingizni bizga xat orqali bayon qildi. Biz ham unga ishondik va sulh uchun kelishuvga rozi boʻlishingizni oʻylab, bir necha marta maktub yozib joʻnatdik. Ammo borgan sari siz oʻz fikr doirangizda sobit qolmoqdasiz.
Sizlarning bizga va askarlarimizga nisbatan kofir va kofirdan ham ashaddiy kofirlar degan gapingiz har yerda ovoza boʻldi. Elchilaringiz Sungur va Ahmad uzoq vaqtdan beri bizning yonimizdadirlar. Musulmonligimizni va eʼtiqodimizni biladilar. Maqsadimiz Kefe va Qrimga yoʻnalish ekan, Shirvonga qaytib kelib yana Erzinjondan u tomonga borishga majbur boʻldik. Samarqandda qolgan oʻgʻlim Muʼniddin Muhammad va Sulton Bahodir ham lashkarlari bilan bizga qoʻshiladilar. Istagimiz Erzinjonga bormasimizdan va askarlarimiz shahringizga kirmaslaridan oldin Sivas, Malatiya, Elbiston, Erzinjon va Kemahning bizga taslim etilganligi borasida ishonchli bir ahdnoma yuborishingizdir.
Men sulhga qarshi emasman, balki sulh boʻlishini koʻproq men istayman. Bu kelishuvning bir nusxasi Makkai mukarramadagi Bobul Haromda yopiq bir joyda saqlansinki, keyin kimning bu kelishuvga qarshi yoki qarshi emasligi maʼlum boʻladi. Ushbu maktub Sungur, Ahmad va Hoji Boyazid orqali yuborildi”.
Yildirim Boyazidning Amir Temurning toʻrtinchi maktubiga javob maktubi:
“Temur Koʻragoniy hazratlari! Ahdnoma haqida yuborgan maktubingiz men Sivasga yetib kelgandan keyin qoʻlimga kelib tushdi. Men shu paytda kelishuv hozirligini koʻrayotgan edim hamki, nogahon kelishuvga qarshi bir maktub Qoramon qoʻzgʻolonchilari qoʻlidan qirol qoʻshini qoʻliga yetib bordi va kelishuvning kechikishiga sabab boʻldi. Davlatimiz arboblarining kelishuvlari asosida shu qarorga kelindi.
Ikkinchi maktub esa tartibsiz vaziyatda yozilib, elchi orqali joʻnatildi. Qoramon jamoati eskidan bizning sulolamizga nisbatan dushmandir, ular elchimizni oʻldirib, fitna yaxshigina kuchayguniga qadar bizdan xatni berkitishdi. Vaziyatlar yana iziga tushib ketishi ehtimoli borligini sezib, bu safar baʼzi razil kimsalarni joʻnatib, bizni shubhaga tushirib qoʻyishdi. Mazkur kimsalarning qoʻliga tushib qolib, kechikib borgan xatimizning sababini bildingiz.
Bu holatni tilyogʻlamalik deb oʻylasangiz – yoʻq! Bizning aslo dushmanimizdan yuz oʻgiradigan odatimiz yoʻqdir. Sulh va jangning jazosi ham, mukofoti ham bunga sabab boʻlgan tomonga oiddir. Agar kim bir fitnaga sabab boʻlsa, Alloh taolo uning jazosini bersin!”.
Abdulloh Rahimboyev tayyorladi
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi
O‘zbekistonda onkologik kasallikka chalingan ayollar bepul davolanadi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Bosh kiyimsiz yurishning organizmga qanday ta’siri bor?
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”