date

Oston O‘runovning driblinglari Eronda katta bahslarga sabab bo‘ldi

Oston O‘runovning driblinglari Eronda katta bahslarga sabab bo‘ldi

8-sentyabr kuni Toshkentdagi “Olimpiya” stadionida o‘tkazilgan “CAFA Nations Cup” musobaqasi finalida O‘zbekiston terma jamoasi Eronga qarshi maydonga tushdi. Qizg‘in kechgan bellashuv qo‘shimcha bo‘limlarning oxirgi daqiqalarida o‘zbek yigitlarining g‘alabasi bilan yakunlandi.

Shu tariqa, O‘zbekiston milliy terma jamoasi oradan 13-yil o‘tib, eronliklarga qarshi muhim g‘alabani qayd etdi. Ushbu natija nafaqat yurtimizda, balki qo‘shni davlat ommaviy axborot vositalarida ham keng muhokama qilinmoqda.

Eronlik taniqli sharhlovchi, 54 yoshli Mazdak Mirzeyi o‘zining ijtimoiy tarmoq sahifasida final bahsi bo‘yicha shaxsiy fikrlarini bildirib o‘tdi.

“Terma jamoamizning 13-yildan keyin o‘zbekistonliklarga mag‘lub bo‘lganini qayd etishni istamayman. Mening asosiy e’tiborim ‘Persepolis’ futbolchisi Oston O‘runovning 75 daqiqa ichida amalga oshirgan 19 marta driblingida bo‘ldi”, – deya yozadi Mirzeyi.

Shu bilan birga, Eron poytaxti Tehronning ikki yirik klubi — “Persepolis” va “Istiqlol” muxlislari orasida ham tortishuvlar kelib chiqdi.

Mahalliy nashrlardan birida e’lon qilingan xabarda quyidagicha yozildi:

“Eron terma jamoasi safidagi ‘Istiqlol’ futbolchilari — Aref Agasi, Ro‘zbeh Sheshmi va Ramin Rizoyan o‘yin davomida maxsus ravishda Oston O‘runovga nisbatan qo‘pol harakat qildi. Ular uning Pro-ligada to‘p surishini qiyinlashtirishni ko‘zlagan bo‘lishi mumkin.

Biroq O‘runovning jismoniy holati va formasi yuqori ekani oydin ko‘rindi. Hatto Eldor Shomurodov tepgan penaltini ham O‘runov ishladi”, – deyiladi xabarda.

Bu voqealardan so‘ng, o‘zbekistonlik futbolchining harakatlari Eronda ham katta qiziqish va muhokamalarga sabab bo‘ldi. Oston O‘runovning maydondagi kuchli o‘yini nafaqat muxlislar, balki ekspertlar tomonidan ham yuqori baholanmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Oston O‘runovning driblinglari Eronda katta bahslarga sabab bo‘ldi