So‘nggi yillarda sun’iy intellekt texnologiyalari hayotimizning turli sohalariga tobora chuqur kirib bormoqda. Bu texnologiya ko‘p takrorlanadigan vazifalarni bir necha barobar tez bajarish imkonini bermoqda va tabiiyki, ko‘pchilik uchun juda qulay vositaga aylandi. Shu bilan birga, uning afzalliklari qatorida ayrim kamchiliklari ham mavjud.
Masalan, biz ham o‘z tajribamizda kundalik jarayonlarni yengillashtirish maqsadida sun’iy intellektdan foydalanishga harakat qildik. Xususan, o‘zbek tilida tayyorlangan xabarlarni avtomatik tarzda rus tiliga tarjima qilish jarayonida SIdan yordam olish yo‘lini qo‘llab ko‘rdik. Ammo kecha, 12 sentyabr kuni e’lon qilingan "O‘zbekistonliklar Rossiyaga endi "zagran" pasportsiz bora oladi" sarlavhali maqolada noxush holat yuz berdi.
Aslida to‘g‘ri bo‘lishi kerak bo‘lgan ibora sun’iy intellekt tomonidan "Uzbeki teper mogut yezdit v Rossiyu bez "musornogo" pasporta" deb xato tarjima qilingan va shunday ko‘rinishda nashr qilingan. Bu orqali so‘z ma’nosining butunlay o‘zgarib ketishi nafaqat noqulay vaziyatni yuzaga keltirdi, balki o‘quvchilarda ham hayrat uyg‘otdi.
Shukrki, xatolik 13 sentyabr kuni ertalab aniqlandi va tezkor tuzatildi. Lekin bu holatdan xulosa chiqarish muhim: sun’iy intellekt yordamchi vosita bo‘lishi mumkin, lekin unga to‘liq ishonib qolish noto‘g‘ri.
Biz yurtdoshlarimizga ham shuni uqtirmoqchimiz - sun’iy intellektdan foydalanish jarayonida ehtiyotkorlikni yo‘qotmaslik zarur. Chunki bizning holatimizdagi kabi xatolar har qanday vaqtda takrorlanishi mumkin. Demak, SI imkoniyatlaridan samarali foydalanish bilan bir qatorda uning natijalarini ham inson nazoratidan o‘tkazish zarur.
Shu orqali xulosa qilish mumkinki, texnologiya qanchalik rivojlangan bo‘lmasin, uning ortida inson omili turishi va mas’uliyatli yondashuv asosiy ahamiyatga ega bo‘lib qolaveradi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!