date

Psixolog: telefonga qaram bolalarning miyasi sekin rivojlanadi

Psixolog: telefonga qaram bolalarning miyasi sekin rivojlanadi

Bugungi kunda telefon va gadjetlarga qaramlik jamiyatning asosiy muammolaridan biriga aylanib ulgurdi. Qozog‘istonlik bolalar psixologi Janar Seitmag‘ambet «Bugin LIVE» dasturiga bergan intervyusida mazkur illatning sabablari va undan qutulish yo‘llari haqida fikr bildirdi.

Mutaxassisning ta’kidlashicha, bolaga uch yoshgacha umuman telefon yoki planshet kabi qurilmalar berilmasligi zarur. Chunki aynan shu davrda bolaning ongi, muloqot qilish qobiliyati va irodasi shakllanadi.

— Qaramlik qandaydir oddiy odatdan boshlanadi. Bir xil harakatni qayta-qayta bajarish natijasida bola unga o‘rganib qoladi. Agar farzandingiz telefonni so‘ralganda osongina qaytarib bersa, unda xavf yo‘q. Ammo yig‘lab, asbobdan ajrashni istamasa, bu — signal, — dedi Janar Seitmag‘ambet.

Uning fikricha, bu kabi vaziyatda ota-ona va qarindoshlar bevosita aralashishi shart. Chunki virtual dunyo real hayotdan ustun kela boshlasa, bola tabiiy muhitdan uzilib qoladi.

— Ota-onalar farzand hayotini qiziqarli tarzda tashkil eta bilishi lozim. Chunki bola ota-ona qilgan ishni takrorlaydi. Agar ular vaqtni kitob, sport yoki ijod bilan o‘tkazsa, farzand ham shundan namuna oladi, — dedi mutaxassis.

Psixolog 11 yoshgacha bolaga faqat tugmachali telefon berishni tavsiya qildi. Bu davrda miyaning old qismi va psixoemotsional rivojlanishi barqaror bo‘lishi muhim. Uning aytishicha, telefonga berilgan bolaning so‘z zaxirasi kamayadi, tasavvuri cheklanadi va insho yozishda qiynaladi. Qisqa videolar va tezkor ma’lumotlar oqimi miyaga og‘irlik qilib, kelajakda diqqatni jamlashga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Shu bilan birga, mutaxassis telefonni mutlaqo olib qo‘yish to‘g‘ri emasligini ta’kidladi.

— Eng to‘g‘ri yo‘l — kunlik 1–2 soatdan ortiq foydalanishga ruxsat bermaslik. Qolgan vaqtda bola sevimli mashg‘ulotlari, do‘stlari bilan muloqoti yoki sportga ko‘proq vaqt ajratsin. Men o‘zim 15-yil avval uydan televizorni chiqarib tashlab, kechqurun kitob o‘qishni odat qilganman. Farzandlarim ham shu yo‘ldan boryapti. Agar bola telefonga kuchli qaram bo‘lsa, vaqtni asta-sekin qisqartirib, unga yangi odatlar shakllantirish kerak. Eng asosiysi — bola bilan samimiy suhbatlashib, uning nima izlayotganini, nima istashini anglashga harakat qilishdir, — deya xulosa qildi Janar Seitmag‘ambet.

Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, bolalarni virtual dunyodan asrab qolish uchun ota-onalarning o‘zlari ham ongli ravishda yaxshi odatlarni shakllantirishi lozim.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Foydali » Psixolog: telefonga qaram bolalarning miyasi sekin rivojlanadi