11:53 / 22.10.2018
3 003

Bolalar o‘yinchoqlari. Nimalarga e’tibor berish kerak?

Bolalar o‘yinchoqlari. Nimalarga e’tibor berish kerak?
So‘nggi paytlarda aholi orasida televideniye, radio va boshqa axborot vositalarida o‘yinchoqlarni bolalarning ma’naviyati, sog‘lig‘iga ta’siri to‘g‘risida ko‘plab fikr-mulohazalar bo‘lyapti. Boshqaruv organlarining e’tibori bu masalaga qaratilganligi bejiz emas, chunki o‘yinchoqlarning turi nihoyatda ko‘p. Ba’zilari bolaga bilim beradi, ongi o‘sishiga, dunyoqarashining shakllanishiga yordam beradi, ba’zilari esa qo‘rqitadi, ma’naviy rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bu ham juda muhim, biroq birinchi o‘rinda hozirgi kun o‘yinchoqlarining bola salomatiga salbiy ta’siri diqqat e’tibordan chetda qolmoqda.

Respublika Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazining xabar berishicha, yaqinda bir ayol bolasining tishi chiqishi jarayonini yengillashtirish uchun bolasiga bozordan o‘rdak ko‘rinishidagi o‘yinchoq sotib olib berganini yozgan, ertasi kuni ushbu o‘yinchoqni og‘ziga solib o‘ynayotgan bolasi o‘tirgan joyida qayt qilgan. Og‘zi, tishlari, tili sarg‘ayib ketganini qo‘rib qo‘rqib ketgan ayol bolasini darhol shifokorga olib borgan, bu vaqtda bolaning badaniga mayda qizil toshmalar toshib ketgan. Shifokorlar onadan bolaning qanday ovqat yegani to‘g‘risida so‘rashgan. Ona esa har doimgi taomini berganligini, avvallari bunday holat kuzatilmaganini, bir necha kun avval bozordan o‘rdakcha shaklidagi o‘yinchoq sotib olib berganini, bola esa uni og‘ziga solib o‘ynaganini aytgan. Shundan so‘ng shifokorlar bolani ichini yuvishgan, allergiyaga qarshi dorilar berishgan. Bola bir necha kun shifoxonada qolib davolangan. Buni oldini olish mumkinmidi?

Bunga javob berish uchun o‘yinchoqlarning ishlab chiqarilishi va ularning xususiyatlari to‘g‘risida ma’lumotlarga ega bo‘lishi kerak.

O‘yinchoqlar yog‘och, oyna, rezina, qog‘oz, metall, shisha, mato, mo‘yna, paxta, farfor, plastmassa va boshqa materiallardan ishlab chiqariladi. Biroq ularning ichida eng keng tarqalgan material, bu polimerdir. Polimer birikmalardan ishlangan o‘yinchoqlar yengil, elastik, rangli va sifatiga qarab chidamli bo‘ladi.

O‘yinchoqlar uchun ishlab chiqarishda polietilen, polipropilen, polistirol, polivinilxlorid, polibutilen, polimetilpropilen kabi polimerlardan foydalaniladi.

Biroq bu polimerlarga stabilizator butlovchi kam qo‘shilgan bo‘lsa, ishlab chiqarish texnologiyasiga to‘liq amal qilinmagan bo‘lsa ularning sifati buziladi va monomerlarga parchalanadi.

Polimerdan chiqayotgan yoqimsiz hid buning isbotidir. Polimerdan ajralgan formaldegid, fenol, stirol, akrilonitril, benzol, ftalatlar qo‘pol zaxarli vosita turkumiga kirishi hammaga ayon.

Polimer birikmalar tarkibidagi yuqoridagi moddalar odamlarning asab tizimi, yurak-qon tomir tizimi, jigar, me’da-ichak tizimi a’zolari hamda teriga tez ta’sir ko‘rsatadi. Birinchi salbiy alomatlaridan ko‘ngil aynishi, qayt qilish, qusish, bosh og‘rishi, aksariyat hollarda allergiyani namoyondasi terida qizil toshmalar paydo bo‘ladi. Ushbu vositalarni oz miqdorda surunkali ta’siri mutagen bo‘lib, irsiy kasalliklarga olib keladi bundan tashqari havfli o‘smalarning rivojlanishiga sabab bo‘ladi.

Ma’lumki, o‘yinchoqlarning chiroyli bo‘lishi uchun ularga bo‘yoq beriladi. Bo‘yoqlarni ham turi ko‘p, lekin ularning tarkibiga surma, mishyak (margimush), bariy kadmiy, xrom, simob kabi birikmalar qo‘shilgan. Bo‘yoqlar me’yordan ortiq yoki sifatsiz bo‘lsa bola organizmining zaharlanishiga sabab bo‘ladi. Qadimdan ma’lum, yuqoridagi elementlar zaharli bo‘lib o‘tkir va surunkali salbiy ta’siri to‘g‘risida ko‘plab manbalarda yoritilgan.

Shu bois barcha ishlab chiqarilayotgan va sotilayotgan o‘yinchoqlar ekspertizadan o‘tkaziladi, bunda quyidagilarga ahamiyat berish kerak.

1. O‘yinchoqni ishlab chiqargan korxona yoki tadbirkorning manzili ko‘rsatilganligi (yorlig‘i bo‘lishi).
2. Bolalar yoshiga qarab o‘yinchoqning og‘irligi.
3. Shakl va tuzilishiga nisbatan o‘yinchoq qulay va xavfsiz, tekis yuzali va qirg‘oqlari yaxshi ishlangan, o‘tkir burchaklarsiz, mayda va oson ajraladigan qismlarsiz bo‘lishi kerak.
4. Polimer o‘yinchoqlarning xavfli bo‘lmasligi.
5. Laboratoriyada tekshirilganligi va Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorat markazining xulosasi bo‘lishi hamda sertifikati mavjudligi.
6. Qo‘llanayotgan lak va bo‘yoqlar mustahkam va yopiq, oq bo‘lmagan, suv, so‘lak tekkanda rangsizlanmasligi. Bo‘yoq pardasi so‘lak va teri ta’siriga chidamli bo‘lishi.
7. Turli xil shaqildoqlar, sun’iy baraban va boshqa o‘yinchoqlarning shovqin darajasi me’yordan yuqori bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

DSENM laboratoriyasida o‘yinchoqlarning yuqoridagi ko‘rsatkichlar tekshirilib, gigiyenik talablarga mos bo‘lganida sanitariya-epidemiologiya xulosasi va sertifikat beriladi.

O‘tgan 2017 yil respublikada sotilayotgan 7609 o‘yinchoqlarning namunalari tekshirilgan 45 namuna sanitariya qoida va me’yorlariga mos kelmaganligi aniqlangan hamda tegishli choralar ko‘rilgan.

Bozorlarga aylanma yo‘llar bilan keltirilayotgan va sertifikatga ega bo‘lmagan o‘yinchoqlarning xavfsizligiga kafolat yo‘qligini hamma anglashi kerak.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)