Furqat baribir qaytmadi. Nasibaning ortidan yuguraverdi. Oxiri qizning qalbini zabt etdi. Endi Nasiba ilgarigidek uyalib, tortinib, yoki achchiqlanib o‘tirmasdi. Aksincha yigitga bog‘lanib borardi. Furqat deyarli har kuni uning maktabdan chiqishini kutib turar, so‘ngra ikkovlari mashinada shahar aylanishar, ba’zan kafega kirib muzqaymoq yeyishardi. Furqat qizga chin yurakdan xushomad qilardi…
Oradan hash-pash deguncha ikki yil o‘tdi. Nasiba maktabni tamomlaydigan bo‘ldi. Bu orada yanada to‘lishdi, chiroyiga chiroy qo‘shilib, sochlari uzaygandan uzaydi. Furqat har gal unga uzoq-uzoq tikilib o‘tirar, ammo negadir Nasibaga qo‘l tekkizishga jur’at etolmasdi.
— Mana, maktabni ham tugatyapsiz. — dedi u bir kuni. — Endi turmush qurish vaqti yetdi shekilli…
— Rostdanmi? — xursand bo‘lib ketdi Nasiba. — Qarang-a, kutmagandim bu gapni…
— Iye, shunchadan beri bekorga yuribmizmi uchrashib?.. Qisqasi, bugun borib onangiz bilan maslahat qiling! Keyin natijasini menga aytarsiz.
— Onam ko‘nmasalar-chi?
— Nimaga?
— Chunki u kishi boylardan qo‘rqadilar.
— Nasi, bu gapni bir aytdingiz, ikkinchi qaytarmang!.. Boylar ham odam… Hayvon emas…
— Kechiring, Furqat aka! — qizarib yerga boqdi Nasiba. — Men bu gapni…
— Bo‘pti, ertaga men sizdan javobini kutaman…
Nasiba Furqat bilan xayrlashgach, uyiga shoshildi. Qani tezroq yetsa-yu, onasiga ikki yildan beri yashirib kelgan sirini oshkor qilsa… Nima derkin-a?.. Eh, rozilik bersa, qanday baxtiyor bo‘lardi…
Hovliga kirib kelganda, tok ostidagi so‘rida onasining ikki nafar ayol bilan gaplashib o‘tirganini ko‘rib hayron bo‘ldi. Yoz emasmi, Nafosat aya ularning ro‘parasiga uydagi «ventilyator»ni yurg‘azib qo‘yibdi.
Ayollar ko‘rinishidan notanishga o‘xshadi.
Nasiba «Biror ish bilan kelishgandir-da» degan xayolga bordi-yu, salom berib o‘z xonasiga yo‘l oldi. O‘tib ketayotib, aniq sezdi. Ayollarning ikkalasi ham unga yeb qo‘ygudek termulib qolishdi. To xonasiga kirib ketguncha ham ko‘z uza olishmadi…
Ichkariga qadam qo‘yib endigina portfelini stol ustiga tashlagandi, eshik «g‘iyq» etib ochilib, onasi kirib keldi. Nasiba birdan hushyor tortdi.
— Yaxshi keldingmi, qizim? — ohista so‘radi ona.
— Rahmat, oyi!.. Imtihonlar shunaqa jonimga tegib ketdiki… Oyi, anavi xotinlar kimlar ekan?
Nafosat aya ma’noli kulib qo‘ydi.
— Ularmi?.. Seni kelin qilishga kelishibdi. Sen choy damlab chiqqin!.. Irimi shunaqa, ona qizim!..
— Nima?.. S-siz rozilik berib yubordingizmi?..
— Voy, nimaga rozilik berarkanman darrov?.. Avval sening ko‘nglingni bilay dedim…
— Kerakmas. — dedi Nasiba qat’iy ohangda.
— Nimaga, qizim?.. Axir, men surishtirdim. O‘zimizga o‘xshagan oddiygina odamlar ekan. Kuyov og‘ir-bosiq, usta yigit ekan. Bir uchrashib ko‘rsang…
— Yo‘q, oyi, men istamayman.
— Nimaga istamaysan? Nahotki, onang senga yomonlikni ravo ko‘rsa?
— Oyi, bilasizmi… — Nasiba tutila-tutila nihoyat gap boshladi. — Mening tanlaganim bor.
— Nima?..
— Iye, nimaga ensangiz qotadi?.. — onasiga tik boqdi Nasiba. — Mening boshqalardan kam yerim bormi? Mening sevib qolishga haqqim yo‘qmi?
— Voy, unaqa deyotganim yo‘q, qizginam… Xo‘sh, kim ekan o‘sha tanlaganing? Bizning mahalladanmi? Ota-onasi kim?
— U Toshkentning boshqa bir chetida turadi. — dedi Nasiba o‘ychanlik bilan. — Otasi juda katta odam.
— Boymi?
— Ha, oyi, judayam boy…
— Yo‘q, qizim, unday bo‘lsa, o‘sha yigitni xayolingdan chiqarib tashla. Biz bechorahol odamlar bo‘lsak. Boylarga tenglasha olmaymiz.
— Oyi, Furqat akam…
Nasiba qanday bu ismni tilga olganini o‘zi ham sezmay qoldi.
— U yigit juda oddiy, kamtar… Siz o‘ylaganchalik emas…
Nafosat aya sezdirmaygina yer ostidan qizining yuziga boqdi. Nasiba yig‘lagudek ahvolda edi.
— Mayli, men xolang, tog‘anglar bilan bir maslahatlashib ko‘ray-chi, keyin bir gap bo‘lar!..
Nasiba suyunganidan onaning yelkasiga osilib oldi.
***
Normat polvon Nafosat ayaning tug‘ishgan ukasi. Keng yelkali, og‘ir gavdasini sal oldinga tashlab yuradi. O‘zi dangal odam. Aytgan yeridan kesadi. Bolaligidan bozorda hammolchilik qilib katta bo‘lgan. Hozirgacha ham shu ishini tashlamadi. Uydagi to‘rt nafar churvaqalarini arava yetaklab, boylarning bozor-o‘charini mashinasigacha yetkazib berib boqadi.
Nafosat aya o‘ylab ko‘rib, singil-qaynsingillarini chaqirib o‘tirishni o‘ziga ep bilmadi. To‘g‘risi, bu ishga ayollarni aralashtirgisi kelmadi. Chamasi, hech ish chiqmasligini oldindan sezdi. Shuning uchun Normat polvonni chaqirib qo‘ya qolishni lozim topdi. Harqalay, Nasiba undan hayiqadi, ajabmas bir-ikki og‘iz qattiqroq tiysa, niyatidan qaytsa deb fikr qildi…
— Ha, opa, odamni ishdan qo‘yib nimaga chaqirib yuribsiz o‘zi? — Normat polvon o‘ziga peshvoz chiqqan opasiga yelkasini tutarkan, gina qilgan bo‘ldi. — Bugun juma bo‘lsa, e, bozorning qizig‘idan qo‘ydingiz-a!..
— Bolalaring yaxshimi, ukajon? — Nafosat aya uning gaplariga e’tibor qilmay, hol-ahvol so‘ray ketdi. — Kelin ham eson-omon yuribdimi? O‘g‘ling No‘’monjon institutga boryaptimi?
— Hammasi yaxshi, opa!.. Shularni so‘rash uchun chaqirganmidingiz?
— Voy, opam boridi, hech bo‘lmasa, oyda bir xabar olay ham demaysan…
Normat polvon beixtiyor bosh egdi. Haqiqatan anchadan beri bu xonadonga kela olmagani esiga tushib opasining yelkasiga qoqib qo‘ydi.
— Kechiring, opa, ish ko‘p-da!.. O‘zingiz tushunasiz-ku, shu hammolchilikni deb, bolalarning tashvishi deb sira ortinolmayman… Qani, ayting, nima gap o‘zi?..
— Kel, shoshiltirmasdan so‘riga o‘tir, bir piyola choy ich!.. Yo shu ko‘yi ketvormoqchimisan?
— Yo‘g‘-e, opa, odamni uyaltiravermang! O‘tiraman, o‘tiraman!.. Aytgancha, Nasiba ko‘rinmaydi?..
Nafosat aya javob berish o‘rniga, ukasining oldiga dasturxon yozib, mayda-chuydalar qo‘ydi. Choynakdagi choyni shopira-shopira piyolaga quyib Normat polvonga uzatdi.
— O‘tirgandir-da arazlab! — dedi nihoyat qo‘lidagi choydan bir-ikki ho‘plab. — Buning ham keyingi kunlarda kuydirib yedi meni.
— Qo‘ying-e, opa!.. Nasibangiz unaqa qiz emas…
— Bilaman, Normatvoy, qizim aqlli, farosatli… Ammo… Shu desang, kecha sovchilar keluvdi. Sekin surishtirib ko‘rsam, o‘zimizbop, bechoragina odamlar ekan. Kuyov ham yomon bolaga o‘xshamaydi…
— Xo‘sh, keyin-chi? — qiziqsinib Nafosat ayaning ko‘zlariga tik boqdi Normat polvon.
— Qurmag‘ur ko‘nmayapti…
— Ha, endi… Opa, o‘zingiz kap-katta xotinsiz-u, arzimagan narsani tushunmaysizmi?.. Qiz degan darrov rozi bo‘laverarmidi?.. Sal noz qilib turadi-da!..
— Yo‘q, Normatvoy, Nasiba shunchaki noz qilmayapti…
— Xo‘p, cho‘zmay ayting unda!.. Nima dardi bor ekan?
— Bir boyvachchaning o‘g‘lida ko‘ngli bor emish.
— Nima?.. Nasibaning-a? Astag‘firillo!.. Qo‘ying-e, siz shunday deb o‘ylayotgandirsiz…
— Voy, kechagina gaplashib, ko‘ngliga qo‘l solib ko‘rdim… O‘lsam o‘laman, faqat o‘shanga tegaman deyapti.
— Shunaqa deng? — Normat polvonning rangi birdan o‘zgarib, boshidagi do‘ppini yechdi-da, ko‘rpachaning ustiga tashladi. — Men jiyanimdan bunaqangi ishlarni kutmagandim… Nahotki, men bilgan o‘sha Nasiba… E, ko‘rpasiga qarab o±q uzatsa bo‘lmaydimi?..
— Bo‘pti, bo‘pti, — ukasining avzoyi buzilayotganini ko‘rgach, Nafosat aya gapni kalta qildi. — Senam pashshadan fil yasamay qo‘yaqol!.. Seni jiyaningga yaxshilab tushuntirib qo‘yarmikansan deb chaqirdim, uka!..
— Qani, chaqiring-chi, — o‘rnidan bir qo‘zg‘olib narigi yonboshi bilan o‘tirib oldi Normat polvon. — Kim ekan o‘sha boyvachcha?.. O‘zining og‘zidan eshitaylik-chi!..
Nafosat aya qizini ichkarida bo‘lsa kerak deb o‘yladimi, sekin Nasibaning yotoqxonasi tomon yo‘l oldi.
* * *
Haqiqatan, Nasiba yotog‘ida ko‘rpaga o‘ralib olgancha, ikki qulog‘ini tashqariga ding qilib yotardi. Tog‘asining kelganini bilgan bo‘lsa-da, chiqishga qo‘rqa±tgandi. Chunki tog‘asini yaxshi biladi. Darrov baqirib tashlaydi…
Shu tobda to‘satdan yotoqxona eshigi ochilib, ostonada onasi paydo bo‘ldi.
— Qizim, — dedi eshitilar-eshitilmas. — Tog‘ang keluvdi. Seni so‘rayapti.
— Meni nimaga so‘raydilar? — qaysarligi tutib yotgan yerida savol tashladi Nasiba.
— Gapi bor ekan. Tur, uyga mehmon kelsayam yotvoladimi odam degan?.. Tog‘ang senga yomonlikni ravo ko‘rarmidi?.. Otang o‘rnida ota bo‘lsa…
Nasiba indamay o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Egnidagi xalatini to‘g‘rilagan bo‘ldi-da, zarda bilan eshikni yopib tashqariga chiqib ketdi.
— Iye, o‘zimning ona qizim shu yerda ekan-ku! — jahli chiqib tursa-da, Normat polvon jilmayib Nasibani bag‘riga bosdi. — Qani, buyoqqa o‘tiring-chi, ona qiz!..
Nasiba so‘rining bir chetiga cho‘kib boshini egib oldi.
— Xo‘sh, ona qizim, nimaga oyingga ozor beryapsan?
Gapning bu qadar to‘mtoq boshlanishini kutmagan Nasiba keskin boshini ko‘tardi.
— Nima qilib ozor beribman?
— Ha endi… Men erkak kishi bo‘lsam ham… Harqalay, otang o‘rnidaman deb yuraman… Kap-katta qiz bo‘lding, qayoqdagi boylarning quruq gapiga ishonib yurishing… Undan ko‘ra, onangga quloq solsang-chi!.. U senga kimlar og‘iz solayotganini yaxshi biladi… Seni jarga itarib yubormaydi… Xullas, sevgi-pevgingni qo‘y!.. Bizning avlodimizda boy odam bo‘lmagan… Undaylar bilan bir tovoqdan ovqat yeya olmaymiz… Onangni qon yig‘latishni istamassan, axir?.. Men oyingga aytdim, yana kelishsa, o‘sha Anvar deganiga rozilik berib yuboradigan bo‘ldi… Ortiqcha gap qilib, bizlarning yuzimizni yerga qaratib yurma!.. Fe’limni bilasan. Bo‘lar-bo‘lmas gaplarni yoqtirmayman…
Nasiba bir marta tog‘asining yuziga alam aralash qarab oldi-yu, ho‘ngrab yig‘lagancha ichkariga kirib ketdi…
* * *
Oradan ikki kun o‘tdi. Sovchilar yana kelishdi. Nafosat aya bu safar ularga rozilik berib yubordi. Qudalar uch kundan so‘ng kelin-kuyovlarni yo‘liga bo‘lsayam uchrashtirib qo‘yishga kelishib olishdi. Nasibaning yuragi battar g‘ash tortib, dunyo ko‘zlariga qorong‘i bo‘ldi. Furqatga bo‘lib o‘tgan gaplarni qanday aytishni bilmay ichidan zil ketdi…
Nihoyat o‘sha kuni kech tushib, ona-bola ovqatlanib ham bo‘lishdi. Nafosat aya zalga televizor tomosha qilish uchun kirib ketdi…
Baribir aytish kerak-ku!.. Bechora qiz yig‘lay-yig‘lay, soatni o‘n qildi. Onasining uxlaganiga to‘liq amin bo‘lgandan keyin kelishilgan yerga istar-istamas ravona bo‘ldi…
Yozning bunday so‘lim oqshomlarida kechasi ko‘chada sayr qilish aslida huzur bag‘ishlaydi. Katta yo‘ldagi mashinalarning ovozi biroz kayfiyatni buzsa ham, ochiq havo bu dilxiraliklarni kesib turgandek…
Nasiba mahalla ko‘chasidan onda-sonda o‘tib turgan odamlarga e’tibor bermay, o‘zlari doim uchrashadigan yerga — mahalla chetidagi kimningdir buzilgan uyi orqasiga o‘tdi. Bu yerlarga zog‘ yaqin kelmaydi. Juda ham tashlandik joylar. Ayniqsa, kalamushlar ko‘p. Nasibaga qolsa, bu yerlarga kelish tugul, o‘ylashga ham qo‘rqardi. Biroq sevgilisi aynan shu yerni tanlagan. Nimayam qilsin?.. Muhabbat nimalarga yetaklamaydi…
Furqat har doimgidek oldin kelib mashinasiga suyangancha sigaret tutatish bilan band edi. Nasibani ko‘rib sigaretini bir chetga irg‘itdi-yu, kutilmaganda qizni o‘ziga tortdi. Nasiba haqiqatan buni kutmagandi. Sababi, shu kungacha Furqat unga qo‘l tekkizmagan. A’zoyi badani titrab ketgan qiz shoshib qoldi.
— Yo‘q! — o‘zini orqaga tashladi Nasiba. — Menga tegmang!..
— Bu nima deganing?.. — hayron bo‘ldi Furqat. — Nimaga bunday deyapsan?.. Seni sevaman-ku, axir!.. Menga qara, yig‘layapsanmi?
— Ha, yig‘layapman, Furqat aka! — dedi Nasiba ko‘z yoshlarini ro‘molchasiga arta-arta.
— Nima bo‘ldi o‘zi?.. Ochiqroq gapirsang-chi!..
Nasiba javob berish o‘rniga battarroq yig‘lay boshladi.
— Qani, ko‘zlarimga qara-chi! — uni yelkasidan tutib o‘ziga qaratdi Furqat. — Ha, ana shunday!.. Katta qiz ham yig‘laydimi?.. Qani, endi gapir-chi!.. Yo mendan ham yashiradigan sirlaring bormi?
— Sirim yo‘q… Faqat… Sizga qanday aytishni bilmayman…
— Yo‘q, yo‘q, aytasan… Sen, axir, yomon gap aytmaysan-ku!..
— Meni… Boshqaga uzatib yuborishyapti… — dedi Nasiba zo‘rg‘a.
— Nima?.. Q-qanaqasiga?.. M-men yaqin kunlarda sovchi qo‘yishimni aytgandim-ku senga!.. Oyingga…
— E, menga kim ham quloq solardi?!. — yig‘lay boshladi Nasiba. — Bo‘ldi… Hammasi tamom!.. Endi… Boshqa uchrasha olmaymiz, kechiring!..
Furqat dovdirab qoldi. Bir muddat mushtlarini tugib u±qdan-bu±qqa asabiy borib keldi. Hozirgi eshitganlari tushmi, haqiqatmi ekanini anglay olmay xunob bo‘ldi. Azbaroyi asabiylashganidan kutilmaganda Nasibaning ikki bilagidan mahkam siqib oldi.
— Menga qara, hoziroq tushuntir, nega oyingga aytmading?.. Demak, meni sevmas ekansan-da-a?.. Aldab yurgan ekansan-da-a?..
— Nimalar deyapsiz, Furqat aka?.. Nega siz ham meni qiynaysiz?.. Tushuntirdim, aytdim. Boy ekan deb ko‘nishmasa nima qilay?..
— Shunaqa degin?.. — Furqat Nasibani qo‘yib yubordi-da, mashinaga suyanib qoldi. — Boylarni uyingdagilar odam o‘rnida ko‘rishmas ekan-da!.. Tushunarli… Nahotki, sen shuncha vaqt uchrashib yurib mening kimligimni bilmagan bo‘lsang?.. Yaxshi… — Furqat mushtlarini tugib osmonga o‘ychan tikilgan ko‘yi so‘zida davom etdi. U endi rostakamiga alam bilan so‘zlanardi. — Boylar qanaqa bo‘lishini endi ko‘rsatib qo‘yaman!.. Nasi, menga qara, qochib ketmaymizmi?.. Sen axir mendan boshqasini sevmaysan-ku!.. Qanday qilib o‘zing suymagan yigitga tegib ketasan?.. Yur, seni adamning tog‘dagi dala hovlisiga olib boraman!.. U yerdan bizni hech kim topa olmaydi.
— Yo‘q, — dedi qat’iy ohangda Nasiba. — Men unaqangi qizlardan emasman… Oyimni zor qaqshatib keta olmayman… Peshonamdan ko‘rdim, Furqat aka!..
— Nahotki, sevgimiz uchun kurashishni istamasang?..
— Men kurashishga o‘rganmaganman.
— Nima?.. Hali shunaqamisan?.. Yaxshi… Unda senam eshit… Sen kurashishga o‘rganmagan bo‘lsang, men yutqazishga o‘rganmaganman… — Furqat shunday dedi-yu, Nasibani kutilmaganda dast ko‘tarib tashlandiq, xaroba uyning narigi chetiga olib ketishga chog‘landi. — Yo‘q, sen bugunoq, hoziroq meniki bo‘lasan!.. Seni birovlarga berib qo‘yadigan ahmoq yo‘q!..
— Qo‘yvoring!.. — nari borib ham o‘tirmay, yerga yotqizgancha, yuz-ko‘zlaridan tamshanib o‘payotgan Furqatni itarib tashlashga Nasibaning hadeganda kuchi yetavermadi. Lekin… Indamay yotaverish…
Aksiga olgandek, Furqat endi uning ishtoniga qo‘l yubordi.
— Qo‘yvoring dedim!.. Maraz!.. Hali siz shunaqamisiz?.. Hozir baqiraman!.. Tegmang menga!..
Yigit qo‘yib yuboravermagach, Nasiba uning bilagidan jonholatda tishlab oldi.
— Ih!.. Nima qilib qo‘yding?..
Bu orada Nasiba o‘rnidan turdi-da, ustini qoqishni ham unutib kuchining boricha uyi tomon chopib ketdi. Furqat bo‘lsa, uyoq-buyog‘ini tozalay-tozalay, ko‘karib chiqqan bilagini ushlagancha, Nasiba ketgan tomonga qarab alam bilan qichqirdi:
— Eshitib qo‘y, men hech qachon yutqazishga o‘rganmaganman!.. Bir kun kelib ko‘rasan, hammasi uchun qasd olaman sendan, bevafo, qasd olaman!..
(davomi bor)
Manba: Hordiq.uz “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi
O‘zbekistonda onkologik kasallikka chalingan ayollar bepul davolanadi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Bosh kiyimsiz yurishning organizmga qanday ta’siri bor?
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”