— Vey, Furqat, senga bir xabar opkeldim!.. — Nodir darvozadan kirar-kirmas, o‘y surib o‘tirgan Furqatning yelkasiga shapatiladi.
— Qanaqa xabar?.. — hayron bo‘ldi Furqat.
— E, o‘sha jigaringdan urgan Nasibaning erini o‘ldirib ketishibdi…
— Sen qayerdan bila qolding?
— Bir og‘aynim o‘shalarning mahallasida turardi. Bugun gap topib kepti. Emishki, kuyov bola kelin bo‘lmishni eplayolmabdi. Kasal ekan. Aytishicha, Nasibaning o‘zi o‘ldirganmish…
— Qanday qilib o‘ldiradi? O‘ylab gapiryapsanmi? Nasibaning qo‘lidan odam o‘ldirish kelmaydi…
— E, nimaga tushunmaysan? Kuyov to‘rayam bizga o‘xshab anavindan urib turarkan… Ko‘proq berib o‘ldirib qo‘ygan bo‘lishi mumkin deyishyapti…
— Bo‘lishi mumkinmas… Demak, o‘libdi, erkaklik qila olmagan ekan dedingmi?
— Ha-da!.. — Furqat beixtiyor jilmaydi. Qo‘lini fotihaga tortib, yana davom etdi. — Erkak chiqmabdi degin?.. Mayli, Xudo rahmat qilsin u yigitni… Lekin… Bu mening foydamga, eshityapsanmi, Nodir?.. Men yutdim!..
— Nima, haliyam uylanish niyating bormi? — birdan jiddiy tortib so‘radi Nodir.
— Bor… Bo‘lgandayam…
— Vey, jinnimisan?.. Erdan chiqqan juvonga-ya?..
— O‘zing aytding-ku eplayolmabdi deb? Yo noto‘g‘rimi?
— To‘g‘rilikka to‘g‘ri. Lekin… Erdan chiqqan degan nomi bor-da, o‘rtoq!.. Eshitganlar nima deydi?.. E, adang eshitsa…
— Menga baribir. — dedi Furqat qo‘llari bilan so‘rini qattiq mushtlab. — Kim nima desa deyaversin. Adamdan bo‘lsa xavotir olma!.. O‘ziyam kelin tanlayverib ja qiynalib ketgandi.
— G‘irt jinni ekansan! — qo‘l siltadi Nodir. — Shunday boyvachcha yigit qayoqdagi qalang‘i-qasang‘ini deb…
— Ovozingni o‘chir, o‘g‘il bola!.. — to‘satdan Nodirning yoqasidan oldi Furqat. — Sen kim bo‘psan menga aql o‘rgatib?.. Men bo‘lmasam, hozirgi kekkayib yurishlaring qayoqda edi?..
— S-senga yaxshi bo‘lsin dedim-da, o‘rtoq!.. Muncha jahling chiqmasa?..
— Men haqimda qayg‘urmay qo‘yaqol!.. Undan ko‘ra, men nima desam shuni qilib indamay yuraver!..
— Xo‘p, xo‘p, kamandir!.. — Nodir majburan kulib o‘rtadagi sovuqchilikni yumshatishga intilardi. — Qani, buyuring!..
— Uchrashuvga men bilan birga borasan!
— Qanaqa uchrashuv?
— Qanaqa bo‘lardi? Hoziroq borib Nasibani uyidan chaqiramiz… Sen chaqirib kelasan!..
— Yo‘q, o‘rtoq, bu gapingga qo‘shila olmayman.
— Iye, yana gap qaytaryapsanmi?
— Sen tushungin. Hozir Nasibang azali. Eri o‘lgan harqalay. Qo‘ni-qo‘shnilarning oldida sen bilan sira uchrasha olmaydi… Hech bo‘lmasa bir oycha kutmasang bo‘lmaydi…
— Ha-ya, kallam qursin! — peshonasiga mushtladi Furqat. — Gaping to‘g‘ri. Hozir borib bo‘lmaydi… Bo‘pti, bir oycha kutaylik. Ungacha o‘zini sal bosib oladi… Shu muddatda uyiga keladi-da, o‘libdimi…
— Mana endi o‘zingga kelding! — Nodir cho‘ntagidan kichik bir sellofancha chiqardi. — Yur, og‘ayni, yutug‘ingni yuvaylik! Bugungisi o‘tgan safargidan ham zo‘r!..
Furqat kulimsirab Nodirni ichkariga boshladi.
… Hash- pash deguncha oradan bir yarim oy o‘tib ketdi. Nasiba aza kunigina onasi bilan birga Nodirlarnikiga borib keldi xolos. Yurak oldirib qo‘ygandi. O‘sha yerda ham xuddi orqasidan Toshtemir kelib quchoqlab oladigandek xavfsirab yurdi. Kechki payt esa, qaynona-qaynotasining zor yig‘lab yalinishlariga qaramay, yana uyiga jo‘nadi…
* * *
… Bu nimasi yana?..
Nasiba dugonasi Latofatning Furqat to‘g‘risidagi xabarini eshitib, titrab ketdi.
— Nega keldiykin?.. Nima ishi bor menda?.. Shundog‘am yuragimga qil sig‘maydi… Uf f-f!..
Uning yuragi bezovta urar, tizzalari betinim qaltirardi. Ayniqsa, mashinasiga suyangancha jilmayib turgan Furqatga ko‘zi tushganda, peshonasida marjon-marjon ter quyilib keldi. Yaqinlashib kelarkan, Furqatga bildirmaygina nazar tashlab oldi. Ancha ozib, ko‘zlarining ostida negadir shishlar paydo bo‘libdi.
«Kasal-pasal bo‘lganga o‘xshaydi, — ko‘nglidan o‘tkazdi Nasiba. — Nahotki, meni deb?.. Tag‘in kim biladi?.. Ishqilib, bu kishiyam nashavandlikka berilmagan bo‘lsin-da!.. Berilib ko‘rsin-chi!..»
Nasiba Furqatning yonida turgan yigitni tanimasa-da, unga ham alohida salom berdi.
— Ering o‘tib qopti deb eshitdim! — dedi Furqat ehtiyotkorlik bilan. — Yaxshi ish bo‘lmabdi…
— Shuni deb ko‘ngil so‘ragani keldingizmi?
— Sen avvalgidan ham go‘zallashibsan, Nasi! — Furqat Nasibaning savoliga javob berish o‘rniga qizga qattiqroq tikildi.
— Siz bo‘lsangiz, ozibsiz!
— Seni deb kasalga chalindim-da!
— Meni deb?.. Men kim bo‘libmanki, sizday yigitni kasal bo‘lishga majbur qilsam?..
— Sen huriliqosan! — asta-sekinlik bilan xushomad qila boshladi Furqat. Bu orada Nodir kulimsirab, boshini chayqagancha, Furqatni bir turtib qo‘ydi-yu, do‘konga kirishni bahona qilib ularni yolg‘iz qoldirdi. U ketgani hamono, Furqat qizni qorong‘iroq yerga tortdi.
— Kel, jonim, men seni shunday sog‘inganmanki…
— Yo‘q… Qo‘yvoring, kerakmas!.. Hozir yuragimga sig‘maydi…
— Nega endi kerakmas? Kerak… Qani, kelaqol, jonim, o‘zingga bir to‘yay!..
Nasiba beixtiyor dimog‘ida nasha hidini tuyib Furqatni o‘zidan itarib yubordi.
— Hali… Siz ham nasha chekasizmi?..
— Nimalar deyapsan? Qanaqa nasha? — o‘zini oqlay boshladi Furqat. — Jinni bo‘lganmisan?
— Ana, hidi kelyapti!..
— Sen nashaning hidini qayerdan bilasan?
— Bilaman-da!..
— Xo‘p, qayerdan bilasan?
— Sizga nima?.. O‘sha la’nati Nodir ham…
— Ha-a, gap buyoqda degin?.. To‘g‘ri, men ham bir-ikki marta tatib ko‘rdim. Lekin buning sabablari bor.
— Qanday?
— Sen boshqasiga tegib ketding, dunyo ko‘zimga tor ko‘ringandan keyin majbur bo‘ldim… Axir, men ham o‘zimni qandaydir yo‘l bilan ovutishim kerak-ku!..
— Nasha bilan-a?..
— Nima qipti?.. Alkashga o‘xshab vino ichib yurmayman-ku!..
— Bilmadim… Buyog‘ini o‘zingiz bilasiz, Furqat aka!.. Men bunaqangi narsalarni tushunavermayman…
Nasiba shu gaplardan keyin qovog‘ini ochib Furqatga kulimsiradi. O‘z aybi esiga tushdi. Furqat esa, ishontira olganidan xursand bo‘lib Nasibani bag‘riga bosdi.
— Ishon, endi narkotik deganning yoniga yo‘lamayman. Negaki, sen yonimda bo‘lasan…
— Y-yo‘q!.. — Nasiba soni uzra o‘rmalab borayotgan qo‘llarni olib tashladi. — Meni qiynamang, Furqat aka!.. Keragi yo‘q!..
— Menga qara, — harsillagancha qizning belidan quchib qaytadan o‘ziga tortdi Furqat. — Endi meniki bo‘lishing kerak, eshityapsanmi? Faqat meniki bo‘lishing kerak!..
— Sizniki bo‘la olmayman.
— Nega?
— Men erdan chiqqanman… Siz esa…
— Jinni bo‘lma, Nasi!.. Men hammasini eshitdim… Haliyam bokira ekansan… Menga shuning o‘zi yetib ortadi… Menga turmushga chiqmasang bo‘lmaydi…
— Qaysi yuz bilan, Furqat aka?.. Rostdan ham bokira ekanimga ishonasizmi?
— Ishonaman… Chunki sen meni alday olmaysan, bilaman… Qolaversa, yuz-puzingni bilmayman… Ertagayoq sovchi jo‘nataman… Ishon!..
— O‘rtamizdagi shuncha gap-so‘zlardan keyin-a? — ishonqiramay yigitning ko‘zlariga boqdi Nasiba. — Axir, men sizni qattiq ranjitganman!..
— Buning ahamiyati yo‘q… Allaqachon jahlimdan tushganman… Kel, hozirning o‘zida hal qilib qo‘ya qolaylik!..
Nasiba yana sonida Furqatning qo‘llarini tuydi. Barmoqlar titroq ichida tobora yuqorilab borardi.
— Qo‘ying, bu ishingiz yaxshi emas. — Ikkinchi marta ham Furqatning qo‘llarini olib tashladi. — To‘y qilib oling, o‘shanda qarshilik qilmayman!..
— Ayyorsan-da, ayyorsan!.. — qizni qo‘yib yuborib kuldi Furqat. — Ja o‘zingga qattiqsan!..
— Ajab qilaman! — Nasiba Furqatning yuziga sekin shapatilab qo‘ydi.
— Unda… — Furqat qo‘l telefonini olib soatni aniqlagach, Nasibaning qo‘llarini qattiq qisdi. — Biroz kutaylik… Anavi azalaring sal eskirsin… Albatta sovchilarni jo‘nataman…
— Rostdanmi?.. Rostdan ishonasizmi bokiraligimga?..
— Ishonmasam kelarmidim? O‘zing ayt-chi!.. Bo‘pti, sherigim kutib qoldi… Men yana kelaman… Meni kutgin, jonim!..
Furqat Nasibaning yuzidan ohista o‘pib qo‘ydi-da, mashinasiga o‘tirdi…
* * *
Nasiba ikki oyni ham bir amallab o‘tkazdi. Nihoyat kunlarning birida Furqat sovchilar borayotganini aytib qoldi. Qiz o‘zida yo‘q xursand edi. Garchi hech kimga sir boy bermasa-da, ich-ichini hijron azobi o‘rtab borayotganini his qilardi.
Nasiba sovchilar keladigan kuni ertalab hovliga chiqdi. Yoz bo‘lgani uchunmi, halitdan kun qizdira boshlabdi.
Derazani ochib yubordi. Yuzlariga shu zahoti issiq shabada urildi. Yana derazani yopib hovliga chiqdi. Nafosat aya allaqachon pishir-kuydirga tushib ketibdi. Qozon tepasida kuymalanib yurgan onasini ko‘rib Nasibaning yuragi to‘lib ketdi. Darrov bo‘yniga fartugini taqib Nafosat ayaning yoniga kirdi.
— Yo‘q, qizim, sen yaxshisi, hovlilarni tozalab turgin! — uning qo‘lidan kapgirni olib qo‘ydi Nafosat aya. — O‘zing bilasan, keladiganlar boylarning odamlari. Tag‘in kulib yurishmasin. Hali zamon xolang ham kelib qolsa, ajabmas!..
Onasi aytganidek, oradan yarim soatlar o‘tib-o‘tmay, ozg‘ingina, sochi taqimini o‘pgan, oq-sariq, lekin gapdongina xolasi Naima opa bolalari bilan kirib kelib qoldi. Yana sal o‘tib Nasibaning dugonasi Latofat kelib qo‘lidan supurgini oldi. Qo‘shnilar chiqdi. Nasibalarning hovlisi to‘yxona tusini oldi hisob. Hammalari birgalashib, kechgacha somsamidi, qatlamamidi, pirogmidi, xullas, bir-biridan mazali taomlar pishirishdi. Nihoyat kun shomga yaqinlashib, qo‘shnilar tarqaldi. Hovlida Latofat-u, Naima opa-yu, ona-bolalar qolishdi. Hammalarining yuraklari taka-puka. Chunki keladigan sovchilar kichkina odamlar emas. Nasiba aytmoqchi, kuyov bo‘lmishning otasi katta bir savdo kompaniyasining xo‘jayini…
— Mustaqillik ajoyib ekan-da, opa! — dedi kulib Naima opa. — Epini topsangiz, boyib ketishingiz hech gapmas… Mana, mening o‘zimni oling, yurardim maktabning arzimagan oyligiga qarab. Bor-e, dedim-u, bozorga chiqib ketdim. Xudoga shukr, kam bo‘lganim yo‘q… Solig‘ini vaqtida to‘lab tursangiz, hech kim mushugingizni pisht demas ekan hozir…
Nafosat aya qo‘l siltab qo‘ydi.
— E, hammasi bir go‘r. Epini topsa, aldayman, yulaman deydi…
Shu payt ko‘chada mashina signal berib, kimlarningdir g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir ovozi eshitilgandek bo‘ldi.
— Kelishdi! — dedi Naima opa hovliqib o‘rnidan turarkan.
— Nasiba, yugur, xonangga kirib tur, uyat bo‘ladi! — Nafosat aya qizini turtib ichkariga undadi. — Men chaqirganimda choy damlab olib chiqasan. Udumimiz shunaqa, bilasan-ku!..
Nasiba chopganicha xonasiga kirib ketdi. Opa-singillar esa, mehmonlarni kutib olish ilinjida darvoza tomon yurishdi.
Ular hali darvozani ochib ulgurmasdan, ichkariga televizor, videomagnitofon, muzlatkich ko‘targan bir necha yigitlar kirib kelishdi. Nafosat aya hayron bo‘lib ularning ortidan qaradi.
— Kennoyi, joyni ko‘rsating, qayerga qo‘yaylik?! — hovlining o‘rtasiga borganda yigitlardan biri Nafosat ayaga yuzlandi. — Iltimos, tezroq ayta qoling, qo‘llarimiz uzilib tushay deyapti!..
— Voy, ana, ayvonga qo‘ya qolinglar!..
Bu orada hovliga bo‘ynidan bilagigacha tillaga burkangan ikki nafar ayol qo‘llarida pishiriq to‘la tog‘oralar bilan qadam qo‘yishdi. Ayollardan biri kira solib hovlini zimdan kuzata boshladi. Uyoq-buyoqni tekshirib ko‘rgach, beixtiyor lab burib sherigini turtib qo‘ydi. Lekin bu holatni uy egalari sezishmadi. Aksincha, sovchi ayollarning atrofida girdikapalak bo‘lib ichkariga yetaklash harakatiga tushishdi.
— Xush kepsizlar, aylanaylar!.. — ayollar so‘riga to‘shalgan baxmal ko‘rpachalarga istamaygina o‘tirib olishgach, Nafosat aya ikki qo‘lini ko‘ksiga qo‘ydi.
— Xushvaqt bo‘ling! — sovuqqina kulib qo‘ydi qoshlari qalin, semizligidan qovoqlarigacha shishib ketgan ayol…
Oraga bir daqiqa jimlik cho‘kdi. Uy egalari o‘ziga bu qadar oro bergan mehmonlar oldida o‘zlarini juda ojiz sezib tillarini tishlayotgan bo‘lishsa, sovchilar chamasi tezroq bo‘lg‘usi kelinni ko‘rish niyatida edilar. Bu holatni Naima opa sezib qoldi va opasini bildirmay turtib qo‘ydi. Nafosat aya ham uning nima demoqchi ekanini payqadimi, darrov o‘rnidan turib qizini chaqirdi.
— Nasiba, choy opke, qizim!..
Ko‘z ochib yumguncha hovlida patnisga choynak-piyolalarni chiroyli qilib joylashtirib olgan Nasiba paydo bo‘ldi. U boshiga ro‘mol o‘ragan, egnidagi Furqat olib bergan chet el matosidan tikilgan ko‘ylak-lozim chiroyiga chiroy qo‘shib yuborgan edi. Hayajondan lo‘ppi yuzlari lov yonar, uzun kipriklari tinimsiz pirpirardi. Uni ko‘rgandan keyin negadir sovchilarning baravariga chehralari ochildi. Nasibaga yer ostidan tikilisharkan, bir-birlariga qarab jilmayib qo‘yishdi. Shundan keyingina ayollardan biri Nafosat ayaga yuzlandi.
— Egachi, indamay o‘tirishimizni qarang-a, — dedi Nasiba muloyimgina salom berib oldilariga choyni qo‘yib ketgach. — Men kuyov bo‘lmishning ammasi Ra’noman. Bu kishi xolalari Sarvinozxon… Endi… O‘zingizdan qolar gap yo‘q… Jiyanimiz tushmagur Nasibaxonga ko‘ngil qo‘ygan ekan. Boshlaringizga ancha yomon ishlar tushibdi… Ishqilib, Xudo rahmat qilsin o‘sha yigitniyam!..
Nafosat aya indamay bosh egdi.
— Endi… — Aybga buyurmaysiz… Furqatjon hali aytganimday… Nasibaxonga ko‘ngil qo‘ygan ekan… Taqdir bo‘lsa, bir-birlarini qovushtirib qo‘ysak degan niyatda hovlingizga qulchilikka keldik, aylanay egachi!..
— Voy, judayam yaxshi-da, aylanay! — ikkovlariga bir-bir tikilib jilmaydi Nafosat aya. — Taqdir shunaqa ekan, nimayam qilardik?.. Voy, qadamlaringizga hasanot, yana bir marta xush kepsizlar!..
— Qulluq! — Ra’no opa semiz gavdasini silkitib kuldi. — Endi men sizga aytsam, Furqatjonimiz shu haftaning o‘zida Nasibaxonni to‘y qilib olib ketmoqchi…
Bu gapni eshitib opa-singillar bir-birlariga bir muddat ma’noli tikilib qolishdi.
(davomi bor)
Manba: Hordiq.uz “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi
O‘zbekistonda onkologik kasallikka chalingan ayollar bepul davolanadi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Bosh kiyimsiz yurishning organizmga qanday ta’siri bor?
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”